“Sirtqi ta’lim yopilsa, hech narsa yo‘qotmaymiz” – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekistonda sirtqi ta’lim tugatilmoqda. Kun.uz bu to‘g‘ri qaror bo‘ldimi yoki yo‘q – soha mutaxassislari bilan tahlil qildi. Ta’lim masalasida ekspert Azamat Akbarov va huquqshunos, xususiy OTM egasi Bektosh Xotamov fikrlari qarama-qarshiligida o‘tgan suhbatda sirtqi ta’lim o‘zi nimaga ochilgani, uning yopilishi ta’sir doiraga egami yoki yo‘q, uning muqobili qanday bo‘lishi kabi masalalar muhokama qilindi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab OTMning sirtqi ta’limiga qabul to‘xtatiladi. Bu prezidentning tegishli farmonida nazarda tutildi. Ayni hujjat bilan universitetlar ustidan nazorat ham kuchaytirilmoqda. 2017 yildan beri mavjud tizimdan nega voz kechilyapti? Bu qanchalik to‘g‘ri yoki xato qaror bo‘ldi?
Kun.uz ayni mavzu atrofidagi savollar bilan mutaxassislarga yuzlandi. Intervyuda ta’lim masalalarida mutaxassis Azamat Akbarov hamda huquqshunos Bektosh Xotamov ishtirok etdi.
Azamat Akbarovning ta’kidlashicha, oliy ta’limda sirtqilarning tugatilishi to‘g‘ri qaror bo‘lgan. U bunday tizim bir necha yillar davomida universitetlar tomonidan suiiste’mol qilingani, haddan ziyod talabalarni qabul qilib, sifat masalasi keyingi o‘rinlarga tushib qolganini aytmoqda.
“Ularga beriladigan ta’lim, ya’ni o‘sha ta’lim shakli qay tarzda berildi va talabalar qancha bilimga ega bo‘ldi? Men o‘ylaymanki aslida sirtqi ta’lim boshqa shakllarda ochilishi kerak edi.
Hozir juda ko‘p ijtimoiy tarmoqlarda aytiladigan o‘sha “part time” yoki masofaviy ta’lim shaklida. Dunyoda yuz yillar davomida bor bo‘lgan masofaviy ta’lim 120 yillik tarixga ega. Bizda nima uchundir bunga o‘tilmadi va o‘sha sovet mafkurasidan, o‘sha sovet davrida bor bo‘lgan sirtqi ta’lim borligicha davom ettirildi.
Ba’zi universitetlar o‘zidan qo‘shimcha sarmoya investitsiya kiritib, sirtqi ta’limni imkon qadar boyitishga harakat qilishdi. Ko‘proq masalan, o‘sha bilimlar ko‘nikmalarga ega talabalarni chiqarishdi. Ba’zilari esa faqatgina bormi-bor…
Shunday yo‘ldan ketishgani uchun bu rezonans bo‘ldi va ma’lum universitetlarning soyasida boshqa universitetlar ham jabr ko‘rdi,”– deydi Akbarov.
Huquqshunos Bektosh Xotamov esa aksincha bunday fikrda emas, u sirtqi ta’lim shakli yopilishiga qarshi va buning ortidan muammolar yuzaga kelishidan xavotirda.
“Ishlab turgan mutaxassisda faqatgina diplom olish uchun sirtqi ta’limda o‘qish imkoniyati bor. Uning boshqacha imkoniyati yo‘q-da. U to‘rt yil ertalabdan kechgacha kelib o‘qiy olmaydi. Ularga ham imkoniyat yaratilishi kerak edi va bu yaratilgandi. 1999 yilda birinchi marta yopilgan bo‘lsa, o‘shangacha ham o‘zi sirtqi ta’lim bor edi. Lekin 2017 yilda mana hukumat tushunib yetdiki, ha, bu sirtqi ta’lim kerak ekan degan. Chunki birgina xalq ta’limining o‘zida judayam ko‘p o‘qituvchilar bor ediki, ular o‘rta maxsus diplom bilan dars berib yurishgan edi, shularga imkoniyat yaratilgan edi.
Statistikani ko‘targan bo‘lsak, respublika bo‘yicha 700 mingdan ortiq sirtqi ta’limda o‘qiydigan talabalar bor. Agar o‘rtacha hisobda bitta talaba yiliga ming dollardan pul to‘laydigan bo‘lsa, ya’ni o‘rta hisobda qayerdadir masalan 2 ming, qayerdadir 900 dollar to‘lashi mumkin, 700 ming talaba degani, bu yiliga 700 million degani, aylanma bo‘ladi. Agar biz shu sirtqi ta’limni hozir yopsak, bu bilan sirtqi ta’limga talab tushib qolmaydi. Ya’ni, bu bolalar ham qayerdadir o‘qishi kerak. Shu paytgacha nima bo‘layotgan edi? Shu paytgacha mana shu talabalar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda o‘qib yurishgan edi, 2017 yilgacha. Endi shu oqim yana qaytib Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga chiqib ketadi, bu o‘z-o‘zidan pul chiqib ketishini anglatadi”, – deydi Xatamov.
Suhbat davomida 2 mutaxassis sirtqi ta’limning sifati ustida tortishishdi. Qarama-qarshi fikrga ega ekspertlarimiz bu borada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘rganish, tadqiqotlar olib borilishi lozimligini, shular asosida sirtqi ta’lim shaklini tugatish yoki tugatmaslik qarorini berish to‘g‘riligini bildirishdi.
Shuningdek, huquqshunos Bektosh Xotamov sirtqi ta’limning muqobili sifatida farmonda ko‘zda tutilgan masofaviy ta’lim shakli kirib kelayotganini ijobiy baholadi. Ammo uning aytishicha, bunda OTMga qo‘yilayotgan ayrim talablar adolatlilik prinsipiga zid.
“Farmonning o‘zi oldingi qonunchilikka to‘g‘ri kelmayapti. Qaysi ma’noda? Farmonga ko‘ra, endi universitetlar birinchi iyundan boshlab birinchi oktyabrgacha [talabalarni] qabul qila oladi, ya’ni faqatgina to‘rt oy qabul qila oladi. Oldinlari xohlagan oyda qabul qilish imkoniyati bor edi. Okey dedik.
Endi farmonda yana deyapti: “oldin kunduzgi ta’limga odam qabul qilib olasan, keyin [masofaviy ta’limga shuning] 50 foizi. Sen 1000 ta odam kunduzgiga qabul qilding. Ya’ni o‘zi to‘rt oy vaqting bor. To‘rt oyda, ya’ni oktyabrgacha kunduzgiga qabul qilasan-da, ana undan keyin o‘sha 1000 ta odamning 50 foizdan oshmaganini masofaviyga qabul qilasan. Ya’ni bu aslida endi umumiy hisobda 1500 nafar odamning maksimumi bo‘ladi degani.
Endi yana bitta joyga e’tibor bering, huquqiy joyi. Xo‘p, men birinchi oktyabrda qabulni tugatdim. Kunduzgimning natijasi 1000 ta bo‘ldi. Lekin narigi undan oldingi qarorga ko‘ra, men endi birinchi oktyabrdan keyin qabul qila olmayman. Ulgurmaymiz”, – deydi Xatamov.
Bundan tashqari, ikkala mutaxassislarimiz ham farmon bilan tashkil qilinayotgan va OTMning litsenziyalarini navbatdan tashqari tekshiruvlar orqali bekor qilish vakolatiga ega Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil qilinishiga qarshi ekanini qayd etgan. Ularning fikricha, bu ta’limni va sohadagi bozor muhitini o‘ldiradi. Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid

16:57 / 14.04.2025
Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston ta’lim tizimiga 40 million dollar grant ajratadi

12:03 / 27.02.2025
Qog‘ozda g‘arb standartlari, amalda esa “sovetcha” tizim: o‘zbek doktoranturasi islohotga muhtojmi?

18:21 / 31.08.2024
“Oliy ma’lumotli bo‘lish eyforiyasi universitetlarni jamoat kutubxonalariga aylantirib yubormoqda” - ekspert

18:52 / 15.05.2023