O‘zbekiston | 12:43 / 04.05.2022
30742
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek-afg‘on chegarasida otishma bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi

TIV bayonotiga ko‘ra, 4 mayga o‘tar kechasi Afg‘oniston bilan chegarada go‘yoki otishma ro‘y berib, DXX Chegara qo‘shinlari zobitlari halok bo‘lgani haqidagi xabarlar “umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”. Ma’lum qilinishicha, chegarada vaziyat osoyishtaligicha qolmoqda, janubiy sarhadlarni qo‘riqlash odatdagi tartibda olib borilyapti.

Foto: Farrux Aliyev

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston bilan chegarada otishma bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Qayd etilishicha, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistondagi manbalarga tayanib, go‘yoki 4 mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasida otishma sodir bo‘lgani, uning oqibatida DXX Chegara qo‘shinlari zobitlari halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

“Shuni ma’lum qilamizki, tarqatilgan xabarlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chegarada vaziyat osoyishtaligicha qolmoqda, janubiy sarhadlarni qo‘riqlash odatdagi tartibda olib borilayotir.

Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid ham turli internet nashrlarida paydo bo‘lgan maqolalarni yolg‘on va asossiz deb atadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalarini jurnalist etikasiga qat’iy rioya qilishga, o‘z manbalarida noto‘g‘ri va tekshirilmagan ma’lumotlarni joylashtirishdan saqlanishga chorlaydi”, – deyiladi TIV axborotida.

Avvalroq, Mudofaa vazirligi O‘zbekistonga tegishli uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari Afg‘oniston havo makonini buzib o‘tgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan edi.

Mavzuga oid