Sport | 16:29 / 09.06.2025
20700
13 daqiqa o‘qiladi

Jamoa ustunlari: yo‘llanma qo‘lga kiritilishida kimlar qanday hissa qo‘shdi?

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston milliy jamoasi to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun 18 ochko kifoya qildi. Ochkolar soni yana oshishi va hatto guruhda Eronni quvib o‘tib birinchi o‘ringa ham chiqib olish mumkin. Keling voqealar rivojida shoshmaylik-da, mazkur yo‘llanmani qo‘lga kiritishda hissa qo‘shgan futbolchilar, hal qiluvchi so‘nggi bosqichda kimlar va qanday ishtirok etgani haqida to‘xtalsak.

Eng yaxshi va barqaror: O‘tkir Yusupov

So‘nggi bosqichdagi barcha uchrashuvlarda to‘liq ishtirok etgan yagona futbolchimiz – darvozabon O‘tkir Yusupovdir. U 9 uchrashuvdan 6 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay olgani, uch o‘yinda rasman «eng yaxshi futbolchi» deb topilgani, Shimoliy Koreyaga qarshi ikki uchrashuvda penalti qaytarib, qimmatli ochkolarni olib kelgani tahsinga sazovor. O‘tkir shuningdek, 9 turdan 3 tasida Osiyo ramziy jamoasiga kiritildi. Undan tashqari, vakillarimizdan tur ramziy jamoasiga ikki marta Abbosbek Fayzullayev va bir marta Otabek Shukurov kiritilgan.

O‘tkir Yusupov butun Osiyo saralashini e’tiborga olsak ham, so‘nggi bosqichda seyvlar nisbati bo‘yicha faqat Yaponiya posboni Zion Suzukidan ortda qoldi xolos. 90 daqiqada o‘rtacha qutqarishlar soni bo‘yicha esa Yusupov Osiyoda eng yaxshi – o‘rtacha 3,3 ta seyv.  

Barcha uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibdan joy olgan ikkinchi futbolchimiz Odil Hamrobekovdir. O‘tkirdan farqli ravishda Odil Eron va BAAga qarshi kechgan oxirgi o‘yinlarning 86-daqiqasida almashtirilgan.

Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov va Jaloliddin Masharipov jarohat tufayli bittadan o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi.

Yana ikki futbolchi so‘nggi bosqichning barcha o‘yinida qatnashgan – Fayzullayev va Alijonov. Faqat ikkisi ham ba’zi o‘yinlarni ilk daqiqalardan boshlamay, zaxiradan tushirilgan.

Eng sermahsul futbolchi: Abbosbek Fayzullayev, 4 gol va 1 assist

Yuqorida tilga olingandek, Fayzullayev ham ikki marta tur ramziy jamoasidan joy oldi. U so‘nggi bosqichda eng ko‘p – 4 marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Qolgan 7 gol 7 futbolchi nomiga yozilgan. Abbosbekning ayniqsa Shimoliy Koreya darvozasiga urgan g‘alaba goli va Eronda ochko keltirgan jarima zarbasi yakunda juda ahamiyatli bo‘lib chiqdi. Afsuski, Qatarda urilgan ikki chiroyli gol besamar ketdi, aks holda mundial masalasi mart oyidayoq hal qilinishi mumkin edi.

Fayzullayev nafaqat gollari bilan, balki raqib maydonidagi to‘psiz faol harakatlari, pressingda doim ishtirok etishi bilan ham katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdi. Maydonda Fayzullayev va Erkinov bo‘lganida raqib himoyachilari o‘zini bemalol his qilishmadi. 

Statistikaga qaralsa, raqib jarima maydoni yaqinida to‘p uchun kurashdagi g‘alabalar bo‘yicha Fayzullayev Osiyoda faqat Takefusa Kubodan ortda qolgan. Yaponiyalik futbolchi oldingi chiziqda pressing qilish evaziga bir o‘yinda o‘rtacha 1,7 marta to‘pni raqibdan olib qo‘ygan bo‘lsa, Abbosbek ikkinchi o‘rinda – 1,4.

Kerakli paytda kerakli joyda: Oston O‘runov, Husniddin Aliqulov, Hojimat Erkinov

Aslida barcha g‘alabalar minimal hisoblarda qo‘lga kiritilgani e’tiborga olinsa, har bir gol qadrli. Ammo ba’zilarini alohida tilga olish o‘rinli bo‘ladi.

Qirg‘izistonga qarshi safar o‘yinida 72-daqiqagacha durang hisobi saqlanib turgan, o‘yin istalgan tomonga burilib ketishi mumkin edi. Oston jarima maydoni ichkarisida to‘pni qabul qilib olgach, raqibning ikki futbolchisini chiroyli aldab o‘tib, g‘alaba golini urdi. Jamoaviy o‘yin unchalik qovushmay turgan paytda vaziyatni qo‘lga olish va individual mahorat ko‘rsatish yetakchilardan doim kutiladigan muhim xususiyat.

Xuddi o‘sha o‘yinda Aliqulov bosh bilan urgan golning ahamiyati ham kam emasdi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida Qirg‘iziston 2:1 hisobida oldinda borayotgan, agar tanaffusgacha shu hisob saqlanib qolsa, raqib ikkinchi bo‘limda butunlay himoyaga yotib olishi va yanada qiyin bo‘lishi turgan gap edi. Hisob tenglashishi esa mezbonlarning shashtini sindirdi va mehmonlarning vazifasi biroz osonlashdi.

Eronga qarshi safar o‘yini BAA bilan sirtqi raqobatda juda muhim ahamiyatga edi. Arablar Eronda mag‘lubiyatga uchragani tufayli O‘zbekiston bu stadionda ochko olishi BAAga qarshi safar o‘yiniga «parashyut» bilan borishini ta’minlab berardi. Erkinov hisobni ochishi – O‘zbekiston futbolchilarida o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirdi, bu o‘yin boshqacha, teng kurashlar ostida o‘tishini aynan Hojimatning golidan so‘ng anglagandik.

Kapadze chizgisi: Hojiakbar Alijonov

Kutilganidek, Temur Kapadze bosh murabbiyga aylangach, Srechko Katanets sxemasi va uslubiga katta o‘zgarishlar kiritmadi. Bu eng to‘g‘ri qaror edi, zero hal qiluvchi pallalarda, nazorat o‘yinlari va mashg‘ulotlarsiz keskin o‘zgarishlarga qo‘l urish – natijaga ta’sir qilishi mumkin edi. Ammo shunda ham ba’zi nuqtalar sezildi, ayniqsa, Hojiakbar Alijonov yanada yuqoriroqda, hatto Otabek va Odildan ham oldinroqda o‘ynay boshladi. Bu himoyalanish va qarshi hujumlar uchun biroz tavakkalchilik bo‘lishi mumkin, ammo pozitsion hujumlarda son jihatdan ustunlikka ega bo‘lish, variantlarni ko‘paytirib, raqibni chalg‘itish uchun qo‘l keldi. Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda Alijonov eng yaxshi futbolchi deb topildi va tur ramziy jamoasidan ham joy oldi. Eron va BAA bilan uchrashuvlarda ham Hojiakbar faol bo‘ldi va so‘nggi o‘yinimizda ham u jamoa safida eng ko‘p baho olgan futbolchiga aylandi.

Umuman 3-4-3 sxemasi aynan Hojiakbar kabi hujumda nozik harakatlana oladigan ijrochilarga ehtiyoj sezadi va agar Kapadze bu sxemada qoladigan bo‘lsa, hali keyingi o‘yinlarda ham Alijonov asosiy figuralardan biri bo‘ladi.

Tajriba va nazorat: Otabek Shukurov, Jaloliddin Masharipov va Eldor Shomurodov

Deyarli tengdosh bo‘lgan bu uch futbolchining tajribasi muhim o‘yinlarda o‘ylaganimizdan ham ko‘proq yordam bergani shubhasiz. Biz faqat televizorda yoki tribunadan ko‘ramiz, ammo jamoa ichida, maydonda, mashg‘ulotlarda tajribali futbolchilarning o‘rni beqiyosdir.

Biz JCh-2022 saralashida so‘nggi bosqichga ham yetib kela olmaganmiz, oxirgi marta bunday muhim darajadagi uchrashuvlarda 2017 yilda qatnashgandik. Oradagi mana shu 7-8 yillik tanaffus jamoadagi muhim zanjirni, o‘ziga xos merosni uzib qo‘yishi ham mumkin edi. Aynan Shomurodov, Shukurov kabi futbolchilar o‘sha 2017 yildagi alamli saralash o‘yinlarida ham tarkibda bor edi, mundialga bir qadam masofagacha yetib kelishgandi. Go‘yoki bir tekisda o‘tgandek tuyulgan bo‘lsa-da, aslida juda ko‘p marta qiyin vaziyatlarga tushib qoldik, ochkolar qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi. Hisobda ortda borib, hisobni tenglashtirishga to‘g‘ri keldi, ba’zida butun jamoa bo‘lib himoyalandik, hujum qildik. O‘ziga yarasha burilishlarga boy bo‘lgan o‘yinlarda albatta, tajribali futbolchilarsiz qiyin.

Otabek Shukurov o‘rtacha baholar bo‘yicha Osiyo saralash bosqichida kuchli o‘nlikdan (Masharipov 13-o‘rinda) joy oldi, shuningdek aniq uzatmalar bo‘yicha ham Shukurov jamoaning eng yaxshisi. U bir marta tur ramziy jamoasidan ham joy oldi.

Jaloliddin ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda ancha o‘zgargani, ayniqsa to‘p nazoratida va himoyalanishda yanada faol harakat qilib, noaniq paslar, riskli qarorlarini kamaytirgani sezildi. Eldor Shomurodovni esa ortiqcha ta’riflash shart emas. Uning nomining o‘zi ham raqib o‘yin uslubini o‘zgartirishga, ehtiyotkorroq o‘ynashga undaydi. Aksariyat hollarda bir necha himoyachi Eldor bilan ovora bo‘lib qolishi boshqa hujumchilarga qulaylik yaratdi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati qanday tuzilgan?

So‘nggi bosqichda jami 25 futbolchi ishtirok etdi. Yuqorida tilgan olingan O‘tkir Yusupov to‘liq 810 daqiqa qatnashgan bo‘lsa, Zafarmurod Abdurahmatovda eng kam – 2, Azizbek Amonovda 7 va Abdurauf Bo‘riyevda 8 daqiqa bor. Jamoa a’zolari 13 marta sariq, bir marta qizil kartochka olgan.

Umumiy xulosalar butun saralash bosqichi tugagandan keyin, ya’ni Qatar bilan uchrashuv o‘tgach emas, 9 tur asosida berilayotganining ikki sababi bor. Birinchidan, so‘nggi tur o‘yinlari guruhimizda hech narsani hal qilmaydi – o‘rinlar almashishi mumkin, lekin yo‘llanma egalari va keyingi bosqichga chiqqan jamoalar aniq. Tabiiyki, so‘nggi tur ko‘proq o‘rtoqlik maqomiga yaqin bo‘lishi, murabbiylar ba’zi o‘zgarishlarni amalga oshirishi mumkin. Guruhda haqiqiy kurash aynan o‘tgan 9-turda bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin.

Ikkinchidan, BAA bilan uchrashuvda qoniqarli natija qayd etilib, jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, jamoaning deyarli barcha a’zolari, xodimlar va funksionerlar davlat mukofoti bilan taqdirlanishdi. Xususan, bosh murabbiy Timur Kapadze va 25 futbolchi «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoniga loyiq ko‘rildi.

Ammo qizig‘i, bu 25 futbolchi yuqorida tilga olingan, ya’ni so‘nggi bosqich saralash bahslarida maydonga tushgan futbolchilar emas, kichik farqlar bor. Ro‘yxatda asosan so‘nggi yig‘inlarda, ya’ni BAA bilan o‘yinga tanlangan tarkibdan tuzilganini ko‘rish mumkin.

Masalan, so‘nggi bosqichning o‘zida 4 o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, jami 134 daqiqa harakat qilgan, hatto Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinda assist amalga oshirgan Bobur Abduxoliqov mukofotlanganlar ro‘yxatida yo‘q. Shuningdek, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev (33 daqiqa), Azizbek Amonov (7 daqiqa), Zafarmurod Abdurahmatov (2 daqiqa) kabi futbolchilarni ham mukofotlanganlar qatorida topa olmadik, ammo 9 tur davomida biror marta ham ko‘rinish bermagan Botirali Ergashev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Abduvohid Ne’matov va Igor Sergeyev ro‘yxatga kiritilgan.

Agar faqat BAA safarida qaydnomada bo‘lgan futbolchilardan tuzildi, desak, BAAga borgan, ammo qaydnomadan o‘rin olmagan Ruslanbek Jiyanov (avvalgi o‘yinlarda jami 36 daqiqa o‘ynagan) ro‘yxatda bor. Agar avvalgi bosqichlar ham inobatga olingan deb hisoblasak, Sergeyev (Eron darvozasiga gol ham urgan) tushunarli bo‘ladi, lekin 2-bosqichda to‘p surgan Xolmatov va G‘aniyev yo‘q, ancha yillardan beri faqat BAAga qarshi o‘yin oldidan milliy jamoaga qaytgan, lekin shu o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmagan To‘xtaxo‘jayev esa bor.

Imzolash uchun kiritilayotganda ro‘yxat qay tariqa shakllantirilgan, buni aniq aytish qiyin, ammo ba’zi tushunmovchiliklar bor, ayniqsa, Bobur Abduxoliqov tushib qolishi biroz noto‘g‘ri bo‘lgan, deyish mumkin.

Mavzuga oid