Jahon | 12:14
1798
12 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onlar deportatsiyasi, Tojikistonga yordam, AES va matbuotga ta’sirning qirqilishi – MO hafta ichida

Pokiston afg‘onlarning deportatsiyasini avj oldirdi, 1,4 mln afg‘on davlatdan quvilishi kerak. Jahon banki Tojikistonga 50 mln dollar pul berishini e’lon qildi. Qozog‘istonda birinchi AESning qurilishi boshlandi. Qirg‘izistonda matbuotga chet el ta’siri cheklandi. Turkmaniston oylab tayyorgarlik ko‘rgan tadbirini o‘tkazdi, mehmonlar ichida BMT bosh kotibi ham bor.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Jahon banki Tojikistonga 50 mln dollar beradi

Jahon banki Ijroiya kengashi 50 million dollar miqdoridagi grant mablag‘larini islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Tojikistonga berish qarorini ma’qulladi. 

Tojikiston hukumatining iqtisodiyotda raqobatni kengaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish, shuningdek, xizmatlar sifati va qulayligini oshirish loyihalariga ushbu pullar sarflanishi kerak.

“Mamlakatning iqtisodiy salohiyatini ochib berish va Tojikiston fuqarolariga sezilarli naf keltirish uchun mo‘ljallangan ushbu islohotlarga yordam beramiz. Loyiha orqali raqobatbardosh va ochiq bozor muhitini yaratish ham tadbirkorlar, ham iste’molchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kerak, dedi Jahon banki guruhining Tojikistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Vey Vinni Vang.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Jahon banki Tojikistondagi umumiy qiymati 1,9 milliard AQSh dollari bo‘lgan 26 ta loyihani moliyalashtirmoqda. Xalqaro moliya tashkiloti mamlakat aholisi hayotini yaxshilash, odamlarning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun ham pul berayotganini aytadi.

Qirg‘izistonda matbuotga chet el ta’siri cheklanadi

Qirg‘iziston matbuotga chet el ta’sirini chekladi. Prezident Sadir Japarov “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjatda tahririyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ish qoidalari va huquqiy maqomi, shuningdek jurnalistlar uchun javobgarlik va kafolatlar ko‘rsatilgan.

Qonunga ko‘ra, chet el fuqarolari va kompaniyalari Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan matbuot tuzilmalari ustav kapitalidagi 35 foizdan ortiq aksiya, ulush yoki paylarga ega bo‘la olmaydi.

Tahririyatlar axborot manbasini, jumladan anonim sharoitda ma’lumot berganning shaxsini oshkor qilmaslik huquqini saqlab qoladi. Istisnolar faqat sud qarori asosida bo‘lishi mumkin.

Qonun senzurani va mansabdor shaxslar tomonidan har qanday shakldagi bosim o‘tkazishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Shuningdek, tahririyat faoliyatiga aralashish man etiladi.

Hujjatda OAVni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatga olish, faoliyatini to‘xtatib turish va tugatish tartibi bayon etilgan. Tahririyat haqidagi ma’lumotlar adliya organlari reyestriga kiritilgach, darhol ish boshlash mumkin. Nashrni to‘xtatish yoki yopish faqat sud qarori yoki asoschilar tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin.

Qonunda internet nashrlariga alohida e’tibor qaratilgan. Qonunning yakuniy tahririda nafaqat an’anaviy OAV, balki onlayn platformalar - jumladan, saytlar va bloglar ham majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Dastlab, tarmoq nashrlarini ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish muhokama qilingan bo‘lsa-da, yakuniy matnda majburiylik belgilangan.

Qonunda jurnalistlarning huquqlari, axborot olish tartibi va tahririyatlarni javobgarlikdan ozod qilish holatlari ham aniqlab berilgan.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, qonun Qirg‘izistonda mustaqil, raqobatbardosh va mas’uliyatli matbuotni rivojlantirish uchun kerak. Biroq tahlilchilar fikricha Qirg‘izistonning amaldagi rahbariyati hokimiyatning mustahkamligini oshirish uchun bu qonunni qabul qilgan. Qirg‘izistondek turli inqilob va siyosiy inqirozlarni boshdan kechirgan davlat uchun xorijning mediaga va u orqali xalqqa ta’sirini inobatga olish – hayot-mamot masalasi. Masalan, 2005 yildagi Lola inqilobi natijasida 1990 yildan beri hokimiyatda bo‘lib kelgan prezident Asqar Akayev lavozimini tark etgan. O‘sha davrda mahalliy media qattiq nazorat ostida, biroq xalqaro matbuot va grantlar bilan qo‘llab-quvvatlangan mustaqil media kanallari juda faol edi. Ozodlik, BBS qirg‘iz va DV, qator Yevropa medialari Qirg‘izistondagi “siyosiy monopoliya” haqida ko‘p-ko‘p materiallar bergan. Bular esa albatta odamlarga “miyangizni ishlating, axir nimalar bo‘lyapti” degandek signal edi. Bunday yorituvlar xalqning siyosiy faolligini oshirdi va norozilik kayfiyati avj oldi. Alaloqibat Akayev davlatdan ham chiqib ketgan edi.

Qozog‘istonda birinchi AES qurilishi boshlandi

Olmaota viloyatida qurilish boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazilib, rasmiy kapsula tashlandi. Mahalliy nashr Tengrinews’ning xabar berishicha, Atom energiyasi agentligi raisi Almasadam Satkaliyev so‘zga chiqib, AESning qurilishi Qozog‘istonga yuqori malakali mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirish, ilmiy tadqiqot bazasini mustahkamlash hamda ta’lim va texnologik yutuq uchun sharoit yaratish imkonini berishini gapirgan.

“AES strategik loyihaga, uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi”, — dedi agentlik raisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, investitsiyalarning umumiy hajmi 14-15 milliard dollar atrofida bo‘ladi, qo‘shimcha 1 milliard dollar ijtimoiy loyihalarga ham yo‘naltiriladi. Qozog‘iston rasmiylari AES qurilishi loyihasini keng jamoatchilik qo‘llab-quvvatlanayotganini aytmoqda.

"O‘tgan yili respublika referendumida mamlakat aholisining 70 foizdan ortig‘i bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Ayniqsa, Ulken qishlog‘i misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi: aholining 97 foizi qatnashib, ularning 90 foizga yaqini yoqlab ovoz berdi, bu esa loyihaga kuchli davlat mandati berdi", - deydi Atom energiyasi agentligi rahbari.

Marosimda, shuningdek, Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev ham so‘zga chiqdi.

“Qozog‘iston yadro sohasida tajribaga ega va sayyoramizdagi barcha uranning 40 foizga yaqini shu yerda qazib olingani uchun haqli ravishda dunyo yadro elitasi tarkibiga kiritilgan. 1940 yillarning oxiridan boshlab hamkorlik qilamiz. Masalan, birinchi yadroviy sanoat reaktori aynan Qozog‘istonda yaratilgan”, - deya qo‘shimcha qildi Rosatom rahbari.

Tengrinewsʼning qo‘shimcha qilishicha, AES o‘zining yadro yoqilg‘isidan foydalanadi. Shu bilan birga, burg‘ilash qurilmalari birinchi tuproq namunalarini oladi. Ular bilan kapsula tadqiqot uchun Rossiya tomoniga topshiriladi.

Shuningdek, Olmaota viloyatining Jambil tumanida atom elektr stansiyasi qurilishi uchun joy tanlash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta ikkinchi va uchinchi AESni Xitoy qurishi haqida xabar bergandik.

Turkmaniston xalqaro tadbir o‘tkazdi

Yakuniga yetgan haftada Turkmaniston oylab tayyorgarlik ko‘rgan xalqaro tadbirini o‘tkazib oldi. Unda turli davlatlar rahbarlari qatorida O‘zbekiston prezidenti ham qatnashdi. 5–8 avgust kunlari Turkmanistonning Avaza milliy sayyohlik zonasida o‘tgan BMTning “Quruqlikda joylashgan rivojlanayotgan davlatlar” bo‘yicha uchinchi yirik konferensiyasiga bosh kotib Antonio Guterrish ham keldi. 

Konferensiyada beshta asosiy yo‘nalish muhokama qilindi. Iqtisodiyotda yangilanish va turli sohalarni rivojlantirish, savdo-sotiqni osonlashtirish va mintaqaviy hamkorlik, iqlim o‘zgarishiga moslashish va favqulodda holatlarga tayyorlik, transport, aloqa va tranzit yo‘llarini yaxshilash, loyiha va dasturlarni moliyalashtirish.

Qozog‘iston prezidenti mintaqaviy hamkorlik va ekologik muvozanatni saqlash kerakligini ta’kidladi. O‘zbekiston prezidenti esa yangi temiryo‘l loyihalari, global tranzit kelishuvi va infratuzilma fondi yaratish takliflarini berdi.

Natijalarga kelsak, doimgidek tadbir asosiy hujjati – deklaratsiya imzolandi. 2024–2034 yillarga mo‘ljallangan "Avaza harakatlar dasturi"ni ishtirokchilar qo‘llab-quvvatlagan. Transport va logistika infratuzilmasiga investitsiyalarni ko‘paytirish, Tranzit tartiblarini soddalashtirish va raqamli savdoni rivojlantirish, iqlim barqarorligini ta’minlash uchun birgalikda ishlash, xalqaro moliya institutlari va donorlar yordamlarini oshirish bu dasturdan o‘rin olgan.

BMTdan kelganlar fikricha, geografik qiyinchiliklarni yengib o‘tishni doim shunday muhokama qilaverish kerak. Bu esa dengizga chiqish imkoni yo‘q davlatlarining to‘liq potensialini ochishga yordam beradi.

Ashxoboddagi rasmiylar va ayniqsa boshqaruvdagi Berdimuhammedovlar fikricha, bu konferensiya Turkmanistonning betaraflik siyosatiga sodiq.

Pokiston 1,4 million afg‘onlarni deport qiladi

Pokiston BMTning xavotirlariga qaramay yana 1,4 million afg‘onlarni majburan deportatsiya qilishni boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, Islomobod afg‘onlarning davlatda bo‘lish muddatini uzaytirishdan bosh tortgan. Qaror ro‘yxatdan o‘tishni tasdiqlovchi kartaga ega bo‘lgan, huquqiy maqomi iyun oyi oxirida tugagan taxminan 1,4 million afg‘onga taalluqlidir. Ko‘pchilik Afg‘onistonga qaytishdan oldin mulkni sotish yoki biznesni tugatish kabi shaxsiy masalalarni hal qilish uchun bir yil uzaytirilishiga umid qilgan edi.

Rezident kartalaridan tashqari, taxminan 800 000 afg‘on Afg‘oniston pasportiga ham ega. Politsiyaning aytishicha, ular ham mamlakatda noqonuniy yashab, sharqiy Panjob, janubi-g‘arbiy Balujiston va janubiy Sind provinsiyasida deportatsiya qilishdan oldin hibsga olingan. Deportatsiya qarorini BMT, uning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi jiddiy tanqid qildi. Ushbu komissarlik hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgacha taxminan 1,2 mln afg‘onlar davlatdan allaqachon chiqarib yuborilgan. Associated Press AAʼning yozishicha, amal qilish muddati o‘tgan rezident kartalariga egalar hamda vizasi yo‘qlarni chiqarib yuborish qarori ortga qaytmas. Pokiston bo‘ylab politsiya afg‘onlarni chegara o‘tish joylariga olib borish uchun hibsga olmoqda. Ommaviy hibsga olishlar yo‘q, politsiyaga uyma-uy yurib, mamlakatda noqonuniy yashayotgan xorijliklarni qo‘lga olish uchun tasodifiy tekshiruvlar o‘tkazish buyrug‘i berilgan, deb yozadi AP.

Deportatsiya qilinayotganlar ichida Pokistonda tug‘ilgan etnik afg‘onlar ham bor. Media bilan gaplashgan bunday odamlar farzandlarining ta’limsiz qolib ketishidan xavotirga tushmoqda. Oxirgi qirq yil ichida millionlab odamlar urush, siyosiy tartibsizliklar va iqtisodiy qiyinchiliklardan qutulish uchun Pokistonga qochgan edi. 2023 yilda Pokistonda noqonuniy yashayotgan xorijliklarga qarshi boshlangan umummilliy siyosatdan so‘ng deportatsiya avj oldi. Jarayonni ichki ishlar vazirligi to‘liq nazorat qilmoqda.

BMT qochqinlar agentligi matbuot kotibi Qayser Xon Afridi hukumatning so‘nggi harakatlaridan chuqur xavotir bildirdi.

“Odamlarni bu tarzda qaytarib yuborish - davlatning xalqaro majburiyatlarini buzish bilan barobardir”, dedi u bayonotida va Pokistonni “afg‘onlarning ixtiyoriy, bosqichma-bosqich va munosib qaytishini ta’minlash uchun insonparvarlik yondashuvini” qo‘llashga chaqirdi.

Mavzuga oid