Rudadan qimmatbaho metall olishgacha. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga press-tur
25 avgust kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida OAV vakillari uchun press-tur tashkil qilindi. Unda jurnalistlar kombinatning ishlab chiqarish fabrikalarida bo‘lib, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarish jarayonlari hamda kombinatni rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, press-tur davomida jurnalistlarga dastlab ruda qazib olish jarayonidan uni to eksport qilish yoki mahsulot ishlab chiqarish uchun yo‘naltirishgacha bo‘lgan jarayonlar mis metalli misolida tushuntirib berildi.
Press-tur davomida jurnalistlarga hamrohliq qilgan kombinat matbuot xizmati rahbari Umida Qarshiboyevaga ko‘ra, kombinatdagi ish jarayonlari dastlab konlardan ruda qazib olishdan boshlanadi. Qazib olingan ruda esa mis boyitish fabrikasiga yuboriladi.
«Mis boyitish fabrikasiga olib kelingan rudalar boyitish jarayonidan o‘tadi. Bunda rudadan konsentrat olinadi. Ya'ni ruda maydalanib, qo‘shimcha reagentlar qo‘shish orqali boyitiladi va cho‘kma hosil qilinadi.
Hosil bo‘lgan mis konsentrati mis eritish zavodiga yuboriladi.
Mis eritish zavodida elektroliz jarayoni orqali xomaki mis va toza mis katodi hosil qilinadi. Bundan qolgan qoldiqlar esa oltin ishlab chiqarish uchun Oltin va kumushni affinajlash sexiga yuboriladi», – dedi Qarshiboyeva.
Tadbir davomida jurnalistlar yuqoridagi barcha jarayonlarga bevosita zavodlarning o‘ziga kirgan holda guvoh bo‘lishdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va uning o‘zgarayotgan faoliyati haqida
1949 yilda tashkil topgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 70 yildirki, o‘z faoliyatini barqaror ushlab kelyapti.
U O‘zbekistonning eng yirik, shu bilan birga mis mahsulotlarini qazib olish va ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi 30ta eng yirik korxonalar safidan joy olgan ulkan sanoat majmuasi hisoblanadi.
Bugungi kunda kombinat ochiq va yer osti konlaridan rudani qazib olish, boyitish va tayyer mahsulot olishgacha bo‘lgan jarayonni o‘zida mujassam etgan 45ta tarkibiy bo‘linmadan iborat.
Toshkent, Namangan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida o‘z bo‘limlariga ega bu korxonada 36 ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qiladi.
Kombinat direktori o‘rinbosari Azim Mirzajonovning jurnalistlarga ma'lumot berishicha, 2019 yilda kombinatda katod misi ishlab chikarish 125,4, metalli rux 129,8, sulfat kislota 109,2, oltin 107,7, kumush ishlab chiqarish esa 129,1 foizni tashkil etgan.
2018-2020 yillarda nodir va kamyob yer metallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi bo‘yicha shu yilning 8 oyi davomida 469 tonna metalli molibden ishlab chiqarilishi hamda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga oshdi.
«Tsement ishlab chiqarish ham 2 barobarga ko‘paydi, eksport 893 ming AQSh dolllarini tashkil etib, o‘sish sur'ati 111,3 foizga ko‘tarildi. 2019 yil yakunida 147 ming 250 tonna mis, 90 ming 220 tonna rux, 2 mln tonna sement ishlab chiqarildi. Umumiy mahsulot ishlab chiqarish 17,6 trln so‘mni tashkil etib, daromad 2,3 trln.ga yetdi. Davlat budjetiga to‘lovlar esa 2019 yilda 6,9 trln so‘mni tashkil etdi», – deydi u.
Biz korxona ishchilari bilan ham suhbatlashdik. Ular suhbat davomida 2019 yilning sentabr oyiga qadar kombinatda 100 ming tonna katod misi olinganini alohida ta'kidlashdi.
«Kombinat tarixida hali bunaqasi bo‘lmagandi», – deydi ular.
«Yoshlik-1» dunyodagi eng yirik konga aylanishi kutilmoqda
Press-tur davomida ma'lumot berilishicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli «Qalmoqir» koni ruda ishlab chiqarishda kombinatning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.
«U ochiq konlar bo‘yicha MDH davlatlari orasida eng yiriklaridan biri. 2017 yilda «Yoshlik-1» koni ham o‘zlashtirila boshlandi. Yaqin orada esa ikki konning birlashishi natijasida u dunyodagi eng yirik konga aylanadi.
2023 yilga borib birlashgan konda ruda qazib olish yiliga 100 mln. tonnaga yetadi», – deydi kombinat matbuot xizmati rahbari Umida Qarshiboyeva.
Insoniyat misdan necha asrlardan buyon foydalanib keladi. Bugungi kunda ham butun jahonda ushbu metallga bo‘lgan ehtiyoj va talab oshsa oshdiki, aslo kamaygani yo‘q.
Eksporti oshib borayotgan mis va 50 yillik reja
Press-tur davomida kombinatning mis eksporti bo‘yicha faoliyati, bu boradagi asosiy bozorlar bilan qiziqdik.
Savollarimizga kombinatning eksport bo‘yicha metallurgiya xomashyosini sotish va ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Zokirov javob berdi.

«Bugungi kunda bizda ishlab chiqarilayotgan mis mahsulotlari 15 davlatga eksport qilinmoqda. Bunda asosiy bozorimiz Turkiya bozori, Yevropa davlatlarida Polsha, MDHda esa Rossiya va Qozog‘iston.
Bizda rangli va qimmatbaho metallar bo‘yicha ko‘rsatkichlar yildan yilga o‘sib bormoqda. Chunki elektrotexnika sanoati ham o‘smoqda. Mis esa eng yaxshi tok o‘tkazuvchi hisoblanadi. Masalan, hozir ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning 90 foiz ehtiyot qismlari misdan ishlanadi», – deydi u.
Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, O‘zbekistonning mis olishdagi asosiy koni «Qalmoqir» hisoblanadi.
«O‘tgan yili 148 ming tonna mis qatodlari ishlab chiqardik. Bu yil ham bizga shu ko‘rsatkichni ushlab qolish topshirig‘i berilgan. Bu borada 2025 yilgacha mo‘ljallangan dasturimiz bor. 2025 yildan boshlab esa yangi dasturga o‘tish orqali yiliga 250 ming tonna mis ishlab chiqara boshlaymiz.
Umuman olganda, bizning mis zaxiralarimiz 50 yilga yetishi borasida hisob-kitoblar mavjud», – dedi Azizbek Zokirov.
— O‘zbek misining sifati dunyo bozorida qanchalik qadrlanadi?
— Biz ishlab chiqarayotgan mis sifati eng oliy darajada, ya'ni «Mark A». Bu ishlab chiqarishdagi sifat, xodimlarning mehnati natijasi.
— Rangli metall eksporti davlat uchun har doim ham foydali emas. Uni qayta ishlash natijasida tayyor mahsulot ishlab chiqarishdan bir necha marta katta foyda olish mumkin. Eksportni kamaytirib, lokalizatsiyani oshirish bo‘yicha qanday rejalar bor?
— Ha, bizda bu borada reja bor. Bizda oxirgi 15 yilda juda ko‘p kabel zavodlari ishga tushirildi. Hozir ko‘proq misni ichki bozorga sotyapmiz. Korxonalar esa uni tayyor kabel mahsulotlari shaklida sotishmoqda. Ammo hali bizda ko‘proq mahsulot eksportga yo‘naltiriladi.
— Misning hozirgi narxi haqida ma'lumot bersangiz.
— Bugungi kunda 1 tonna misning narxi 6,5 ming AQSh dollari miqdorida baholanmoqda. Bu Londondagi birja narxlari bo‘yicha.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Chigirtkalar bosqini: Bu ham iqlim bilan bog‘liq muammomi?
O‘zbekiston | 15:49 / 14.05.2025
«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi
Jahon | 08:03 / 14.05.2025
Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
O‘zbekiston | 19:08 / 13.05.2025
1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kiradi
O‘zbekiston | 17:29 / 13.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Baribir shu yerga quramiz”– Farg‘ona shahrida bolalar maydonchasi o‘rniga “dom” qurilyapti
Jamiyat | 17:02
-
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Sirdaryo uchun suv taqsimoti rejimlarini tasdiqladi
Jahon | 16:41
-
Pensiya tizimi xususiy sektorga berilishi rad etildi
O‘zbekiston | 16:39
-
Quyosh pechi, “sayyoralar paradi” va qimmatbaho sun’iy olmoslar – Venetsiyadagi o‘zbek pavilionida nimalar namoyish etilmoqda?
Jamiyat | 16:29
Mavzuga oid

10:00 / 30.10.2024
“O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” yillik eksport rejasini bajardi

16:43 / 23.11.2021
OKMK tarmoqlararo sanoat yarmarkasida ishtirok etadi!

16:00 / 25.10.2021
“Olmaliq KMK” qurilish korxonalari va tashkilotlariga sifatli sement mahsulotlarini taklif etadi

15:30 / 01.10.2021