«Roskomnadzor» armiya haqida «feyk tarqatgan» Qozog‘iston saytini blokladi
Rossiyada Qozog‘istonning Arbat.media saytiga kirish bloklab qo‘ydi. Avvalroq ushbu sayt Rossiya armiyasi haqida «feyk» tarqatganlikda ayblangan edi.

Foto: TASS
Rossiyaning «Roskomnadzor» (RKN) tashkiloti Qozog‘istonning Arbat.media saytiga kirishni bloklab qo‘ydi. Tegishli qaror 25 aprel kuni qabul qilingan.
Shu bilan birga, RKN qaysi davlat idorasi Qozog‘iston saytini bloklashni talab qilganini ko‘rsatmagan. Katta ehtimol bilan bu Rossiya Bosh prokuraturasi bo‘lishi mumkin.
Arbat.media bosh muharriri Sirim Itqulov so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari orasida birinchi bo‘lib Rossiya harbiy senzurasi ostiga tushib qolish – sharaf. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya rasmiylarining bloklash haqidagi qarori sayt uchun yaxshi reklama bo‘ladi va rossiyaliklar nashr yangiliklarini VPN orqali o‘qishda davom etadi.
2023 yil fevralida Rossiyaning Vladimir shahri sudi Arbat.media nashri vakillarini Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish bilan bog‘liq ish bo‘yicha ayblanuvchi sifatida sud majlisiga chaqirgan edi.
Arbat.media nashrining yozishicha, Rossiya rasmiylarining e’tiborini 2022 yil sentabrida «Harkiv viloyatida rossiyalik bosqinchilar mag‘lubiyatga uchramoqda, lekin buni tan olishni istamayaptilar» sarlavhasi ostida chop etilgan maqola jalb qilgan. 2022 yil noyabrida RKN ushbu maqolani o‘chirib tashlashni talab qilgan.
Ukraina bosqini boshlanganidan keyin Rossiyada jurnalistlarga urushni «maxsus harbiy operatsiya» deb nomlash haqida ko‘rsatma berildi. Shuningdek, Rossiya armiyasi mag‘lubiyati, askarlar o‘limi va shunga o‘xshash salbiy mazmundagi xabarlar «feyk» toifasiga kiritilib, uni tarqatganlik uchun javobgarlik joriy qilindi.
2022 yil mart oyida RKN ushbu talablarga rioya qilishga rozi bo‘lmagan Rossiya veb-saytlarini ommaviy ravishda bloklashni boshladi.
Bundan tashqari, RKN Ukrainadagi urushni yorituvchi ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari ishiga aralasha boshladi. Jumladan, Qirg‘izistonning Kloop saytiga kirish bloklandi, Qozog‘istonning NewTimes, Ratel, Exclusive, Vlast, «Informbyuro» saytlari ba’zi maqolalarni o‘chirib tashlash haqida bildirishnomalar oldi. Ammo ular materiallarni zinhor o‘chirib yubormasligi, o‘z faoliyatida faqat Qozog‘iston qonunchiligiga amal qilishini e’lon etishdi.
Shuningdek, Amerikaning Wikimedia Foundation kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Wikipedia portali Ukrainadagi urush haqida ikkita maqolani olib tashlamagach, sud tomonidan 2 million rubl (qariyb 284 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Mavzuga oid

22:20 / 01.05.2025
Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan 80 dan ortiq o‘lik tyulenlar topildi

22:09 / 01.05.2025
Tramp bilan muzokaralar boshlanganidan keyin rossiyalik milliarderlar 15 mlrd dollarga boyidi

19:21 / 01.05.2025
Qozog‘istonda pasporti olib qo‘yilib, ishlashga majburlab kelingan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

17:33 / 01.05.2025