O‘zbekiston | 21:26 / 31.07.2025
2209
9 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlanmalar chiqargan korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi – Ekovazirlik

Ekologiya vazirligiga ko‘ra, o‘rganish davomida 20 dan ortiq korxonalar faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ro‘yxatda g‘isht, shifer, beton plita, ohak zavodlari, kimyoviy moddalar saqlash ombori, sutni qayta ishlash, fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish korxonalari bor. “Navoiyazot” ham jarima va kompensatsiya to‘lovlariga tortilib, huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat belgilangan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Navoiyda atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlanmalar chiqargan korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, vazirlik rahbariyatidan iborat ishchi guruh tomonidan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Navoiy shahri hududida atmosfera havosi ifloslanishi sabablarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan ta’sirli chora ko‘rish bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilmoqda. O‘rganish Ekologiya vazirining qat’iy topshirig‘iga ko‘ra ikkita yo‘nalishda — Navoiy shahrida kuzatilgan oq tutun manbasini aniqlash hamda shaharda sanoat tashlanmalari bilan bog‘liq umumiy ekologik holatni yaxshilash maqsadida olib borilmoqda. Qonunbuzilish holatlariga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda.

Birinchi holatda 19 iyul kuni Navoiy shahrida atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma’lumotlar to‘plangan. Navoiy shahri hududi bo‘ylab 11 ta nuqtadan ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinganda oltingugurt ikki oksidi (SO₂) belgilangan me’yordan 1,86 baravar, ammiak (NH₃) esa 1,43 baravar yuqori ekani ma’lum bo‘lgan.

Shu kuni soat 5:30 da (sobiq “Elektrokimyo” zavodi xududida) “Sogda kimyo zavod”, “Ferrosplav” va “Zarafshon industrial technology” MChJlar zavodlariga tutash hududda qisqa vaqtning o‘zida konsentranlangan tashlanma shakllantirilgan videotasmasi dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Ushbu korxonalarni tekshirish davomida:

— “Sogda kimyo zavod” MChJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani, o‘z hududida betartib chiqindixona yaratgani hamda qurishi jarayonida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarini hududidan tashqarida joylashtirgani, zararli moddalar ochiq hovuzda saqlanayotgani, zararli moddalarni eritish jarayonida hosil bo‘lgan kislotali suvlar ochiq relefga tashlangani, atmosfera havosiga nazoratsiz tashlanmalar chiqarayotgani aniqlangan. Atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jami 7 mlrd 382 mln so‘m to‘lovlar belgilangan;

— “Ferrosplav” MChJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olmasdan faoliyat yuritayotgani, xomashyoni eritishdan hosil bo‘layotgan ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga chiqarilayotgani va sanoat chiqindilari betartib to‘planayotgani aniqlangan;

— “Zarafshon industrial technology” MChJ esa davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablarni bajarmagani, ruxsat etilgan me’yordan vodorod sulfid 25 baravar, azot oksidi 12 baravar, ammiak 7 baravar, oltingugurt qo‘sh oksidi 2,6 baravar, vodorod sulfid 40 baravar yuqori ekani va oltingugurt saqlash omborxonasida zararli moddalarni saqlash talablariga rioya etilmagani aniqlangan.

Mazkur sanoat korxonalari atrof-muhitni ekologik normativdan ortiq darajada ifloslantirgani va belgilangan qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgani sababli Ekologiya vazirligi tomonidan ularning faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Mazkur korxonalarga ekologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muddat berilgan. Ushbu muddat ichida korxonalar o‘z faoliyatini ekologik talablarga moslagan holda yo‘lga qo‘ymasa, sudga tegishli ravishda ularning faoliyatini tugatish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilishi belgilangan.

“Ikkinchi holatda, Navoiy shahrida umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha 3 ta guruh shakllantirilib, shahar va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda.

Bugunga qadar 42 ta korxona o‘rganilib, ekologiya sohasidagi qonun talablariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima choralarini qo‘llash uchun sud organlariga materiallar tayyorlandi.

Shu bilan bir qatorda o‘rganish davomida 22 korxona – “Qurilish mahsulotlari” (g‘isht zavodi), “Navoiy global trans servis” (granit), “Ittifoq” (g‘isht zavodi), “Qizilqum temir beton” (plita), “Qizilqum shifer” (shifer), “Stroykom-77” (bo‘yoq pegmenti), “Karmana kvars” (ohak zavodi), “Navoiy util med” (tibbiyot chiqindilarni yoqish), “Navoiy asir invest” (kimyoviy moddalar saqlash ombori), “Barno” (qurilish chiqindi poligoni), “Navoiy sheben xomashyo” (ohak va tosh maydalash sexi), “Navoiy sheben xomashyo” (ohak zavod), “Navoiy asir invest savdo” (sirka kislotasi omborxonasi), “Montaj servis malikrabot” (metallga ishlov berish), “Karmanasut” (sutni qayta ishlash), “Alibobo-2020” (temir eritish), “Fosxim agro” (fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish), “Jahon biznes baraka servis” (ohak sexi), “Rubin-Karmana” (asfalt zavodi), “Sogda kimyo zavod” (kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish), “Ferrosplav” (metall eritish) MChJlar, “Parda bobo ustaxonasi” (beton blok) faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagani, atmosfera, yer va suv muhofazasi bilan bog‘liq talablar qo‘pol ravishda buzilgani, betartib chiqindixonalar yaratilgani sababli ularning faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu korxonalarga ham 10 kunlik muddat berildi. Kamchiliklarini bartaraf etmagan 19 ta korxonalarning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritildi” deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari, “Navoiyazot” faoliyati o‘rganilganda, korxona hududida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilari belgilanmagan joylarda saqlab kelingani, qurum chiqindisi yoqib yuborilishi oqibatida atmosfera havosi ifloslantirilgani aniqlangan.

Shuningdek, 29 iyul kuni korxonaning karbamid sexida olingan tahlil natijasida ammiak belgilangan me’yoridan 1,08 marotaba yuqoriligi, 29 iyuldan 30 iyulga o‘tar kechasi “Navoiyazot” AJ atrofida o‘tkazilgan tahlillar natijasida soat 23:43 da sharqiy hudud atrofida ammiak moddasi miqdori 1,5 marta, vodorod sulfidi 36 marta, soat 00:16 da g‘arbiy hudud atrofida ammiak moddasi miqdori 6,6 marta, vodorod sulfidi 1,4 marta, oltingugurt to‘rt oksidi moddasi 1,2 marta me’yordan yuqori chiqishi holati aniqlangan.

Oqibatda korxona jarima va kompensatsiya to‘lovlariga tortilib, huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat belgilangan.

Joriy yilning 24 iyul kuni tungi vaqtda o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbiri davrida Navoiy shahriga chegaradosh Karmana tumanining tog‘li hududida 24 nafar fuqaro tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz, ekologik me’yorlarga mutlaqo zid bo‘lgan noqonuniy ohak ishlab chiqarish faoliyati olib borilayotgani, natijada atmosfera qora tutun va changlar bilan ifloslantirilayotgani aniqlangan. Oqibatda jami 24 nafar fuqaroga nisbatan 18 mln so‘m jarima belgilangan hamda noqonuniy qurilmalar buzib tashlangan.

Qayd etilishicha, Navoiy shahri bo‘ylab o‘rganishlar davom etmoqda. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha Navoiy shahri atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishda har bir korxona kesimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ekologik tadbirlar dasturi shakllantiriladi hamda tasdiqlash uchun mahalliy kengashga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, 13, 19, 21 va 22 iyul kunlari Navoiy shahrini o‘tkir hidli qalin tutun qoplab, odamlarda yo‘tal va boshqa asoratlarni keltirib chiqargan. “Navoiyazot” bir necha bor bayonotlar berib, bu tutunga zavodning aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Zavodda o‘rnatilgan kamera tasvirlaridan changsimon tutun sobiq elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqayotganini ko‘rish mumkin. Viloyat Ekologiya boshqarmasi avvaliga holat bo‘yicha “Navoiyazot”ni ayblayotgan edi, lekin kompaniyaning qat’iy raddiyalaridan keyin ekologiya organi asl sababchilarni qidirishga kirishgandi.  

Mavzuga oid