Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"BMT eskirdi, xalqaro hamjamiyat muammolar oldida ojiz" - Turkiya elchisi
Toshkentda asosan BMT va uning xavfsizlik kengashi roli muhokama qilingan panel sessiyada qatnashganlar xalqaro tashkilotlarning qarorlari ishlamayotganini tanqid qilishdi. Turkiya elchisiga ko‘ra, adolat va tinchlikni ta’minlash maqsadi ustida qurilga
n BMT eskirdi, xalqaro hamjamiyat bugunning muammolari oldida ojiz qolmoqda. Turkiyalik va mahalliy spikerlarga ko‘ra, dunyo taqdirini faqat 5 davlat hal qilayotgani - adolatsizlik.
Ikkinchi jahon urushidan keyin adolat va tinchlik maqsadlari ustida qurilgan BMT afsuski, yillar davomida sinovdan o‘tolmadi. Uning qarorlari ikki tomonlama standartlar asosida ishlaydi. Masalan, qirg‘in ostida ezilayotgan mazlum xalqlar oldida xalqaro hamjamiyat naqadar ojizligini shu kecha-kunduzda ko‘rib, guvohi bo‘lmoqdamiz, deydi tadbirda chiqish qilgan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi.
“Bolqonda mutaassiblar, genotsid tarafdorlari qo‘lida qolgan musulmonlarning taqdiri, nochorligi haqidagi achchiq xotiralar hali ham yodimizda. Suriyadagi hukumat esa yillar davomida o‘z xalqiga turli, jumladan kimyoviy qurollarni ishlatib ham zarar yetkazdi. Suriya xalqi nechog‘lik yolg‘iz ekaniga guvoh bo‘ldik. Afrikani ekspluatatsiya qilish uchun bellashayotgan kuchlar, u yerlarda genotsid bo‘lsa ham, bizga farqi yo‘q, deganlarni biz yaxshi bilamiz. 2023 yilning 7 oktyabridan beri davom etayotgan vahshiylik, hayoti yulib olingan jonlar, yosh bolalar va ayollar, o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lganlar, shahid bo‘lgan jurnalistlar, xalqaro tashkilotlar va tibbiyot vakillari, ochlik va yo‘qchilik bilan jazolangan minglab odamlar, vatanidan quvg‘in qilinganlarning taqdiri – xalqaro munosabatlarda hozirgi tendensiyani yakunlash kerakligini isbotlamoqda” – Ufuk Ulutash, Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi
Davra suhbatida qatnashgan siyosatshunos va ekspertlar fikricha, jahondagi tizim rostdan ham adolatsiz. Xavfsizlikka mas’ul davlatlarning o‘zi bugun dunyo tinchligini birinchi darajali buzuvchilardir. BMTning Xavfsizlik kengashi a’zolaridan biri urush olib boryapti, yana biri AQSh esa Tramp kelgandan dunyo ishlariga ikkinchi darajali, deb qaramoqda. Demak, dunyo taqdirini shu beshta davlat emas, undan ham kamrog‘i hal qilyapti, deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.
“Trampning qo‘shni davlat Kanada yoki Grenlandiya, Ukraina borasidagi qarashlari, NATO va BMTga a’zolikni so‘roq ostiga olishi – AQShning tobora dunyodan yakkalanish siyosatiga intilayotganini isbotlaydi. Demak, Xavfsizlik kengashida dunyo ishlarini besh davlat ham emas, undan kamroq davlat hal qilmoqda” – Farhod Tolipov, siyosatshunos.
Bugungi dunyoning huquqiy konstruksiyasi 1945 yilda BMT Xavfsizlik kengashi orqali belgilangan. Kengashning 5 a’zosi urush va tinchlik masalalarini belgilaydi, strategik qarorlarni qabul qiladi. Ularning hammasi insoniyatni ommaviy qirish omili bo‘lgan yadroviy arsenallarga ega. Xavfsizlik kengashi a’zolari ichkaridan eshikni qulflab olgan, hech kimni qo‘ymaydi, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
“BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari tarkibni kengaytirish masalasiga hech qachon ko‘nmaydi. Ular ichkaridan eshikni qulflab, kalitni okeanga otishgan. Aslida dunyodagi tinchlikni buzuvchilar ham shu davlatlar. Ya’ni BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari – dunyodagi eng katta qaroqchilar” – Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos.
Xalqaro hamjamiyat urushlar, keskinlik va mojarolardan tiyilish uchun birlashgan. Lekin aniq-konkret urush yoki mavzu atrofida afsuski, dunyo bo‘linadi. Tarixdan haqiqat izlab, tinchlik buzayotganlar ham bor, deydi spikerlar.
Bir qutbli dunyo inqirozga uchrab, ko‘p qutbli dunyo tartibotiga o‘tilarkan, gegemonlikka 4 kuch da’vogar, bular – AQSh, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi. Lekin dunyo ishlarini hal qilishda musulmon olamidan hech kim yo‘q.
“Xavfsizlik kengashida o‘tirganlarning to‘rttasi g‘arb sivilizatsiyasi, faqat Xitoy – sharqdan. Ular katta kolonial davlatlar ham hisoblanadi. Xo‘sh, nega musulmon olamidan yoki turkiy dunyodan hech kim yo‘q? Turkiya yoki undan keyin Saudiya Arabistoni bu kengash uchun yaxshi nomzod bo‘la oladi. To‘g‘ri, xalqaro munosabatlarda odatda Saudiya AQSh nima desa, rozi bo‘ladi. Biroq Makka fenomeni musulmonlarni birlashtiradi va shu jihatdan Ar-Riyod islom olami vakili bo‘lishi mumkin” – Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos.
Panel sessiya moderatoriga ko‘ra, davlatlarning birgalikdagi ovozigina BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini o‘zgartirish va «veto» huquqi masalasini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.
“Turkiyaning BMT Xavfsizlik Kengashiga e’tiroziga aniq yechim sifatida taklif qiladigan hech narsasi yo‘q. Bu masalani muhokama qilish va fikrlarni rivojlantirish kerak. Hozirgina panel ishtirokchilaridan biri Turkiyaning Markaziy Osiyo bilan aloqalari qanchalik mustahkamlansa, ular bir fikrda to‘xtalsa, bir yoqadan bosh chiqarsa, yagona ovoz o‘laroq xalqaro tizimda bo‘y cho‘zishini gapirdi. Ya’ni mana shu birlashgan ovozgina Xavfsizlik kengashi tarkibini o‘zgartirishi va ularning «veto»sini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Biz 20 dan ortiq davlatlarda bu suhbatlarni o‘tkazar ekanmiz, birgalikda aytmoqchimiz: “Dunyo rostdan ham beshdan katta”, - deydi muhokama moderatori.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning dunyoga aytayotgan bu chaqirig‘i doirasida prezident Erdo‘g‘anning “Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin” kitobi bosib chiqarilgan. U o‘zbek tilida ham chop etildi.
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kreml AQSh bilan yashirin muzokara olib bordi va Ukraina bo‘yicha yon berishdan bosh tortdi
Jahon | 23:50 / 31.07.2025
-
AQSh Ukrainadagi urush qachon tugashi kerakligini belgiladi
Jahon | 23:05 / 31.07.2025
-
Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurash idoralariga mustaqillik qaytarildi
Jahon | 22:53 / 31.07.2025
-
Parlamentdagi muxolifat, pulli yo‘llarning kechiktirilishi, o‘zbek sportidagi xush va noxush xabar – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 22:42 / 31.07.2025
Mavzuga oid

17:23 / 29.07.2025
G‘azoda ocharchilik boshlanmoqda – IPC hisoboti

20:02 / 26.07.2025
AQSh va Xitoy vakillari BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina bo‘yicha janjallashdi

15:26 / 24.07.2025
BMT Xalqaro sudi: Davlatlar iqlimni himoya qilish majburiyatiga ega

22:59 / 23.07.2025