Jahon | 13:55
2460
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Isroil va Erondan 5 ming kishini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda

Deyarli 4000 nafar Germaniya fuqarosi Isroildan, mingga yaqini esa Erondan evakuatsiya qilinganlar ro‘yxatida. Turli variantlar ko‘rib chiqilmoqda, ammo hozircha yakuniy qaror yo‘q, deya ma’lum qildi Germaniya TIV.

Foto: UGC (x.com)

Isroilning Eronga qarshi bir necha kundan beri davom etayotgan harbiy amaliyoti fonida Germaniya bu davlatlardan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga hozirlik ko‘rmoqda. 16 iyun, dushanba kuni Berlinda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Isroildan evakuatsiya qilish uchun jami 4000 ga yaqin nemis fuqarosi ELEFAND inqirozlar ro‘yxatida, Eronda esa deyarli 1000 nafari bor, dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ro‘yxatlar hozirda Isroil va Eronda qancha nemis fuqarolari borligi haqida to‘liq ma’lumot bermaydi, chunki ularning ko‘pchiligi hisobga olinmagan. TIV vakili ushbu mamlakatlardagi barcha Germaniya fuqarolarini ELEFAND'da ro‘yxatdan o‘tishga chaqirdi. Hozirda havo orqali evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lmagani uchun «barcha variantlar ko‘rib chiqilmoqda», ammo hozircha yakuniy qaror yo‘q, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Ayni paytda, Chexiya hukumati allaqachon o‘z fuqarolarini Isroildan evakuatsiya qilishni boshlagan. Chexiyaning Isroildagi elchisi Veronika Kuchinova-Shmigolova CTK agentligiga 80 ga yaqin odam Tel-Avivdan avtokolonnada qo‘shni davlatlardan biriga olib ketilgani, u yerdan hukumat samolyotida Pragaga evakuatsiya qilinganini bildirdi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu davlat nomi oshkor etilmayapti.

Slovakiya ham o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda va mintaqaga ikkita hukumat samolyotini jo‘natgan. Ulardan birining Bratislavaga qaytishi kutilmoqda, deb xabar qildi Slovakiya TIV xavfsizlik nuqtayi nazaridan tafsilotlarni keltirmagan holda. Mamlakat IIV birinchi samolyot Iordaniyadan yetib kelishi va 91 yo‘lovchini yetkazishini, ikkinchisi esa Kiprdan kelishini aytdi. Dpa agentligi ta’kidlaganidek, o‘tmishda shunga o‘xshash vaziyatlarda Slovakiya boshqa Yevropa mamlakatlari fuqarolarini evakuatsiya reyslariga qabul qilgan va bu safar ham bunday chora istisno etilmagan.

Mavzuga oid