O‘zbekiston | 23:24 / 07.08.2025
4312
5 daqiqa o‘qiladi

Mukofotga nomzod prezidentlar, «tonirovka» uchun yangi taklif va uy hayvonlarini majburiy ro‘yxatga olish - mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz'da yoritilgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari Lev Tolstoy mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi

«Rossiyskiy fond mira» xalqaro jamoat fondi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon va Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarovni xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni ta’minlash, ko‘p qutbli dunyo barpo etish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Lev Tolstoy nomidagi xalqaro tinchlik mukofotiga nomzod etib ko‘rsatdi.

Lev Tolstoy nomidagi xalqaro tinchlik mukofoti uchinchi jahon urushi boshlanishi xavfiga qarshi kurashishga qaratilgan faoliyatdagi alohida xizmatlari uchun; xalqaro huquq ustuvorligi asosida umumiy va teng xavfsizlikni ta’minlashga, qurollanish poygasini to‘xtatishga, ko‘p qutbli va zo‘ravonliksiz dunyo qurishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun beriladi.

«Tonirovka» uchun yozda arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin

Ichki ishlar vazirligi may va yoz oylarida arzonlashtirilgan narxda «tonirovka» uchun ruxsatnoma berishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik uchun e’lon qildi.

Unga ko‘ra, yengil avtomobillarning orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1 maydan 31 avgustgacha beriladigan ruxsatnoma yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Loyiha 22 avgustgacha muhokamaga qo‘yilgan.

It, mushuk, qoramol va boshqa hayvonlarni majburiy ro‘yxatga olish talablari belgilandi

«Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar – qoramol, ko‘y, echki, tuya, ot, cho‘chqa, it va mushuk belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi kerak. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mazkur sohada vakolatli davlat organidir.

Qonunda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning muddatlari ham belgilandi.

Xorijga viza olish va ishga jo‘natishni va’da qilgan firma odamlarni aldab ketgani aytilmoqda

Yevropa davlatlariga ishga jo‘natish, viza olishda yordam berishni va’da qilgan firma ko‘plab odamlarni chuv tushirgani aytilmoqda.

Tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, mashhur blogerlar yordamida o‘zini reklama qilib, mijozlarni to‘plagan ADWorld firmasi kishi boshiga salkam 6 mlndan 26 mln so‘mgacha to‘lov qildirgan, ammo bu to‘lovga yarasha xizmat ko‘rsatmagan. Endi fuqarolar pullarini qaytarib ololmayotganidan norozi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchi huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelayotgan firmalar qatorida ADWorld firmasiga ham huquqiy choralar qo‘llagan.

M-39 yo‘lining ayrim qismida harakat tezligi 130 km/s gacha oshirilishi mumkin

Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida ishchi guruh a’zolari Surxondaryo viloyatidagi M-39 Olmaota–Bishkek–Toshkent-Shahrisabz–Termiz avtomobil yo‘lining Termiz–Boysun yo‘nalishida harakatlanadigan avtotransport vositalarining harakatlanish tezligini soatiga 130 kilometr qilib belgilash bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkazish, o‘rganish ishlarini amalga oshirdi.

Bunda M-39 avtomobil yo‘lining ayrim qismida tezlik me’yorlarini o‘zgartirish, beton to‘siqlar o‘rnatish, yo‘l belgilarining yaroqsiz holga kelib qolganini yangisiga almashtirish, xavfli burilishlarga yo‘l belgisini o‘rnatish zarurligi aniqlandi.

Mavzuga oid