Rossiya aviakompaniyalariga tegishli ikkita samolyot dvigateli parvoz vaqtida ishdan chiqdi
Sharm-ash-Shayxdan Yekaterinburgga uchayotgan Airbus A321neo’ning chap dvigateli 4,5 ming metr balandlikda ishdan chiqqani bois ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Volgograd - Yekaterinburg yo‘nalishi bo‘yicha uchgan Boeing 737ʼda ham shu kabi muammo kuzatilgan.

Foto: RIA Novosti
Rossiya aviakompaniyalariga tegishli ikkita samolyot parvoz vaqtida dvigateli ishdan chiqqani bois o‘zlari uchgan aeroportlarga qaytishga majbur bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Moscow Times.
Qayd etilishicha, birinchi holat «Uralskiye avialinii» aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Yekaterinburgga uchayotgan Airbus A321neo samolyoti bilan sodir bo‘lgan. 4,5 ming metr balandlikda havo kemasining chap dvigateli ishdan chiqqan. Ekipaj nosozlik to‘g‘risida dispetcherga xabar bergan va uchish aeroportiga qaytish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Ikkinchi holat Volgograd — Yekaterinburg reysi bo‘yicha uchayotgan NordStar aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti bilan sodir bo‘lgan. 11,3 ming metr balandlikda ushbu samolyotning ham chap dvigateli ishdan chiqqan. Ekipaj Volgograddagi Gumrak aeroportiga qaytgan.
Har ikkala aviakompaniya matbuot xizmatlariga ko‘ra, havo kemalari texnik ko‘rik va holatga baho berish uchun parvozdan chetlatilgan.
Ukrainaga qarshi urush boshlangunga qadar Rossiya aviaparkida 1031 ta samolyot bor edi — ularning uchdan ikki qismini Boeing va Airbus kompaniyalarining havo kemalari tashkil etgan. Ammo AQSh va YeI ushbu samolyotlarga xizmat ko‘rsatishni, shuningdek, yangi laynerlar yetkazib berishni taqiqlab qo‘ygan. 2023 yilda Rossiya hukumati yashirin ravishda aviakompaniyalarga samolyotlar «kannibalizatsiyasi» — bir samolyotdagi soz ehtiyot qismlarni boshqasiga ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat bergan.
Dekabr boshlarida Rossiyaning eng yirik aviatashuvchisi — «Aeroflot» kompaniyasi «Volga-Dnepr» guruhidan beshta Boeing 737-800BCF yuk tashuvchi samolyotini sotib olishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli butlovchi qismlar kirib kelmayotgani bois ushbu samolyotlarning ehtiyot qismlaridan foydalanishni reja qilgan.
Mavzuga oid

13:54 / 26.04.2025
G‘arbiy sohildagi quvg‘inlar, Falastin uchun kurashayotgan Harvard va portlatilgan rus generali - kun dayjesti

08:59 / 26.04.2025
Rossiyada IIV migrant bolalarning ta’lim ma’lumotlariga ega bo‘ladi

19:49 / 25.04.2025
Rossiyada mushkul ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi

13:33 / 25.04.2025