Jahon | 19:53
3122
4 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Ukrainaga 2 mln dollarlik yordam ajratdi

Zelenskiy va Aliyev telefon orqali muloqot qilib, Ozarboyjonning Odessa oblasti hududidagi neft bazasiga ruslar tomonidan uyushtirilgan hujumni qoralagan.

Foto: AP

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainaga insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida 2 million dollar ajratish to‘g‘risida farmoyish imzoladi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, mablag‘lar Ozarboyjonda ishlab chiqarilgan elektr uskunalarini sotib olish va Ukrainaga jo‘natishga yo‘naltiriladi.

Bu qaror 10 avgust kuni Aliyevning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon muloqoti ortidan qabul qilindi.

Ular Ozarboyjonning Ukraina hududidagi SOCAR neft bazasiga «Rossiyaning maqsadli havo hujumlari»ni qoralagan.

Gap, shuningdek, Ozarbayjonning Ukraina hududida joylashgan boshqa obektlariga va Ozarboyjon gazini Ukrainaga yetkazib beruvchi gaz kompressor stansiyasiga zarbalar haqida borgan.

Zelenskiy bu suhbat haqidagi xabarida Rossiyaning Ukraina energetika obektlariga bergan zarbalari haqida Ozarboyjonni xabardor qilganini aytadi. «Ukraina buni Rossiyaning bizga va Yevropaning boshqa davlatlariga energiya mustaqilligini kafolatlaydigan energiya yo‘llarini to‘sishga qaratilgan maqsadli urinishi deb hisoblaydi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Aliyevni AQSh prezidenti Donald Tramp yordamida erishilgan Boku va Yerevan o‘rtasidagi kelishuvlar bilan tabriklagan.

  • Rossiya qo‘shinlari 6 avgustga o‘tar kechasi Odessadagi Ozarboyjon gazini Ukraina va Yevropaga haydash yo‘nalishi o‘tadigan kompressor stansiyasiga zarba berdi, deb xabar bergan Ukraina energetika vazirligi. Bundan bir necha kun oldin, iyul oyi oxirida Ukraina birinchi marta Trans-Bolqon yo‘lagi (Ukraina, Moldova, Ruminiya, Bolgariya va Turkiya hududidan o‘tuvchi magistral gaz quvuri) orqali Ozarboyjondan gaz olgandi. 8 avgustga o‘tar kechasi Rossiya dronlari Ozarboyjonning Odessa oblastidagi SOCAR neft bazasiga zarba berdi.
  • Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashuvi fonida Ukraina Ozarboyjon bilan yaqinlashmoqda. Bunday sovuqlashuv sabablaridan biri 2024 yil dekabrida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyoti Grozniy osmonida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilishi bo‘lgandi. Aliyev Rossiyadan aybni tan olishni va jabrlanganlarga tovon puli to‘lashni talab qildi. Moskva esa bunday yo‘l tutmadi.

  • Iyun oyi oxirida Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida diplomatik mojaro avj oldi, u Yekaterinburgda yigirma yil avvalgi qotillik tufayli Ozarboyjon diasporasi vakillarining ommaviy hibsga olinishi ortidan boshlandi. Hibsga olish chog‘ida ishning ikki figuranti, aka-uka Huseyn va Ziyaddin Safarov halok bo‘ldi. Bokuda o‘tkazilgan ekspertiza ularning o‘limiga ko‘plab tan jarohatlari tufayli yuzaga kelgan og‘ir posttravmatik shok sabab bo‘lganini aniqladi. Ozarboyjon bunga javoban Bokuda giyohvand moddalar kontrabandasi va kiberjinoyatlarda gumon qilingan 10 dan ortiq rossiyalikni qo‘lga oldi. Qo‘lga olish va tergov jarayonida ular kaltaklangan.

Mavzuga oid