O‘zbekiston | 12:45
16696
5 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors'ning sof foydasi keskin kamaydi. Nega?

2025 yilning birinchi choragida UzAuto Motors'ning sof foydasi 2 barobarga kamayib ketdi. Bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

Foto: Kun.uz

2025 yil I choragida O‘zbekistondagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya – UzAuto Motors'ning umumiy daromadlari 9,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davridagidan (11,7 trln so‘m) 17 foizga kam.

Hisobot davrida kompaniya sof foydasi 637 mlrd so‘m bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yil I choragiga nisbatan (1,3 trillion so‘m) ikki baravar qisqargan. O‘z navbatida, xarajatlar 1 trln 52 mlrd so‘mdan 1 trln 87 mlrd so‘mgacha oshgan.

Ichki bozorda sotuvlar qisqardi

2025 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda “ishlab chiqaruvchi” deb hisoblanuvchi 7 ta kompaniya jami 135 922 dona avtomobil sotgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davridagi sotuvlardan (158 474 dona) 22,5 mingtaga kam. Bu qisqarish Chevrolet avtomobillarining savdosi 142 891 donadan 111 830 donaga (qisqarish – 31 061 dona) pasayishi fonida yuz bergan.

Natijada UzAuto Motors'ning O‘zbekiston bozoridagi ulushi 90,2 foizdan 82,2 foizga tushgan. Kompaniyaning ichki sotuvlari kamayishiga quyidagi omillar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, ichki bozorda zaif bo‘lsa-da raqobat va tanlov imkoniyati paydo bo‘la boshladi. Masalan, 2024 va 2025 yillarning dastlabki 5 oyini taqqoslaganda, Kia sotuvi 56 foizga, BYD sotuvi 39 foizga, Cherry sotuvi 14 foizga, Haval sotuvi esa qariyb 4 barobarga oshgan. Ya’ni shartli Tracker olishni reja qilgan iste’molchi oldida Kia Sonet tanlovi ham bor.

Ikkinchidan, metan narxlarining oshib borayotgani va sovuq kunlarda yuzaga keladigan uzun navbatlar, propan narxining beqarorligi, benzinning qimmatligi fonida ayrim iste’molchilar elektromobil yoki gibrid mashina xarid qilishni afzal ko‘ryapti. Jumladan, BYD Song Plus Champion, BYD Chazor, BYD Yuan Up kabi zamonaviy mashinalarning sotuvi oshib boryapti.

Uchinchidan, ichki bozorning to‘yina boshlagani ortidan bir necha oydan beri ikkilamchi bozorda avtomobillarning narxlari arzonlashyapti. Odamlar mashinaga investitsion aktiv sifatida qarashni to‘xtatib, ortiqcha mablag‘ini boshqa sohalarga yo‘naltirishni boshladi.

Shu bilan birga, UzAuto Motors'da ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar kuzatilmayapti, deyish mumkin: Tracker'dan boshqa barcha modellarda o‘sish kuzatilgan.

Eksport bozori

2025 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistondan xorijga 102 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari eksport qilingan. Bu 2024 yilga nisbatan 26,9 foizga kam. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchi kompaniyaning xorijdagi avtomobil sotuvida ham salbiy o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

UzAuto Motors'ning eng katta eksport bozori – Qozog‘iston. Qo‘shni respublikada Chevrolet avtomobillariga bo‘lgan qiziqish va talab tiklana boshlagan. Masalan, 2024 yilning yanvar-may oylaridagi umumiy sotuvi 6159 donani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqamlar 11 078 donagacha ko‘paygan. Albatta, bu ham nisbiy taqqoslash. 2023 yilning 5 oyida qozog‘istonliklar 17 636 ta Chevrolet avtomobili xarid qilgandi va bu borada kompaniya bozorda mutlaq yetakchi bo‘lgan. Ayni paytda ushbu liderlik Hyundai'ga boy berildi.

UzAuto ichki bozordagi yo‘qotishlarini eksport hisobiga qoplashga jiddiy kirishgan ko‘rinadi. Buni so‘nggi kunlarda chiqayotgan xabarlar ham tasdiqlaydi. Iyun oyi oxirida Kursiv Kazakhstan mamlakatda Chevrolet avtomobillari narxi sezilarli arzonlashgani haqida yozgandi. Xususan, Cobalt'ning Optima komplektatsiyasi narxi 8,19 mln tengedan (198,1 mln so‘m) 7,29 mln tengegacha (176,3 mln so‘m) pasaygan bo‘lsa, Onix'ning mexanik uzatmalar qutisiga ega bazaviy modeli 6,99 mln tengegacha (169,1 mln so‘m), Tracker'ning boshlang‘ich narxi esa 9,99 mln (241,7 mln so‘m) tengega tushirilgan.

Iyul oyi boshiga kelib Qozog‘istonda Cobalt narxi yanada arzonlashtirilgan. 2024 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarga 6,49 mln tenge (156,9 mln so‘m) qiymat belgilangan. Narxlarning bir necha bor pasayishi Xitoy brendlari tobora faollashib borayotgan budjet avtolar segmentida raqobat kuchayib borayotgani fonida yuz beryapti.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, UzAuto Motors sof foydasining 50 foizdan ko‘proqqa kamayib ketishiga yuqorida qayd etilgan ichki va tashqi omillar asosiy sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid