Jahon | 21:44 / 02.07.2025
16867
10 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon-Rossiya mojarosi: Bokuda ushlangan rossiyaliklar haqida nimalar ma’lum?

Jurnalistlar ularning shaxsiga aniqlik kiritgan, ular orasida tadbirkor, dasturchilar va sayyohlar bor.

Iyun oyi oxirida Yekaterinburgda ozarboyjonliklarga qarshi uyushtirilgan reyd vaqtida ikki ozarboyjonlik – aka-uka Husayn va Ziyaddin Safarov vafot etganidan keyin Bokuda kamida 10 nafar rossiyalik qo‘lga olindi. Huquq-tartibot organlari xodimlari qo‘lga olinganlarni g‘oz bo‘lib yurishga majburlab, yerga yotqizgani va avtozakka tiqayotgani aks etgan sahnalashtirilgan video mahalliy mediada keng tarqaldi. Ozarboyjon IIV versiyasiga ko‘ra, qo‘lga olingan rossiyaliklar – Eron orqali giyohvand moddalarni tranzit qilish va onlayn tarqatishda, shuningdek, kiberjinoyatchilik bilan shug‘ullangan ikki jinoiy guruh a’zolaridir. 1 iyul kuni kechqurun Bokudagi sud sakkiz rossiyalikni hibsga olish haqida qaror chiqardi. Sud zalida olingan kadrlardan sudlanuvchilar qattiq kaltaklanganini bilish mumkin: ulardan birining yuzida qon qotib qolganining, boshqalarining yuzi – ko‘kargani va qontalash bo‘lganini ko‘rish mumkin. Oldinroq qo‘lga olingan ikki rossiyalik bilan nima bo‘lgani noma’lum. Rossiyadagi jurnalistlar sud zaliga olib kelinganlardan yetti nafarining shaxsini aniqlagan.

Anton Drachev, 41 yosh. IT-tadbirkor. Drachev hibsga olinganini uning onasi tasdiqlagan. Drachev Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida shuningdek, Oliy iqtisodiyot maktabi va Drezden amaliy fanlar universitetida tahsil olgan. U Red Star Asset Management hedj-fondida IT-dasturlash bo‘limini boshqargan va 2017 yilda o‘zining Airo startapiga asos solgan – bu maishiy xizmatlar ijrochilari va mijozlarini oflayn rejimda bog‘laydigan platforma. 2021 yilda Ms venchur fondi kompaniyaning qariyb 10 foiz ulushini sotib olgan, hozirda operator 17,33 foiz ulushga ega. Drachev muntazam ravishda Ozarboyjonga safar qilib keladi – 2022 yil oxiridan 2023 yil sentabrigacha u mamlakatga 10 martadan ko‘proq tashrif buyurgan. O‘tgan davrda u bir marta Rossiyadan Eronga ham uchgan.

Dmitriy Bezugliy, 30 yosh. Peterburgdagi Aniq mexanika va optika instituti (ITMO) bitiruvchisi, VK va «Yandeks»da dasturchi bo‘lib ishlagan, 2022 yil sentabrida Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan keyin mamlakatni tark etgan. Jurnalistlar aniqlashicha, telegramda Bezugliy relokatsiya, frontend-dasturlash va IT-startaplar bo‘yicha ko‘plab chatlarda o‘tiradi.

Sergey Sofronov, 23 yosh. Sofronovning hibsga olinganini qarindoshlari tasdiqladi. U Cherepovsdan bo‘lgan dasturchi. 2020 yilda litseyni tamomlab, Kaliningradga ayti mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish va bolalarga dars berish uchun jo‘nab ketgan. 2022 yilda Rossiyadan avval Qozog‘istonga, keyin esa Ozarboyjonga borgan.

Aleksandr Vaysero, 35 yosh. Doimiy yashash joyi Yekaterinburg. U hibsga olinganini jurnalistlarga qaylig‘i va onasi tasdiqlagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Vaysero saytlar yaratish bilan shug‘ullanadi, Ozarboyjonga esa o‘zbekistonlik do‘sti bilan sayyoh sifatida kelgan. Hibsga olingunga qadar mamlakatda bir necha hafta bo‘lgan. Sud zalidan olingan fotosuratlar va videolarda Vaysero ko‘rinmaydi.

Valeriy Dulov, 38 yosh. Arxangelskda tug‘ilgan. Yamalda muhandis-neftchi bo‘lib ishlagan, so‘ngra neft zaxiralarini baholash uchun ilova ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. 2013 yildan «Gazpromneft»da dasturchi bo‘lib ishlagan, keyinroq Peterburgga ko‘chib o‘tgan. «Baza» telegram-kanalining ma’lumotlariga ko‘ra, Dulov 2022 yil oktyabr oyida Rossiyadan Qozog‘istonga ketgan. «Ostorojno, novosti» qo‘lga olingan shaxsning do‘stlariga tayanib yozishicha, Dulov hibsga olinishidan oldin Bokuda xizmat safarida bo‘lgan.

Aleksey Vasilchenko, 25 yosh. Peterburglik psixolog va Dulovning do‘sti. Vasilchenkoning yaqinlariga ko‘ra, u Ozarboyjonga do‘stlari oldiga kelgan va Dulovnikida mehmon bo‘lgan. Ular aynan shu uchrashuvda qo‘lga olinganmi yoki yo‘qmi, aniq emas.

Dmitriy Fedorov, 22 yosh. Uning hibsga olinganini o‘gay otasi tasdiqladi. Fedorov arxitektura-qurilish universitetida tahsil olgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Fedorov kripto-investor. «Baza» ma’lumotlariga ko‘ra, u Bokuga bir necha oy oldin borgandi.

Bokudagi sud 1 iyul kuni «Rossiya segodnya» («Sputnik Ozarboyjon») axborot agentligining Bokudagi filiali ijrochi direktori Igor Kartavx va nashr bosh muharriri Yevgeniy Belousovni ham hibsga olgandi. Ular bir kun avval «Sputnik Ozarboyjon» ofisidagi tintuvdan so‘ng qo‘lga olingan. Ozarboyjon IIV firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mol-mulkni legallashtirish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Mahalliy OAV Kartavx va Belousov Rossiya Federal xavfsizlik xizmatida (FSB) ishlashi haqida yozgan, «Sputnik Ozarboyjon» tahririyati bu ayblovlarni rad etgan. Rossiya hukumati agentlik xodimlarini ozod qilishni talab qilgan. Qolgan hibsga olingan rossiyaliklar haqida esa Kreml «barcha videokadrlar ko‘rilgani», «barcha tafsilotlarga e’tibor qaratilgani» va «fuqarolarning qonuniy manfaatlari diplomatik kanallar orqali himoya qilinishi»ni bildirgan.

Yekaterinburgda navbatdagi reydlar

Yekaterinburgda esa xavfsizlik kuchlari mahalliy Ozarboyjon diasporasi rahbari, «Ozarboyjon-Ural» tashkiloti rahbari Shahin Shixlinskiyni qo‘lga oldi.

Uning mashinasi ko‘chada to‘xtatilgan, so‘ngra xavfsizlik kuchlari yo‘ltanlamasning oynalarini bolg‘alar bilan sindirishgan, yo‘lovchini kuch bilan tushirib olishgan va qo‘lini kishanlashgan.

Xavfsizlik kuchlariga yaqin bo‘lgan «Baza» telegram-kanalining ta’kidlashicha, Ozarboyjon diasporasi rahbari bir necha kun oldin, aka-uka Safarovlarni qo‘lga olish reydi paytida so‘roq qilingan. Shixlinskiyning o‘g‘li nashrga otasi hibsga olinganidan keyin Tergov qo‘mitasiga so‘roqqa olib ketilganini aytdi.

Shahin Shixlinskiy qo‘lga olingani haqida Ozarboyjondagi Trend nashri diasporalar bilan ishlovchi davlat qo‘mitasiga tayanib xabar bergan.

Keyinroq RBK Shixlinskiy guvoh sifatida qo‘yib yuborilganini xabar qildi. Ushbu nashr uning o‘g‘li Mutvaliga asoslanib xabar qilgan.

Bungacha nimalar bo‘lgandi: voqealar rivoji

Yekaterinburgda 27 iyun kuni kelib chiqishiga ko‘ra Ozarboyjondan bo‘lganlarni ommaviy qo‘lga olish jarayoni bo‘lib o‘tgandi: 50 ga yaqin kishi 2001–2011 yillarda sodir etilgan qotillik va boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish uchun Tergov qo‘mitasiga olib borilgandi.

Asosiy ikki gumonlanuvchi, aka-uka Husayn va Ziyaddin Safarov tergov harakatlari chog‘ida vafot etgan. Tergov qo‘mitasi versiyasiga ko‘ra, ulardan biri yurak yetishmovchiligi oqibatida jon bergan. Ikkinchisining o‘limi sabablari o‘rganilayotgani aytilgan. Qo‘lga olinganlarning olti nafari (ularning barchasi kelib chiqishiga ko‘ra Ozarboyjondan va RF fuqarolari) 1 iyul kuni hibsga olingan. Sudda ulardan kamida biri yuzida kaltaklash izlari bilan ko‘rinish bergan.

Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Pyotr Volokovichni chaqirtirib, Yekaterinburgdagi reydlar tufayli unga «qat’iy protest» bildirdi. Ozarboyjonda Rossiya davlat va xususiy tashkilotlari ishtirokidagi barcha madaniy tadbirlar bekor qilindi. Kreml bu qarordan «afsusda» ekanini bildirdi.

30 iyun kuni politsiya Rossiyaning «Sputnik-Ozarboyjon» axborot agentligining Bokudagi ofisini tintuv qilish uchun keldi. RF diplomatlari bir necha soat davomida agentlik xodimlari bilan bog‘lana olmadi.

Ozarboyjon rasmiylari 1 iyul kuni tintuvlardan so‘ng firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va jinoiy yo‘l bilan topilgan mol-mulkni legallashtirish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochgani ma’lum bo‘ldi. «Sputnik-Ozarboyjon» tahririyati rahbari Igor Kartavux va bosh muharrir Yevgeniy Belousov to‘rt oy muddatga hibsga olindi, yana besh kishi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Ozarboyjon ommaviy axborot vositalari hibsga olinganlarni FXX agentlari deb atadi. «Sputnik-Ozarboyjon» buni bema’ni ayblovlar deb atadi.

Ozarboyjon ichki ishlar vazirligi 2025 yil fevral oyida agentlikning akkreditatsiyasi to‘xtatilganiga qaramay, «Sputnik-Ozarboyjon»ni noqonuniy moliyalashtirish va faoliyatini davom ettirish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

Ozarboyjonning Moskvadagi elchisi Rahmon Mustafoyev «Sputnik-Ozarboyjon»dagi tintuv va hibsga olishlar tufayli Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Unga «Bokuning nodo‘stona xatti-harakatlari» va «ikki tomonlama munosabatlarni demontaj qilish bo‘yicha ongli qadamlar» tufayli bilan norozilik bildirildi, shuningdek, Rossiya agentligi xodimlarini ozod qilish talab qilindi.

Kreml «Sputnik-Ozarboyjon» xodimlari tez orada ozod etilishiga, Bokuning «o‘ta hissiy reaksiyasi» «to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot» bilan almashishiga «umid bildirmoqda».

Ozarboyjon Sog‘liqni saqlash vazirligi 1 iyul kuni Yekaterinburgda qo‘lga olish chog‘ida halok bo‘lgan aka-uka Safarovlar og‘ir jarohatlardan vafot etganini ma’lum qildi. Mamlakat Bosh prokuraturasi qiynoqqa solish va o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid