O‘zbekiston | 22:12 / 05.08.2025
2023
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda bir qancha davlat yetakchilari bilan uchrashdi

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashdi. Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Gruziya bosh vazirining joriy yil mart oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarboyjon bosh vaziri Ali Asadov bilan uchtomonlama uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro tovar ayirboshlash izchil ortib borayotgani, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi va qator madaniy tadbirlar natijadorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid