O‘zbekiston | 09:09 / 09.03.2022
7026
2 daqiqa o‘qiladi

Radarga tushmaslik uchun “niqob taqqan” Damas, davlat raqami yechib olingan Gentra – Chirchiqda o‘tkazilgan tungi reyd tafsilotlari

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tungi reyd tadbirlarida bir qancha qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Reyd jarayoni aks etgan videolavhada Damas rusumli avtomobilning davlat raqamiga tibbiy niqob taqib qo‘yilgani ko‘rinadi. Inspektor haydovchidan mashinaning raqamini nima uchun niqob bilan berkitib qo‘yganini so‘raganida u bu ishni do‘sti hazillashib qilganini aytib, javobgarlikni zimmasidan soqit qilishga urinadi.

Biroq bu bahona unga yordam bermaydi. Qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kameralarga chap berish maqsadida o‘ylab topgan “innovatsion g‘oyasi” haydovchiga qimmatga tushdi.

Qayd etilishicha, maxsus reyd davomida davlat raqam belgisini yechib olib, avtomobil yukxonasiga solib qo‘ygan haydovchi ham uchragan.

“Chirchiq shahrining Amir Temur ko‘chasida xizmat olib borayotgan vaqtimda davlat raqam belgisi bo‘lmagani uchun oq rangdagi Gentra avtomashinasini to‘xtatib tekshirdim. Davlat raqam belgisini o‘zboshimchalik bilan yechib olgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasida belgilangan tartibda haydovchiga chora ko‘rildi. Mashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi”, - deydi YPX inspektori Shuhrat Hayitaliyev.

Avvalroq, Toshkentda Matiz haydovchisi inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketishga uringan, mashina majburiy tartibda to‘xtatilganda u rafiqasini shifoxonaga olib ketayotganini aytib bahona qilgandi.

Mavzuga oid