Jamiyat | 08:50
760
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi

Qozog‘istondan ota-ona qaramog‘isiz qolgan  voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabarida aytilishicha, 2025 yil 7 aprel kuni voyaga yetmagan bola oila a’zolariga moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida o‘qishni tashlab, amakisi hamrohligida Qozog‘istonga jo‘nab ketgan. Biroq 2 may kuni Qozog‘istonda ushbu voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi ota-ona qaramog‘isiz qolgan holatda aniqlanib, maxsus ijtimoiy xizmatlar muassasasiga joylashtirilgan. 

Garchi bola Qozog‘istonga ishonchnoma asosida olib o‘tilgan bo‘lsa-da, mamlakat amaldagi qonunchiligiga muvofiq, bunday muassasalardan voyaga yetmagan shaxsni faqat uning ota-onasi olib chiqish huquqiga ega.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida bola 20 may kuni O‘zbekistonga olib kelindi.

Hozirda ushbu voyaga yetmagan bola qonuniy vakili — onasiga topshirildi. Keyingi bosqichda esa uning yashash hududi bo‘yicha reabilitatsiya choralari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.

Ma’lumot uchun: joriy yil boshidan buyon Qozog‘istondan jami 12 nafar ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Hozirda yana 5 nafar bola davlat yordami asosida qaytarilishini kutmoqda.

Mavzuga oid