Jahon | 22:43 / 11.05.2025
16265
2 daqiqa o‘qiladi

«Payshanba kuni Turkiyada kutaman». Zelenskiy Putinni shaxsan uchrashishga taklif qildi

Rossiya prezidenti 15 may kuni Istanbulda Ukraina bilan 2022 yilda to‘xtab qolgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tiklash taklifini berdi. Zelenskiy bunga rozilik bildirdi. O‘z navbatida Donald Tramp ham Ukrainadan Rossiya bilan muzokaralarni boshlashni talab qildi.

Foto: Gazeta.ru

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina zudlik bilan Rossiyaning taklifiga rozi bo‘lishi va 15 maydan Turkiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashi kerakligini ma’lum qildi.

«Hech bo‘lmaganda, ular bitim tuzish mumkinmi yoki yo‘q — shuni aniqlab olishadi. Agar mumkin bo‘lmasa, unda Yevropa yetakchilari hamda AQSh vaziyat qandayligini ko‘radi va tegishli tarzda harakat qilishlari mumkin bo‘ladi!» — deb yozadi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga.

«Men Ukraina Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani nishonlash bilan juda band bo‘lgan Putinning taklifiga rozi bo‘lishiga shubha qila boshladim. Bu urushni AQShsiz yutib bo‘lmasdi (hatto yaqin ham bora olmasdi!)», — deb yozadi AQSh prezidenti.

«UChRAShINGLAR, HOZIRNING O‘ZIDA!!!» — deya yakunlagan u.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z navbatida RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarda uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Ertaga biz o‘t ochish to‘liq va uzoq muddatga to‘xtatilishini kutyapmiz — bu diplomatiya uchun zarur asos yaratadi. Qotillikni cho‘zishning hech qanday ma’nosi yo‘q. Va men Putinni payshanba (15 may) kuni Turkiyada kutaman. Shaxsan,» — deb yozadi Zelenskiy o‘zining Telegram kanaliga.

Vladimir Putin 11 mayga o‘tar kechasi Kremlda matbuot anjumani o‘tkazib, Ukrainaga «2022 yilda to‘xtatib qo‘yilgan» to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni 15 maydan Istanbulda, dastlabki shartlarsiz boshlashni taklif qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiyaning tinchlik sulhiga rozi bo‘lishini kutayotgani va Kiyev Moskva bilan muzokaralar o‘tkazish uchun uchrashuvlarga tayyorligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid