O‘zbekiston | 22:19 / 29.12.2020
15167
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir o‘rinbosari: 2020 yilda aholining birorta qatlami qashshoqlikka tushmadi

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari pandemiya davrida olib borilgan ijtimoiy–iqtisodiy siyosat mamlakatda kambag‘allikni ko‘payishiga olib kelmaganini bildirdi. Uning aytishicha, bu davr mobaynida aholining birorta qatlami qashshoqlikka tushmagan.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida 2020 yilda mamlakatda kambag‘allikni kamaytirish borasida bajarilgan ishlar haqida gapirdi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri bu jarayonda «Temir daftar» muhim o‘rin tutganini qayd etgan.

«Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2020 yilda ko‘p ishlar qilindi. Bizning eng katta natijamiz deb shuni aytish mumkinki, pandemiya davrida olib borilgan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy siyosat mamlakatda kambag‘allikni ko‘payishiga olib kelmadi. Qashshoqlikni keltirib chiqarmadi. Aholining birorta qatlami qashshoqlikka tushmadi. Nima hisobiga bu ko‘rsatkichlarga erishildi?

Birinchi navbatda, 2020 yilning yanvar oyida budjet mablag‘laridan ijtimoiy nafaqa olgan oilalar soni 600 mingta edi. Dekabr oyida esa 1 mln 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi. Misol uchun, «Temir daftar» deymiz. Hayit bayramida, bolalar maktabga borishi arafasida va boshqa vaqtlarda mazkur tizim orqali aholiga manzilli yordam ko‘rsatildi.

Uning bir ma'nosi shundaki, u juda ham keng qamrovli. Bunda faqatgina pul yoki oziq-ovqat bilan yordam berishgina nazarda tutilmagan. «Temir daftar» birinchi navbatda kam ta'minlangan aholini ishga joylashtirishni nazarda tutadi.

Bir so‘z bilan aytganda, «Temir daftar» pandemiya davrida xalqimizning qiynalib qolmasligi uchun eng katta xizmat ko‘rsatgan dastak va yo‘nalish bo‘ldi, deb aytish mumkin», deya Bosh vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidentining parlamentga murojaatida ham «Temir daftar» masalasiga alohida urg‘u berildi.

«Nima uchun biz «Temir daftar»ni joriy etdik? Bundan maqsad – ehtiyojmand aholini to‘g‘ri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish. Birinchi navbatda, kambag‘al aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta'minlashimiz lozim. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda» deya ta'kidlagan davlat rahbari.

Prezident murojaatida ma'lum qilinishicha, 2021 yildan boshlab «Temir daftar» tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi. Ya'ni «Ijtimoiy reyestr»ga qamrab olingan barcha ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid