Jahon | 11:45 / 15.05.2025
10553
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Qatarda nima qildi: milliardlik bitimlar, hashamat va AQSh prezidenti oilasining shaxsiy manfaatlari

Prezident Donald Tramp Yaqin Sharq bo‘ylab rasmiy turnesining ikkinchi kunida Qatar hukumati bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya va qator kelishuvlarni imzoladi. Ekspertlar Trampning Qatarga tashrifi Trump Organization kompaniyasi ushbu mamlakatdagi biznesini kengaytirishga kelishib olgan vaqtda bo‘lib o‘tayotganiga e’tibor qaratgan.

Foto: Reuters

Qo‘shma bayonot chog‘ida Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniy bo‘lib o‘tgan muzokaralarni mazmunli deb atadi va tomonlar ko‘plab masalalarni, jumladan, Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatni muhokama qilishga ulgurganini aytdi.

Amir Qatar va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilishiga umid bildirgan.

O‘z navbatida, Tramp «bu qiziqarli bir necha soat bo‘lgani» va suhbatda «butun dunyo, jumladan Rossiya, Ukraina va Eron muhokama qilingani»ni aytdi.

Trampning Qatar rasmiylari bilan uchrashuvi nisbatan qisqa muddatli bo‘ldi, Oq uy rahbari bundan oldinroq Saudiya Arabistonida bir yarim kun o‘tkazgandi.

AQSh va Qatar o‘rtasida imzolangan hujjatlar orasida mudofaa sohasidagi shartnoma hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya ham mavjud.

Bundan tashqari, Amerika tomoni Qatar Airways 160 ta Boeing rusumli samolyot uchun 200 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi «rekord» buyurtma hamda MQ-9B dronlari uchun buyurtma berilgan.

AQSh ma’muriyati ushbu bitimlar «kelajak avlodlar uchun innovatsiyalar va farovonlikni ta’minlashi, Amerika ishlab chiqarish hamda texnologik yetakchiligini mustahkamlab, mamlakatni yangi Oltin asr sari yo‘naltirishi»ni ta’kidlagan.

Hujjatlarni imzolash marosimida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset, moliya vaziri Skott Bessent, savdo vaziri Hovard Lyutnik va Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham ishtirok etishgan.

Qatardagi muzokaralar yakunida Oq uy tomonidan tarqatilgan press-relizda aytilishicha, imzolangan kelishuvlar mamlakatlar o‘rtasida kamida 1,2 trln dollarlik iqtisodiy almashuvlarni nazarda tutadi, tuzilgan bitimlar hajmi esa 243 mlrd dollardan oshadi.

BBC’ning AQShdagi muxbiri Entoni Zurker eslatishicha, Qatar Eron bilan qalin aloqaga ega. Amerika rasmiylari uchun bu bir vaqtning o‘zida xavotir uyg‘otadi, ammo Tehron bilan norasmiy muzokaralar uchun imkoniyat ham yaratadi.

Bundan tashqari, 2020 yilda aynan Qatar ma’muriyati Trampning o‘sha vaqtdagi ma’muriyati hamda toliblar o‘rtasidagi kelishuv tuzishda yordam bergan, bu kelishuv yakunda Amerika qo‘shini Afg‘onistondan olib chiqilishga olib kelgan.

Ikki tomonlama komplimentlar: «tinchlik odami» va «ideal marmar»

Dohadagi uchrashuvni amir Tamim ibn Hamad Ol Soniy Trampni «tinchlik odami» deb atadi. Tramp bunga javoban amir bilan anchadan buyon bir-biriga xayrixoh ekani va hamkorlikda ishlab kelayotganini aytdi.

«Endi biz eng yuqori darajada ishlashimiz mumkin», — degan Oq uy rahbari.

«Biz nafaqat bu yerga, balki boshqa mintaqalarga ham tinchlik keltiramiz, masalan, Rossiya va Ukraina bilan bo‘layotgan voqealarda bizga juda ko‘p yordam berayotganingizdan xabardorman», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Qatar hukumati Kiyev va Moskva o‘rtasida, jumladan, Rossiyaga olib ketilgan bolalarni qaytarish masalasida vositachilik qilgan.

Dohadagi jurnalistlar Eski Amiriy saroyida Amerika delegatsiyasiga ko‘rsatilgan dabdabali qabulni shunday tasvirlaydi: asosiy marosimlar zalining havosi xushbo‘y hidlar bilan to‘yingan, intererda sof oltindan yasalgan ko‘plab detallar mavjud.

Tramp binoning muhtashamligiga yuqori baho berdi.

«Yaxshi uy. Juda yaxshi. Siz amalga oshirgan ishlarning qiyosi yo‘q. Men qurilish sohasidanman, shu bois aniq ayta olamanki — bu marmar ideal darajada. Buni ular perfecto deb atashadi... Biz esa bu tuyalarni ham qadrlaymiz. Bunday tuyalarni ancha vaqtdan beri ko‘rmagandim», — deya qo‘shimcha qildi Tramp saroydagi muzokaralar payti.

Prezident Trampning oilaviy biznesi

Donald Trampning aytishicha, Yaqin Sharq bo‘ylab turnesining asosiy maqsadlaridan biri — AQShga Fors ko‘rfazidagi boy mamlakatlar sarmoyasini jalb qilishdir.

Ammo ekspertlar uning mintaqaga tashrifi prezidentning o‘g‘illari Erik va kichik Donald boshchiligidagi Trump Organization tomonidan e’lon qilingan bir qator ishbilarmonlik bitimlaridan keyin sodir bo‘lganiga ham e’tibor qaratmoqda.

Xususan, kompaniya may oyi boshida e’lon qilgan Trump Organization rejalariga Qatar va BAAda golf maydonlari va hashamatli villalar qurish ham kiradi.

Aprel oyida esa kompaniya «Dubay yuragida» 80 qavatli «jahon darajasidagi hashamatli turar joy va mehmondo‘stlik»dan iborat mintaqadagi birinchi Trump International Hotel & Tower’ni qurmoqchi ekanini e’lon qildi.

Hozirda prezident Trampning o‘zi oilaviy biznes bilan bog‘liq emas.

20 yanvar kuni u Oq uyga ikkinchi muddatga qaytganidan so‘ng, ishlarni uning farzandlari boshqaradi, ammo biznes prezident nomi bilan atalganining o‘zi ko‘p narsa o‘zgarmasligini anglatib turadi.

Bundan tashqari, Tramp tomonidan AQSh bosh prokurori lavozimiga tayinlangan Pem Bondi Qatar hukumatining ro‘yxatga olingan lobbisti bo‘lgan.

Qatar hadyasi

So‘nggi kunlarda Donald Tramp Qatardan prezident parvozlari uchun 400 mln dollarlik hashamatli samolyotni sovg‘a sifatida qabul qilish qarori uchun tanqid qilinmoqda, holbuki protokolga ko‘ra, Amerika rasmiylari 400 dollardan qimmatroq sovg‘alarni qabul qila olmaydi.

«Mening pozitsiyam shunday: nima uchun sovg‘ani olmasligim kerak? Biz boshqalarga sovg‘a qilamiz. Nima uchun sovg‘ani olmasligim kerak?», — deya javob beradi Tramp.

Bu samolyotni «uchar saroy» deb ham atashadi. CBS News ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot Trampning prezidentlik muddati tugagach, uning kutubxonasiga sovg‘a qilinadi.

Bunday kutubxonalar AQShning barcha prezidentlariga tegishli bo‘lib, odatda ular xususiy xayriyalar hisobiga tashkil etiladi va ularda o‘z egasining prezidentligi bilan bog‘liq barcha turdagi esdalik va/yoki taniqli buyumlar saqlanadi.

Biroq ekspertlar aytishicha, samolyot shaxsan prezidentga emas, balki uning ma’muriyatiga topshirilayotganini hisobga olganda, bunday hashamatli sovg‘a Amerika qonunlarini buzish bo‘lishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, AQSh Adliya vazirligi memorandum tayyorlagan bo‘lib, unda nima uchun samolyotni sovg‘a sifatida qabul qilishni joiz deb hisoblashi tushuntirilgan, biroq hujjat hozircha e’lon qilinmagan.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittdan bitimning qonuniyligi haqida so‘ralganda, u shunday dedi: «Buning huquqiy tafsilotlari hali ishlab chiqilmoqda, lekin, albatta, bu hukumatga har qanday xayriya har doim qonunga to‘liq muvofiq amalga oshiriladi».

Mavzuga oid