Jahon | 21:48 / 02.08.2025
1202
2 daqiqa o‘qiladi

BMT ma’ruzalarini deyarli hech kim o‘qimasligi haqida ma’ruza e’lon qildi

Shu munosabat bilan bosh kotib Antoniu Guterrish majlislarni kamroq o‘tkazish va ma’ruzalarni kamroq tayyorlashni taklif qildi.

Foto: REUTERS/Manon Cruz

Birlashgan Millatlar Tashkilotining samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish yo‘llarini izlashga bag‘ishlangan ma’ruzasida tashkilot ma’ruzalari kamdan-kam o‘qilishi ta’kidlanadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda BMT tizimi 240 ta organ ishtirokida 27 mingta yig‘ilish o‘tkazilishini ta’minlagan, kotibiyat esa 1100 ta ma’ruza tayyorlagan - bu 1990 yilga nisbatan 20 foizga ko‘pdir.

«Ko‘p sonli yig‘ilishlar va ma’ruzalar tizimni va barchamizni ancha toliqtirdi. Bu ma’ruzalarning ko‘pini kam odam o‘qiydi. Har beshinchi ma’ruza 1000 martadan kam yuklab olinadi. Yuklab olish esa o‘qish degani emas», dedi Guterrish.

Shu munosabat bilan Guterrish majlislarni kamroq o‘tkazish va ma’ruzalarni kamroq tayyorlashni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat barcha mandatlar talablariga to‘liq javob beradigan ma’ruzalar tayyorlanishi kerak.

Mavzuga oid