Jahon | 18:54 / 06.05.2025
2188
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Yaman poytaxti aeroportiga aviazarba berdi

Hujumdan oldin TSAHAL mahalliy aholiga ogohlantirish berib, zudlik bilan Sano aeroporti yaqinidagi hududlarni tark etishga chaqirdi.

Foto: AP

Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) 6 may kuni Yaman poytaxti — Sano shahri xalqaro aeroportiga zarbalar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda husiychilar tomonidan nazorat qilinadigan aeroport hududida portlashlar yuz bergani tasvirlangan videolar tarqalmoqda.

Aviazarbadan oldin TSAHAL mahalliy aholiga ogohlantirish berib, zudlik bilan Sano aeroporti yaqinidagi hududlarni tark etishga chaqirgan.

Kuni kecha Isroil Mudofaa armiyasi husiychilarning Yamandagi bir qator infratuzilma obektlariga zarbalar bergandi. Xususan, Isroil qiruvchi samolyotlari Xodeyda porti va Bajil shahri yaqinidagi sement zavodiga o‘nlab bombalar tashlagan.

Yamanning bombardimon qilinishi husiychilarning 4 may kuni Isroilga uyushtirgan hujumiga javob hisoblanadi. O‘shanda ballistik raketa Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroporti hududiga qulagan va bir necha kishi jarohat olgan edi.

Yamanlik husiychilar falastinliklarga birdamlik belgisi sifatida Isroilga raketa va dronlar bilan hujumlar uyushtirayotganini ma’lum qilgan. Guruh G‘azo sektoridagi tinchlik sulhi vaqtida hujumlarni to‘xtatib turgan edi.

 

 

Mavzuga oid