Jahon | 09:19 / 09.06.2025
5007
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda Tunberg bo‘lgan kemani G‘azoga kiritmaslik haqida buyruq berildi

Isroil mudofaa vaziri bortida shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunberg bo‘lgan "Madlin" kemasini G‘azo sektori qirg‘oqlariga yaqinlashtirmaslikni buyurdi.

Foto: Getty Images / Anadolu / Salvatore Allegra

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats bortida shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunberg bo‘lgan "Madlin" kemasini G‘azo sektori qirg‘oqlariga yaqinlashtirmaslikni buyurdi. 8 iyun, yakshanba kuni Isroil idorasi rahbari harbiylarga bortida 12 nafar faol bo‘lgan kemani to‘sib qo‘yishni buyurdi.

«Antisemit Greta va uning hamrohlariga, HAMAS targ‘ibotiga yordam beruvchilarga aniq aytmoqchiman: orqaga qaytinglar, G‘azoga yetib borolmaysizlar», deyiladi vazirning bayonotida.

«Isroil hech kimga G‘azo dengiz blokadasini buzishga ruxsat bermaydi, uning maqsadi - qurollarimizni odamlarni garovda ushlab turgan va urush jinoyatlarini sodir etayotgan qotillar va terrorchilar guruhi XAMASga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik», dedi Kats. U «dengiz, havo yoki quruqlik orqali blokadani buzish yoki terroristik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi chora ko‘rishga» va’da berdi.

«Ozodlik flotiliyasi» tarkibiga kiruvchi "Madlin" kemasi 1 iyun kuni Sitsiliyadagi Kataniya portini tark etdi. Gumanitar yordam yuklangan kema bortida atrof-muhit faollari, Tunberg va Yevroparlament deputati Rima Hassan bor. Tashkilotchilar G‘azo sektoriga konserva, guruch, oqsilli batonchalar, sut va meva sharbatlarini yetkazib berishini aytdi.

Ekipaj a’zolarining ma’lum qilishicha, kema 7 iyun kuni Misr suvlariga kirgan va G‘azo sektori tomon yo‘l olgan.

Hassanga fevral oyida Yevropa Ittifoqiga parlament tashrifi doirasida Isroilga kirish taqiqlangan edi.

Mavzuga oid