Sport | 12:05
4371
8 daqiqa o‘qiladi

«Tottenhem» finalda «MYu»dan ustun keldi va mavsumni qutqarib qoldi

Posteko‘g‘li yana ikkinchi mavsumida titul qo‘lga kiritdi, «shporlar» uchun bu 2008 yildan buyon birinchi sovrin bo‘ldi.

Foto: Pics Action/NurPhoto via Getty Images

«Tottenhem» – Yevropa ligasi g‘olibi! «Shporlar» XXI asrdagi ikkinchi, 2008 yildan buyon ilk sovrinini qo‘lga kiritdi, londonliklar 17 yil muqaddam Angliya ligasi kubogiga ega chiqishgandi. Endi bu jamoa keyingi mavsumda Angliyaning Chempionlar ligasining keyingi mavsumidagi oltinchi vakili sifatida ishtirok etadi.

«Tottenhem» – «Manchester Yunayted» 1:0
Gol:
Jonson 42.
«Tottenhem»: Vikario, Porro, Romero, Van de Ven, Udogi (Spens 90), Sarr (Grey, 90), Bissuma, Bentankur, Jonson (Danso 78), Solanke, Risharlison (Son 67).
«Manchester Yunayted»: Onana, Yoro, Maguayr, Shou, Mazraviy (Dalot 85), Kazemiro, Fernandesh, Dorgu (Maynu, 90), Diallo, Hoylund (Zirkzeye 71), Maunt (Garnacho 71).
Ogohlantirishlar: Van de Ven 49, Risharlison 58, Bissuma 68 – Diallo 35, Zirkzeye 84, Maguayr 88, Evans 90.

«Tottenhem» va «Manchester Yunayted» ilk daqiqalardanoq klassik inglizcha futbol namoyish etishga kirishdi. Ikki tomonlama pressing, ko‘plab yakkakurashlar va standart vaziyatlar, hujumlarni rivojlantirishda asosan uzun uzatmalardan foydalanish va bu orqali riskni minimallashtirish. Tashabbus u tomondan bu tomonga o‘tib turdi – tomonlar navbati bilan hududiy ustunlikka egalik qilib turdi. Mankunianliklar nisbatan ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qilishdi, ammo bu asosan maydonning o‘z darvozasi joylashgan qismida va maydon markazida kuzatildi. Angelos Posteko‘g‘li jamoasi esa maydonning uchinchi qismiga raqibga qaraganda biroz ko‘proq uzatmalar berdi. Umuman olganda, hisob 0:0 holatida maydonda teng o‘yin bo‘ldi.

Shunga qaramay, «Tottenhem»ning vaziyatlari xavfliroq tus oldi. Ruben Amorim jamoasi o‘yinning dastlabki qismidayoq individual xato tufayli gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Darvozabon Onana Porroning krossidan keyin to‘pga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi – agar Mazraviy oxirigacha harakat qilib, to‘pni raqib boshidan olib qo‘ymaganida gol bo‘lishi deyarli aniq edi. Keyin esa Maguayr noqulay pasi bilan raqibning qarshi hujumiga sababchi bo‘ldi, ammo o‘z xatosini o‘zi tuzatib, zarba yo‘lini to‘sishga ulgurdi.

«Manchester Yunayted» to‘pni oldinga olib borishda o‘z laterallarini ishga solib, «shporlar» mudofaasini qanotlar orqali buzib o‘tishga harakat qildi. Chap qanotda Dorgu faollik ko‘rsatdi, o‘ngda esa ayniqsa Diallo «Tottenhem» himoyachilariga kun bermadi. Himoyachilar mankunianliklarning driblyorini katta qiyinchilik bilan to‘xtatib turishdi. Birinchi bo‘limda aynan Amadda gol urish uchun yaqqol vaziyat yuzaga kelgandi, burchak zarbasi ijro etilganida Vikario to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo Dialloning zarbasi xato ketdi.

«Tottenhem» esa 42-daqiqada o‘z maqsadiga erishdi. Sarr markazda Brununing uzatmasiga ega chiqib, oldinga bordi to‘pni chap qanotdagi Risharlisonga yetkazdi, u jarima maydoniga yorib kirgan Bentankurni to‘p bilan ta’minladi, argentinalik yarimhimoyachidan esa to‘p qanotga kelib qolgan Sarrga qaytib keldi, hujumni boshlab bergan futbolchi darvozabon maydonchasiga yetib kelgan Jonsonga uzatma berdi, hujumning yakuniy bosqichida «Tottenhem»ning omadi keldi. Jonson ko‘ngildagidek zarba berolmadi, ammo to‘p Shouning qo‘li orqali darvoza to‘riga borib tushdi. Onana bunga tayyor emasdi. Bu «shporlar»ning birinchi bo‘lim davomidagi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birinchi va yagona zarbasi edi.

Foto: Pics Action/NurPhoto via Getty Images

Tanaffusdan keyin yo‘qotadigan hech narsasi qolmagan «Manchester Yunayted» kuchli bosim uyushtirdi. Posteko‘g‘li jamoasi esa to‘pni topshirgan holda yaxshi himoyalandi. 47-daqiqada Hoylund Dialloning pasidan keyin qulay pozitsiyadan turib yetarlicha yaxshi zarba berolmadi – bu «MYu» markaziy forvardining raqib jarima maydoni ichida ilk bor to‘pga teginishi edi. Daniyalik futbolchi ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida supershansni ham yo‘qqa chiqardi. Vikario yana bir bor to‘pga chiqishda xato qildi, Hoylund bo‘sh darvozaga bosh bilan zarba yo‘lladi, ammo van de Ven akrobatik sakrash bilan to‘pga yetib borib, uni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi.

Foto: Pics Action/NurPhoto via Getty Images

«Tottenhem» amalda qarshi o‘yin taklif etmadi va hisobni saqlash uchun o‘ynadi. Shu kuni hujumning chap qanotida tushirilgan Risharlison charchab qoldi va 67-daqiqadayoq almashtirildi, uning o‘rniga jarohatidan endi tuzalgan jamoa sardori Son Xin Min tushirildi. O‘yin oxirlariga borib «shporlar»da ham qarshi hujum uyushtirish imkoniyati yuzaga keldi. Udoji Solankeni raqib jarima maydoniga olib kirdi, Dominik esa to‘pni o‘ziga bo‘ysundira olmasdan, vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Bu «Tottenhem» markaziy forvardining «MYu» jarima maydonida ilk bor to‘p bilan muomila qilishi edi.

Vaqt o‘tgan sayin «shporlar» qarshilik ko‘rsatishda qiynalishdi. «Tottenhem» ustozi bu muammoga uchinchi markaziy himoyachini tushirish va o‘yinni butunlay quritib tashlash orqali yechim topdi. O‘zining hujumkor futbolga muhabbati tufayli natijalarni qurbon qilgani uchun tanqid qilingan «romantik» Posteko‘g‘li so‘nggi vaqtlarda o‘z prinsiplariga qarshi bordi va final o‘yinida bunday o‘yin taklif etishdan tortinmadi.

Ikkinchi bo‘lim davomida londonliklar mankunianliklar darvozasi tomon biror marta aniq zarba yo‘llamadi, yakunda zarbalar bo‘yicha yaqqol ortda qolishdi – 3:16 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha  – 1:6). Shunga qaramay, «MYu»da qutqaruvchi golni urish uchun g‘oya ham, saviya ham topilmadi. «Tottenhem» futbolchilari yuqoridan uzatilgan barcha to‘plarni o‘ziniki qildi, forvardga aylangan Maguayrning ham bu safar ishlari yurishmadi. Shou so‘nggi hujumlardan birida to‘p uchun kurashdan ustun kelganida esa Vikario o‘zini ko‘rsatdi. Darvozabonlarning mo‘jizaviy seyvlarisiz bunday o‘yinlarda g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Posteko‘g‘li aldamadi – u chindan ham o‘zining ikkinchi mavsumida sovrin yutadigan murabbiy. Uning bashorati amalga oshdi. «Tottenhem» APLni 17-o‘rinda yakunlayotganiga qaramay, mavsumda sovrinsiz qolmadi va keyingi mavsum YeChLda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Mavzuga oid