Jahon | 21:45 / 07.08.2025
3455
13 daqiqa o‘qiladi

Kreml va Oq uy uchrashuvga tayyorlanmoqda. Lekin hozircha ko‘p savollar ochiq qolmoqda

Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar qachon va qayerda o‘tkaziladi? Putin Zelenskiy bilan ham uchrashadimi? Trampning ultimatumi nima bo‘ladi?

Win McNamee / Getty Images

Moskva va Vashington kecha Kremlda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Vladimir Putin va Donald Trampning shaxsan uchrashuvi bo‘yicha kelishib olinganini tasdiqladi. Muzokaralar uchun joy allaqachon tanlangan, ammo u hozircha sir saqlanmoqda. Muzokaralar sanasi hali aniq emas, biroq Kreml gap kelasi hafta haqida ketayotganini bilvosita tasdiqladi. Uchinchi muhim savol ham ochiq qolmoqda: sammit tashabbuskori kim?

Qachon?

Chorshanba kuni Kremlda Putinning Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uch soatlik muzokaralari bo‘lib o‘tdi, bu uchrashuvning asosiy natijasi – urush boshlanganidan beri birinchi Rossiya-Amerika sammitini o‘tkazish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov uchrashuv «keyingi haftadayoq», ya’ni 11-17 avgust kunlari oralig‘ida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi, ammo unga tayyorgarlik qancha vaqt olishi hozircha noma’lum ekanini qayd etdi.

«Mo‘ljal keyingi hafta deb belgilab olindi, ammo tomonlar ushbu muhim uchrashuvga bevosita tayyorgarlik ko‘rishga endi kirishmoqda va tayyorgarlik qancha davom etishini hozircha aytish qiyin. Uchrashuvni keyingi hafta davomida o‘tkazish varianti ko‘rib chiqilgan», – dedi u payshanba kuni ertalab.

6 avgust kuni New York Times va Reuters ham sammit kelasi hafta o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozgandi, CNN esa Tramp kelasi haftada uchrashishni xohlayotgan bo‘lsa-da, bo‘lajak muzokaralar va logistika qiyinchiliklarini hisobga olgan holda bunday muddatda uchrashuv o‘tkazish qiyin bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Telekanal manbasi muzokaralarni tashkillashtirishga ikki haftagacha vaqt ketishi mumkinligini bildirgan.

Trampning o‘zi jurnalistlarga shunday degan: «Uchrashuv tez orada o‘tkazilishi ehtimoli yuqori».

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Oq uydagilar zudlik bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan. Odatda prezidentning safarini va boshqa davlatlar yetakchilari bilan muhim uchrashuvlarini rejalashtirish vaqt talab qiladi, biroq Tramp o‘z jamoasidan tezkor harakat qilishni so‘radi, deb xabar berdi telekompaniya manbalari.

 Stiv Uitkoff Kremlni tark etmoqda, 2025 yil 6 avgust

Qayerda?

Ushakov tomonlar uchrashuv o‘tadigan joy haqida kelishib olganini aytgan, lekin bu haqda keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.

«Hozir amerikalik hamkasblarimiz bilan birgalikda ushbu uchrashuv parametrlari va uni o‘tkazish joyini aniq ishlab chiqishga kirishmoqdamiz. Darvoqe, shuni ta’kidlash joizki, o‘tkazish joyi ham, umuman olganda, kelishilgan va bu haqda biroz keyinroq ma’lum qilamiz», – dedi Ushakov.

OAV mezbon yoki shu vaqtgcha bir necha bor bunday uchrashuv uchun o‘z hududini taklif qilgan Turkiya (ushbu mamlakatda allaqachon Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tgan), yoki Yaqin Sharq mamlakatlaridan biri, masalan, Birlashgan Arab Amirliklari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Payshanba kuni Putin Kremlda BAA prezidenti Muhammad al-Nahayon bilan uchrashdi. Muzokaralardan so‘ng jurnalistlar Putindan hech bo‘lmaganda «joyni ko‘rsatish»ni so‘rashdi.

Putin sirni oshkor qilmadi. «Bunday tadbirni tashkil etishda bizga yordam berishga tayyor bo‘lgan ko‘plab do‘stlarimiz bor. Do‘stlarimdan biri – BAA prezidenti. O‘ylaymanki, biz buni hal qilamiz, lekin bu juda mos joylardan biri bo‘lardi», – dedi u.

Shu bilan birga, CNN telekompaniyasi sammitni o‘tkazish joyi hali aniqlanmagani, Oq uydan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bir nechta variantlar muhokama qilinayotgani haqida xabar berdi.

Tashabbuskor kim?

Hozircha javobsiz qolayotgan yana bir muhim savol bor.

Kremlda Uitkoff bilan muzokaralarda Rossiya va AQSh prezidentlari uchrashuviga tayyorgarlikni boshlash taklifi kimdan chiqqani haqidagi savolga javoban Moskva va Vashington bir-birini ko‘rsatmoqda.

«Rossiyaliklar prezident Tramp bilan uchrashish istagini bildirishdi va prezident ham prezident Putin, ham prezident Zelenskiy bilan uchrashish uchun ochiq. Prezident Tramp bu shafqatsiz urush tugashini istaydi», – dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt.

Ushakov esa taklif amerikaliklardan bo‘lganini ta’kidlagan. «Amerika tomoni taklifiga ko‘ra, yaqin kunlarda oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi», – dedi Putinning yordamchisi.

Putinning o‘zi jurnalistlarning sammit tashabbuskori kim bo‘lganini aniqlashtiruvchi savoliga javob berishdan qochdi. «Ikki tomondan ham qiziqish bildirildi. U yerda nima bo‘lgani, birinchi bo‘lib qanday so‘z aytilgani – endi ahamiyatsiz», – dedi Rossiya prezidenti.

Muzokaralarda Zelenskiy qatnashadimi?

Moskvaning versiyasiga ko‘ra, uchrashuv Zelenskiy ishtirokisiz o‘tishi aniq. Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin bilan muzokaralarda Uitkoff uch tomonlama uchrashuv «g‘oyasini tilga olgan», biroq Moskva bu taklifni izohsiz qoldirgan.

«Kecha Vashingtonda negadir gap ochilgan uch tomonlama uchrashuv variantiga kelsak, bu variant Kremldagi uchrashuvda Amerika vakili tomonidan shunchaki tilga olingan. Ammo bu variant aniq muhokama qilinmadi. Rossiya tomoni bu variantni mutlaqo, umuman izohsiz qoldirdi», – dedi Ushakov.

Bugun jurnalistlar Putindan shu haqda ham so‘rashdi. «Zelenskiy bilan nima gap? U bilan uchrashuv bo‘ladimi?» – deb so‘ralgan savolga javoban u yaqin kelajakda uchrashuv bo‘lishi imkoniyatini qat’iyan rad etdi.

«Men umuman hech narsaga qarshi emasligimni bir necha bor aytganman, buning ham ehtimoli bor. Lekin buning uchun muayyan shart-sharoitlar yaratilishi kerak. Ammo bunday sharoitlar yuzaga kelishiga, afsuski, hali ancha bor», – dedi Putin.

Kecha uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan The New York Times nashriga ko‘ra, Tramp avvaliga Putin bilan shaxsan uchrashmoqchi, ko‘p o‘tmay esa Putin va Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

AQShdan berilayotgan izohlarga ko‘ra, Zelenskiy ishtirokidagi uchrashuv bo‘lishi ehtimoli bor. Davlat kotibi Marko Rubioning aytishicha, hozirda Vashingtonda Rossiya urushni tugatishga tayyor bo‘lgan shartlar haqida tushuncha paydo bo‘lgan va AQSh buni «yevropaliklar rozi bo‘ladigan va ukrainaliklar tayyor bo‘ladigan narsalar bilan solishtirishi» kerak. «Agar biz pozitsiyalarni yetarlicha yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘lsak <...>, unda prezident ikkalasi – Putin va Zelenskiy ishtirok etadigan uchrashuv o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi», – dedi Rubio.

«Albatta, so‘nggi so‘z Ukrainada, – dedi AQSh davlat kotibi. – Ammo biz tomonlarni va ularning pozitsiyalarini shunchalik yaqinlashtirishimiz kerakki, asosiy muzokarachi – prezident Tramp qo‘shilishi va ishni oxiriga yetkazishi mumkin bo‘lsin».

Zelenskiy, o‘z navbatida, uchta format muhokama qilinayotganini ma’lum qildi, ulardan ikkitasi – ikki tomonlama uchrashuvlar (u aynan kim bilan ekaniga aniqlik kiritmadi) va bittasi – uch tomonlama uchrashuv. «Ukraina uchrashuvlardan qo‘rqmaydi va Rossiya tomonidan ham shunday dadil yondashuvni kutadi. Urushni tugatish vaqti keldi», – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy bir necha marta Putin bilan uchrashuvga tayyorligini bildirgan. Ukraina mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishning asosiy sharti o‘t ochishni to‘xtatish ekanini aytib kelmoqda. Putin hozirgacha bu taklifni rad etib keladi.

Uchrashuvda aynan nimalar muhokama qilinadi?

Rossiya rasmiylaridan hech kim muzokaralarning taxminiy mazmuni haqida gapirmadi. Biroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio maxsus vakil Uitkoffning Rossiya prezidenti bilan uchrashuvidan so‘ng Fox Business telekanali efirida Kremldagi muzokaralarda Rossiya talablari muhokama qilinganini ma’lum qildi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubioning aytishicha, hozir asosiy masala hududlar masalasi bo‘lib, «muzokaralarning ma’lum bir bosqichida» o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinishi kerak.

Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp yevropalik ittifoqchilariga agar tomonlar «hududlarni almashish masalasi»ni muhokama qilishga rozi bo‘lsa, Putin tinchlik muzokaralariga kirishga tayyor bo‘lishini aytgan. Agentlik «ayirboshlash» deganda nima nazarda tutilganiga aniqlik kiritmagan. Putin Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarini o‘z ma’muriy chegaralari doirasida Rossiya hududi sifatida tan olishni talab qilmoqda, ammo Rossiya armiyasi bu oblastlarning hech birini to‘liq egallab olmagan. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Xarkiv va Sumi oblastlarining kichik qismini ham egallab turibdi - Rossiya bu hududlarni anneksiya qilish haqida e’lon qilmagan.

Polshadagi yirik Onet.pl yangiliklar sayti Trampning Putinga takliflarini e’lon qildi. Jurnalistlar bu ma’lumotlarning manbalarini ko‘rsatmagan, shu bilan birga Tramp kecha o‘z rejasini yevropalik ittifoqchilari bilan muhokama qilgani ma’lum. Polshalik jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, bu reja o‘t ochishni to‘xtatish (lekin tinchlik shartnomasini tuzish emas), hududiy masalalarni hal qilishni 49 yoki 99 yilga kechiktirish (ya’ni bosib olingan hududlar ustidan Rossiya nazoratini amalda tan olish), shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning aksariyatini bekor qilishni o‘z ichiga oladi. Rejada NATOni kengaytirishdan voz kechish va Ukrainaning alyansga qo‘shilmasligiga kafolat yo‘q, Putin buni bir necha bor harbiy harakatlarni to‘xtatishning asosiy shartlaridan biri deb atagandi.

Zelenskiy Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga tayyormi yoki yo‘qligi haqida javob bermaganini eslatdi. Bu haqda u Germaniya kansleri Fridrix Mers va Emmanuel Makron bilan telefon suhbatlaridan so‘ng aytib o‘tdi. Ukraina prezidenti bir kun oldin Tramp bilan ham gaplashgandi.

«Shuni yodda tutingki, chinakam otashkesim zarur. Ukraina bunga tayyor, Rossiyadan esa hozircha aniq oshkora javob yo‘q. Shuning uchun yaqin vaqt Rossiya urushni cho‘zishda davom etsa va konstruktiv sa’y-harakatlarni barbod qilsa, oqibatlari qanday bo‘lishini ko‘rsatish kerak», – deydi Zelenskiy.

Trampning ultimatumi nima bo‘ladi?

AQSh prezidenti Putindan Ukrainadagi harbiy harakatlarni 8 avgustgacha to‘xtatishni talab qilgan, ya’ni uning ultimatumi ertaga tugaydi. Aks holda, u Rossiyadan neft sotib olayotgan savdo hamkorlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgan.

Rossiya neftining eng yirik xaridorlari – Xitoy va Hindiston. Kecha Tramp Hindiston uchun qo‘shimcha 25 foizlik bojlar joriy qilmoqchi ekani, ammo ular faqat sentabr oyida kuchga kirishi kerakligini aytdi. Tramp Putin bilan uchrashuv bo‘yicha kelishuv munosabati bilan ultimatumdan voz kechganmi yoki yo‘qmi, noma’lum.

Bloomberg kecha Tramp muzokaralarda «o‘sish» borligini e’lon qilganidan so‘ng ham, AQSh prezidenti va boshqa rasmiylar qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish haqida gapirishda davom etdi. Tramp nafaqat Hindistonga, balki boshqa davlatlarga, jumladan, Xitoyga qarshi «ko‘proq ikkilamchi sanksiyalar»ni va’da qildi. Shu paytgacha u hech qachon Xitoy Rossiya neftini sotib olayotgani uchun bojlarni oshirish bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid qilmagandi.

Agar uchrashuv bo‘lib o‘tsa, bu Putin prezident Jo Bayden bilan 2021 yilda Jyenevada uchrashganidan beri ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi birinchi uchrashuv bo‘ladi.

Mavzuga oid