Jahon | 23:23 / 24.06.2025
17371
5 daqiqa o‘qiladi

Urush kundaligi: Isroil vayronalari

Eron va Isroil o‘rtasidagi urush hamon davom etmoqda. Mister Tramp butun dunyoni «tinchlik bilan tabriklab», Eron va Isroil sulh bo‘yicha kelishganini aytganidan keyin ham. O‘zi bechora Trampga oxirgi vaqtlarda hech kim quloq solmayapti: na Rossiya, na Ukraina, na Eron-u va na Isroil. Keling, hali tugamagan Yaqin Sharqdagi bu to‘qnashuvni birinchi Eron – Isroil urushi deb ataymiz, axir bu chinakam urush bo‘ldi. Quyida urushdagi bir holatga – Isroilda xuddi G‘azodagidek vayronalar paydo bo‘lganiga to‘xtalmoqchiman.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yana ikki davlat qo‘shildi

Eron va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvni bemalol urush deb atashimizga sabablaridan biri unga yana ikki davlat qo‘shilgani: AQSh va Yaman. Vashington Eronga hujum qilish orqali rasman urushga qo‘shildi. Keyinroq Yaman ham Eron tomondan urushishini e’lon qildi.

Aftidan, Tramp AQShning oxirgi zarbasidan keyin aytganidek Yamandagi xusiychilar shialar harakati to‘liq kuchsizlanib qolmagan. Ular Amerika Eronga hujum qilgach, «Qizil dengizdagi kemalar xavfsizligi uchun javob bermasliklarini», aytishdi. Yamanning joylashuvi juda qulay – ular istalgan paytda Qizil dengiz o‘tish yo‘lini xavfli marshrutga aylantirib, butun dunyodagi narx-navoni oshirib yuborishi mumkin.

Demak, urushga rasman to‘rtta davlat qo‘shildi. Bu hozircha uchinchi jahon urushi emas, lekin ishoning, hozirgi holat chinakam mintaqaviy urush hisoblanadi.

Isroilda xuddi G‘azodagidek vayronalar

Amerika hujumidan keyin Eron Isroilga yoppasiga ballistik raketalar uchirdi. Natijada Isroil shaharlarida juda ko‘p portlashlar kuzatildi. «Temir gumbaz» kutilganidek barcha raketalarni tutib qololmadi. Eron tomoni umumiy hisobda 27 ta raketa uchirgan va e’lon qilingan rasmlarga qaraganda, ko‘p raketalar nishonga borib urilgan. Isroil shaharlarida xuddi G‘azodagiga o‘xshagan vayronalar paydo bo‘ldi. Kadrlar qutqaruvchi va mashinalardagi ibroniycha yozuvlar bo‘lmasa, xuddi G‘azodagi Isroil armiyasi bombardimon qilgan uylarni eslatadi.

«HAMASga qarshi urush» iddaosi bilan G‘azoning kulini ko‘kka sovurayotgan vaqtda Isroil rahbarlari ko‘p o‘tmay ularning shaharlarida ham xuddi shunaqa vayronalar paydo bo‘lishi, uyidan ayrilgan odamlar zor yig‘lashi, ota-onasini qidirgan go‘daklar azob chekishini o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Lekin biz ko‘p aytadigan haqiqatni yana bir bor eslatmoqchimiz: urushni boshqara olmagan odam axmoqdir. Urushni hech kim boshqarolmaydi. Har qanday urush bir kun kelib uni boshlagan odamning boshiga qulaydi.

Urushlarga mana shu rakursdan qarash kerak, azizlar. Hech bir da’vo, hech bir harbiy maqsad yosh bolalar o‘limi evaziga qo‘lga kiritishga arzimaydi. Afsuski, dunyoni notinch qilib urush boshlayotgan mulozimchalar bizni eshitishmaydi, lekin biz sizga – o‘z auditoriyamizga shu kanalimiz orqali murojaat qila olamiz: hech bir urushni qo‘llamang, urushni boshlaganlarning tarixdan olib kelib so‘qiydigan safsatalarini eshitmang, «Bizga bu yerlarni Xudo bergan», «Bu yerlar azaldan bizniki bo‘lgan», «Tarixiy haqiqat tiklandi», deb iddao qiladigan siyosatchilar televizor orqali odamlarni avrashni boshlasa, boshqa kanalga oling.

Unutmang, urush boshlash sababini tarixdan ko‘rsatadiganlar razil odamlardir. Chunki bugungi urush – bugunning dardi, unda hozir yashaydigan odamlar o‘ladi, tarixda yashab ketganlar emas... Omon bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid