Iqtisodiyot | 18:27 / 21.06.2025
1249
4 daqiqa o‘qiladi

Chakana savdoda chegirma berish va aksiya o‘tkazish qoidalari belgilanishi mumkin

Raqobat qo‘mitasi ishlab chiqqan qaror loyihasi bilan, sotuvchilarning narxlarni sun’iy oshirib, keyin go‘yoki arzonlashtirilgan narx deya chegirma berish orqali iste’molchilarni chalg‘itishini taqiqlash taklif etilmoqda. Sotuvchilarga aksiya va chegirma haqidagi batafsil ma’lumotlarni 10 kun oldin soliq organiga taqdim etish majburiyati yuklanishi mumkin.

Foto: iStock

O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi chakana savdo qoidalariga aksiyalar va chegirmalar haqida normalar kiritishni taklif qilmoqda. Qo‘mita tegishli qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, sotuvchi chegirma taklif etganda, tovarning avvalgi narxini ham ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Chegirmada ko‘rsatilgan avvalgi narx chegirma e’lon qilingunga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narx bo‘lishi lozim. Sotuvchiga buni isbotlash majburiyatini yuklash taklif etilmoqda. 

Narxnomada tovarning aksiyadagi narxi odatiy narx yozilgan shriftga qaraganda kattaroq bo‘lishi mumkin emas.

Sotuvchi sun’iy ravishda narxlarni oshirib, keyinchalik arzonlashtirilgan narxlarni chegirma sifatida ko‘rsatish orqali iste’molchilarni chalg‘itishi taqiqlanadi.

O‘tkaziladigan aksiya va chegirmalar hamda ustamalar yuzasidan batafsil axborot, ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan 10 kun oldin soliq xizmati organlariga taqdim etilishi shart, deb belgilanishi mumkin.

Sotuvchi o‘z tovarlariga nisbatan chegirmalarni e’lon qilishda tovarlar va narxlar hisobini yuritishga, tovarning oxirgi 30 kunda amalda bo‘lgan narxlarini qayd etish hamda iste’molchining talabiga ko‘ra, mazkur ma’lumotlarni taqdim etishga majbur, degan qoida taklif etilmoqda.

Aksiya o‘tkazmoqchi bo‘lgan sotuvchilarga quyidagi talablar qo‘yilishi mumkin:

  • aksiyani e’lon qilishda uning shartlarini, shu jumladan aksiyaning amal qilish muddati, sotib olish shartlari, aksiyaga qo‘yiladigan tovarlar nomi (turkumi) va boshqa muhim ma’lumotlarni iste’molchilarga aniq va tushunarli qilib yetkazish;
  • aksiya e’lon qilingandan so‘ng uning shartlarini o‘zgartirmaslik, aksiyaga qo‘yiladigan tovar narxi haqida to‘g‘ri va yetarli darajada to‘liq ma’lumot berish;
  • aksiya davomida taklif etilayotgan chegirma, bonus va boshqa imtiyozlar haqiqatda amal qilishini ta’minlash;
  • aksiyaga qo‘yilgan tovarlar zaxirasini uning amal qilish muddati davomida yetarli miqdorda bo‘lishini ta’minlash.

Bundan tashqari:

  • chegirmani aniq foiz yoki summa shaklida belgilash hamda tovar narxi oson aniqlanishi va aniq o‘qilishini ta’minlash;
  • iste’molchining talabiga ko‘ra, har bir tovar uchun chegirma narxgacha bo‘lgan narx haqida aniq ma’lumot taqdim etish;
  • tovarning 30 kun oldingi narxini dalilar bilan asoslab berish;
  • agarda chegirma narxda sotilishi nazarda tutilgan tovar soni cheklangan yoki mavsumiy yoxud mahsulotlarining holatiga bog‘liq bo‘lsa (xizmat qilish muddati yoki yaroqlilik muddati yaqinlashgan, but bo‘lmagan, mavsumiy sotish, eski zaxiralarni tugatish, qadoqlashning shikastlanishi va/yoki boshqa sabablar), bu haqda chegirma to‘g‘risidagi ma’lumotda iste’molchilarni xabardor qilish;
  • chegirma narxning amal qilish muddati (boshlanish va tugash sanasi)ni aniq ko‘rsatish, agar chegirma narx faqatgina muayyan sharoitlarda qo‘llanilsa, bu sharoitlarni oldindan ma’lum qilish;
  • agar chegirmani taqdim etish iste’molchidan shaxsga doir ma’lumotlarni berish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilsa, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish va iste’molchilarni ularning ma’lumotlarini qayta ishlash maqsadlari va shartlari to‘g‘risida xabardor qilish kabi majburiyatlarni sotuvchilarga yuklash taklif etilyapti.

Aksiya va chegirmalar qo‘llagan holda chakana savdo qilish bo‘yicha talablarning buzilishi sotuvchini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishini belgilash ko‘zda tutilyapti.

Jamoatchilik muhokamasi 5 iyulgacha davom etadi.

Hujjat loyihasi qabul qilinishi, o‘zgartirilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid