Jamiyat | 23:09 / 26.07.2025
6243
2 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi fabrika oqova suvlari bilan kanalni ifloslantirdi

Katta Janubiy Farg‘ona kanalida oq ko‘piklar paydo bo‘ldi, suv tarkibida nitrit va nitrat tuzlari, ishqor va bo‘yoqlar borligi aniqlandi.

Foto: O‘zgidromet / Buloqboshi tumani

Andijon viloyati, Buloqboshi tumani, Shirmonbuloq hududidagi kanal trikotaj-tikuv fabrikasi tomonidan ifloslantirilgani ma’lum bo‘ldi.

Buloqboshi tumani hokimligi xabariga ko‘ra, tuman hududidan oqib o‘tuvchi katta Janubiy Farg‘ona kanalida 26 iyul kuni ertalab suv yuzasida ko‘piklar paydo bo‘lgan. 

«Ushbu holat bo‘yicha darhol Sanepidqo‘m Buloqboshi tumani bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda suv namunalari olindi va laboratoriya tahlillari uchun yuborildi», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, kanal ko‘piklanib ketgani haqidagi lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Ekologiya qo‘mitasi xodimlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilgan.

Tekshiruvlar natijasida kanal suvining fizik va kimyoviy tarkibi o‘zgargani aniqlangan. Bunga sabab sifatida trikotaj-tikuv fabrikasi matolarni qayta ishlash uchun sarflagan suvni kanalga oqizgani ko‘rsatilgan. Oqibatda suvning ko‘rinishi va tarkibi o‘zgargan. Suv tarkibida nitrit va nitrat tuzlari, ishqor va bo‘yoqlar borligi aniqlangan. Fabrika nomi xabarda keltirilmagan.

Ta’kidlanishicha, Ekologiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari tomonidan muammo bartaraf etilgan.

Mavzuga oid