Avval uch oylik, keyin 9 o‘yinlik «quruq» seriya, bahorda esa chinakam porlash. Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyati qanday rivojlandi?
O‘zbekistonlik Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasidagi ilk mavsumida yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa mavsum oxirida hujumchi samaradorlik bo‘yicha Ronaldu, Lukaku va Immobile kabi toplarni ham ortda qoldirdi. Rossiyaning yetakchi sport nashri – Spors.ru sayti ijodkori Aleksandr Bastrigin Shomurodovning Italiyadagi faoliyati va uni kelajakda nima kutayotgani haqida mulohazalarini bildirdi.
A Seriya oxirgi turida Shomurodov «Kalyari» darvozaboni bilan yakkama-yakka chiqib, texnikasidan foydalangan holda gol urdi. Bu gol o‘yinda yagona bo‘ldi va «Jyenoa»ga g‘alaba keltirdi. To‘g‘ri, bu g‘alaba jamoaning umumiy natijalariga ta'sir qilmadi va «Jyenoa» 42 ochko bilan 11-o‘rinda qoldi. Eldor oxirgi 6 ta o‘yinda 5 ta gol urdi. Butun mavsumda esa u 8 ta gol urishni epladi.
Shomurodov jamoasining mavsumdagi uchinchi to‘purariga aylandi: Skamakka 12 ta, Destro 11 ta gol urdi. Gol+pas bo‘yicha ham uchinchi bo‘ldi. Uning hisobida 8 ta gol + 2 ta assist bor. Destroda 11+1, Skamakkada esa 12+2.
Eldor 2020 yil 1 oktyabrda «Rostov»dan «Jyenoa»ga o‘tib, A Seriyada maydonga tushgan ikkinchi o‘zbekistonlikka aylandi. Ungacha Ilyos Zeytullayev «Rejina» safida ikki marta A Seriya uchrashuvida maydonga tushgan.
Shomurodovning Italiyadagi faoliyati omadsiz boshlandi desak, xato bo‘lmaydi. Boshlanishiga uch oy gol urmadi. To‘g‘rirog‘i, uchta o‘yinda gol ura olmadi, keyin yana uchta o‘yinni jarohat sabab o‘tkazib yubordi. Italiyalik agent Marko Trabukki futbolchining Italiyadagi faoliyati mantiqan tugaganini aytib, shunday degandi:
«Shomurodovni yaxshi narsalar kutmoqda deb ayta olmayman. U 90 daqiqa davomida oshib borsa, uch marta yaxshi to‘p uzatishini qabul qilishi mumkin, ko‘p emas. Bu esa u uchun yetarli bo‘lmaydi. Bu «Jyenoa» uchun katta xato va «Rostov» uchun zo‘r transfer bo‘ldi. Shomurodovga o‘zining zargarona uzatmaga ega Roman Yeryomenkosi bor hujumkor jamoa kerak. Hujumchining «Rostov»dagi oxirgi mavsumi omadsiz kechdi. Shomurodovga hurmatimni saqlagan holda bu omadsiz transfer bo‘lganini aytishim mumkin. Uni yaqinda yarim narxiga Rossiyaga sotib yuborishsa kerak», degandi agent.
Shomurodov Italiyada yaxshi boshlay olmaganda, «Rostov» muxlislari ham turli fan kanallarda Shomurodov yaxshi vaqtda sotilganini aytishgandi. Biroq voqealar rivoji bu muxlislarni ham, yuqoridagi agentni ham uyaltirib qo‘ydi. Shomurodov 30 noyabrdagi «Parma»ga qarshi o‘yinda tanqidlarga javob berishni boshladi. U juda qiyin vaziyatda turishiga qaramay, yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Biroq bu gol jamoasiga foyda keltirmadi va «Jyenoa» yengildi – 1:2.
Shundan keyin yana bir muddat gol urmagan hujumchi yanvarda «Sassuolo» darvozasiga bosh bilan gol urdi. Biroq bu o‘yinda ham genuyaliklar g‘alaba qozona olishmadi. 20 fevralda Shomurodov A Seriyadagi uchinchi golini «Verona» darvozasiga urdi. U maydonga tushganidan 3 daqiqa o‘tib, pastki burchakni aniq nishonga oldi va hisobni tenglashtirdi. Bu o‘yinda Badelning 90+4-daqiqada urgan goli «Jyenoa»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Ya'ni, Eldorning goli ilk marta jamoasiga ochko keltirdi.
Shundan keyin Eldor 9 ta o‘yinda gol urmadi. 24 aprelga kelib u o‘zining uzoq vaqt cho‘zilgan jimligini to‘xtatib, ketma-ket gollar urishni boshlab yubordi. O‘sha kuni «Spetsiya» darvozasiga gol urdi va jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ya'ni o‘zbekistonlik hujumchi ilk marta jamoasi g‘alaba qozongan bahsda gol urdi. Ko‘p o‘tmay «Latsio»ga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Eldor ishonchni oqlab, 81-daqiqada gol urdi. O‘sha bahsda genuyaliklar kambek qilishiga sal qoldi – 3:4.
Shomurodov mavsumdagi eng yorqin o‘yinini «Atalanta»ga qarshi o‘yinda o‘tkazdi. U ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushib, dubl qayd etdi. Bu vaqtda «Jyenoa» 0:3 hisobida imkoniyatni boy berayotgandi. Biroq yana kambek amalga oshmadi va «Jyenoa» 3:4 hisobida yengildi. Mavsumning oxirgi o‘yinida esa Eldor jamoasiga g‘alaba keltirgan yagona golni «Kalyari» darvozasiga yana chap qanotdan ochilib urdi. Ko‘rib turganingizdek Shomurodov bahorda ochildi va eng yaxshi formasiga chiqib oldi.
Pressingdagi Shomurodov
O‘zbekistonlik hujumchi nafaqat hujumlarda qatnashib, gollar urmoqda, balki jamoaviy pressingda ham faol qatnashyapti. U A Seriyaning har bir o‘yinida o‘rtacha 21 ta pressingli harakatni amalga oshirgan. Bu ligadagi 94 foiz hujumchilardan yaxshiroq natija. To‘pni olib qo‘yishda esa Eldor A Seriyaning 96 foiz hujumchisidan yaxshiroq harakat qilmoqda (har o‘yinda 1,56 ta urinish).
«Jyenoa» sport direktori Franchesko Marokku o‘zbekistonlik hujumchining o‘yinidan mamnun ekanini aytdi: «Biz kelajagi bor kuchli va yosh futbolchini olish orqali zo‘r transferni amalga oshirdik. Uning iqlimga va jamoaga moslashishidan ko‘nglim to‘ldi. Eldor hali to‘liq imkoniyatini ko‘rsatgani yo‘q. Umid qilaman, keyingi mavsumda u chinakamiga porlaydi», deydi Marokku.
Futbolchining o‘zi ham «Jyenoa»dagi faoliyatidan mamnun: «Italiya chempionati kutganimdan ham qiyinroq bo‘lib chiqdi, lekin to‘g‘ri tanlov qilganimni sezyapman. Faqat top chempionatlarda o‘ynabgina o‘sish mumkin. Genuyada o‘zimni yaxshi his qilyapman. Ballardini («Jyenoa» murabbiyi) menga ko‘p narsani o‘rgatdi, ayniqsa taktika borasida. Bundan tashqari RPLda uzoq vaqt o‘ynagan Krishito («Jyenoa» sardori Domeniko Krishito, u uzoq vaqt «Zenit»da o‘ynagan) bilan ham ko‘p gaplashaman. Bu yerga moslashishda Daniel Dumbravanu (yoshlar jamoasidagi moldovalik futbolchi) eng ko‘p yordam berdi. Boshida u menga ko‘p yerlarda tarjimonlik qilib turdi», deydi Shomurodov.
Keyingi mavsum Eldor Shomurodov uchun Yevropadagi faoliyatida hal qiluvchisi bo‘ladi.
Tavsiya etamiz
Hindiston va Pokiston: kimning armiyasi kuchliroq?
Jahon | 19:21 / 09.05.2025
Mafkuralar kurashi: 9 may aslida qanday kun?
O‘zbekiston | 14:22 / 09.05.2025
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kashmirda sulh e’lon qilinganidan keyin portlashlar sodir bo‘ldi
Jahon | 23:37 / 10.05.2025
-
AQShda ona va o‘g‘il bir vaqtda universitetni tamomladi
Jahon | 23:18 / 10.05.2025
-
Ukraina muzokaraga tayyorligini aytdi, Rossiya o‘ylab ko‘rishini ma’lum qildi
Jahon | 22:28 / 10.05.2025
-
Bekobod shahrida Damas piyodani bosib ketdi
Jamiyat | 22:20 / 10.05.2025
Mavzuga oid

11:38 / 05.05.2025
«Real» poygada qolmoqda, Shomurodovda muvaffaqiyatli seriya. Kun o‘yinlari

16:41 / 02.05.2025
Eldor Shomurodov – yana bir bor «Roma»da oyning eng yaxshi futbolchisiga aylandi

11:37 / 28.04.2025
«Siti» finalga chiqdi, «Roma» va Shomurodov «Inter»ni to‘xtatdi. Kun o‘yinlari

09:50 / 20.04.2025