Eron-Isroil urushining iqtisodiy ta’siri: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘sib qo‘yilishi mumkinmi?
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon uglevodorod bozori uchun muhim ahamiyatga ega. Dunyo neftining taxminan 1/5 qismi va suyultirilgan gazning 1/3 qismi shu yerdan o‘tadi. Bo‘g‘ozning yopilishi butun dunyodagi iqtisodiy vaziyatni jiddiy izdan chiqarishi mumkin. O‘z navbatida, bunday qadam Eronning Xitoy bilan munosabatlarini yomonlashtiradi.

13 iyun kuni Yaqin Sharqda boshlangan Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv global xomashyo bozoridagi narxlarga keskin ta’sir ko‘rsatdi. Isroil Eronning yadro va energetika obektlariga zarbalar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Tehrondagi yonilg‘i omborlarining alanga ichida qolganini aks ettirgan ko‘plab videolar tarqaldi.
Hujum boshlangan kuni neftning Brent markasi 78 dollardan, WTI markasi esa 76 dollardan oshdi. Ammo dushanba kungi savdolarda narxlar qisman barqarorlashdi. Xususan, Brent narxi 74 dollargacha, WTI narxi 73 dollargacha pasaydi. Urushning keng ko‘lamda va uzoq muddat davom etishi global iqtisodiyotda bir qancha jiddiy xatarlarni paydo qilishi mumkin.
Xo‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish
So‘nggi o‘n yilliklarda Amerika tajovuzi sodir bo‘lgan holatlarda Eron muntazam ravishda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qilib keladi. Isroil bilan to‘qnashuvlar boshlanganidan keyin ham Eron parlamenti deputati Ismoil Kavsari ushbu strategik yo‘lakni yopish masalasi muhokama etilayotganini aytdi. Uning so‘zlaridan so‘ng ayrim nashrlar va propaganda kanallari neft narxi 130 dollarga chiqishi mumkinligini bashorat qildi. Biroq bozorda bunday keskin reaksiya kuzatilmayapti.
Yaqin Sharq yirik neft qazib olinuvchi mintaqa bo‘lib, dunyodagi eng yirik neft zaxiralari va ishlab chiqaruvchilar joylashgan. Xo‘rmuz bo‘g‘ozi jahon uglevodorod bozori uchun muhim ahamiyatga ega. Dunyo neftining taxminan 1/5 qismi va suyultirilgan gazning 1/3 qismi shu yerdan o‘tadi. Bo‘g‘ozning yopilishi butun dunyodagi iqtisodiy vaziyatni jiddiy izdan chiqarishi mumkin. Misollarni uzoqdan izlashning hojati yo‘q: Yamandagi kamtargina husiychilar tijorat kemalarining Qizil dengiz orqali o‘tishiga to‘sqinlik qilishda muvaffaqiyatli harakatlangandi.
Lekin bu variantdagi muammo boshqa joyda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bugungi kunda birinchi navbatda G‘arbga emas, Xitoyga kerak: rasmiy Pekin import qiladigan neftning qariyb yarmi shu yo‘nalish orqali o‘tadi. Bunday qadam Isroilning asosiy ittifoqchisi AQSh manfaatlariga faqat bilvosita zarar yetkazadi, ammo shu bilan birga Tehronning asosiy savdo sherigi – Pekin bilan munosabatlarni buzadi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi jahon iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib keladigan qadam bo‘lib, bu yo‘lakni to‘sib qo‘yish Eron uchun juda oson. Shunga qaramay, Xitoyning manfaatlari tufayli bunday qilish ehtimoli pastligicha qolyapti. Ya’ni bo‘g‘ozning yopilishi urushga boshqa qudratli global o‘yinchilarning ham qo‘shilishiga olib kelishi mumkin.
Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Eronda neft qazib olish hajmi kuniga o‘rtacha 3,1 mln barrelni tashkil etadi. Bu global ta’minot zanjirida juda ham katta raqam emas. Eslatib o‘tamiz, Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda umumiy global talab kuniga 103,5 mln barrelni tashkil qiladi.
Global inflatsiya xavfi
Neft narxi ko‘tarilgach, uni import qiluvchi mamlakatlarda ishlab chiqarish xarajatlari oshadi va bu inflatsiyani tezlashtiradi. Ayni paytda Trampning tarif urushi fonida global iqtisodiy tizim og‘ir damlarni boshidan o‘tkazyapti.
Capital Economics hisob-kitoblariga ko‘ra, agar neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan ko‘tarilsa, bu rivojlangan bozorlarda inflatsiyaning 1 foiz bandga oshishiga olib keladi. Natijada Markaziy banklarning foiz stavkalarini tushirishga bo‘lgan umidlari imkonsiz holatga kelib qolishi mumkin.
Neft narxi ko‘tarilishidan eng ko‘p foyda ko‘radigan davlat Rossiyadir. Bu Kreml g‘aznasiga Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish uchun milliardlab dollar qo‘shimcha daromad keltiradi. Ayni paytda rasmiy Moskva sanksiyalar tufayli neftini Xitoy va Hindistonga chegirmali narxlarda sotishga majbur bo‘lyapti. Mamlakatdagi budjet taqchilligi prognozi ham xomashyo narxlarining arzonlashishi sababli bir necha marta oshirildi.
Shuningdek, Isroil va Eron Iroq va Iordaniya bilan birga havo hududini yopdi. Bir nechta aviakompaniyalar ushbu mintaqaga parvozlarni bekor qildi, chunki harbiy harakatlar samolyotlarning halokatga uchrash xavfini oshiradi. Parvozlar yo‘nalishini o‘zgartirish aviakompaniyalarga ancha qimmatga tushadi, chunki uchish davomiyligi ko‘paydi va qo‘shimcha yoqilg‘iga talab yuzaga keladi.
Mavzuga oid

21:59
Tramp Erondan «so‘zsiz taslim bo‘lishni» talab qildi

20:00
Isroil eronliklar tuzumga qarshi isyon ko‘tarishiga umid qilmoqda. Buning ehtimoli bormi?

18:20
Isroildagi xorijliklar vizasi muddati avtomatik tarzda uzaytirildi

17:13