O‘zbekiston | 17:01 / 05.08.2025
3670
2 daqiqa o‘qiladi

Chimyonda yuk mashinalari qurilish chiqindilarini soyga to‘kib ketayotgani ma’lum bo‘ldi

Bo‘stonliq tumani Chimyon mahallasining tog‘li hududida soyga tonnalab qurilish chiqindilari tashlab kelingani oydinlashdi. Bu ishni qilgan ikki huquqbuzar topilib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tog‘li hududga noqonuniy ravishda qurilish chiqindilari to‘kib kelingani aniqlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat aks etgan video lavha tarqaldi.

Video lavhada bir nechta yuk mashinalari hududdagi soyga qurilish chiqndilarini to‘kib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Chuqurlikda to‘plangan chiqindidan bu yerga 1-2 mashina emas, tonnalab qurilish chiqindisi tashlanganini bilish qiyin emas.

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, holat Bo‘stonliq tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat ekologik nazorati inspektorlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida ikki fuqaro tomonidan chiqindilar belgilanmagan joyga joylashtirilganligi aniqlangan.

Huquqbuzarlik bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi ko‘rilgan.

Kun.uz’ning Ekologiya vazirligidagi manbasi ushbu holatda boshqa aybdorlarni ham topish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hududga kamera o‘rnatilib, to‘liq nazoratga olinadi.  

Mavzuga oid