Jahon | 18:46 / 09.07.2025
2033
2 daqiqa o‘qiladi

Yaman sohillarida hujumga uchragan kema cho‘kib ketdi

Kema bortida 21 nafar filippinlik, bir nafar rossiyalik va uch nafar qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lgan. Hozircha ekipajning besh a’zosi qutqarilgan.

Foto: AP

Liberiya bayrog‘i ostida suzgan Eternity C yuk tashuvchi kemasi Qizil dengizning Yaman sohillarida cho‘kib ketdi, deb xabar beradi Reuters. 7 iyul kuni kema husiylar tomonidan hujumga uchragani taxmin qilinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi olib borilmoqda, hozircha ekipajning besh a’zosi qutqarilgan. Kema bortida 21 nafar filippinlik, bir nafar rossiyalik va uch nafar qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lgan. Hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ikki kishi jarohat olgan, jumladan, Rossiya fuqarosi ham.

Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari huzuridagi Dengiz tashuvlarini muvofiqlashtirish markazining ma’lum qilishicha, Liberiya bayrog‘i ostida suzgan Eternity C yuk tashuvchi kemasiga motorli qayiqlarda kelgan shaxslar granatomyot va uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar yordamida hujum qilgan. Bundan bir necha soat oldin «Ansar Alloh» harakati (husiylar) Qizil dengizda Magic Seas tijoriy kemasiga uyushtirilgan hujum uchun mas’uliyatni zimmasiga olgandi.

Mavzuga oid