Jahon | 18:55 / 10.08.2025
1592
2 daqiqa o‘qiladi

The Times: Britaniya Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda

Qayd etilishicha, Britaniya tashqi ishlar vazirligi Binyamin Netanyaxu hukumatiga G‘azoni istilo qilish mumkin emasligini ko‘rsatib qo‘yuvchi "turli ehtimoliy sanksiyalarni tahlil qilmoqda".

Foto: Reuters

Birlashgan Qirollik hukumati Isroil G‘azo sektorini to‘liq bosib olishga uringan taqdirda unga qarshi qo‘llaniladigan yangi sanksiyalarni ishlab chiqmoqda, deb xabar berdi The Sunday Times nashri.

Gazetaning ma’lumot berishicha, Britaniyaning qator vazirliklariga Isroilning bunday xatti-harakatiga nisbatan "asosli" cheklovlar o‘ylab topish topshirig‘i berilgan. Xususan, mudofaa vazirligi isroillik harbiylarning Buyuk Britaniya hududidagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.  

Qayd etilishicha, shu bilan birga Britaniya tashqi ishlar vazirligi Binyamin Netanyaxu hukumatiga G‘azoni istilo qilish mumkin emasligini ko‘rsatib qo‘yuvchi "turli ehtimoliy sanksiyalarni tahlil qilmoqda".

Iyun oyida London Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiyalar joriy etgandi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya Isroil bilan erkin savdo to‘g‘risida bitim tuzish bo‘yicha muzokaralarni muzlatib qo‘ygandi.  

Avvalroq Isroil harbiy-siyosiy mahkamasi Netanyaxuning G‘azo shahrini to‘liq nazoratga olig rejasini ma’qullagandi.

Mavzuga oid