G‘azoda aviazarbalar buzgan tinchlik, Putinning Ukrainaga qo‘ygan shartlari va oligarxlardan ogohlantirgan Bayden - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi tinchlikni aviazarbalar buzdi
Isroilning G‘azoga yo‘llagan so‘nggi havo hujumlari oqibatida kamida 77 kishi halok bo‘ldi, ular orasida 20 nafar bola va 25 ayol borligini ma’lum qilmoqda Al Jazeera telekanali. Dayr-ul-Balahdagi fuqarolarning aytishicha, tinchlik kelishuvidan umidvor bo‘lgan aholi yangi qurbonlarga guvoh bo‘lgan.
Isroil tomoni ayrim kelishuvlardan HAMAS voz kechganini da’vo qilmoqda, ammo HAMAS buni rad etib, Isroilning vaziyatni keskinlashtirishga intilayotganini bildirdi. HAMAS shuningdek, Isroil garovda ushlab turilgan ayollardan biri saqlanayotgan joyga hujum qilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, G‘azoga insonparvarlik yuklari ortilgan 600 ta mashina, jumladan, 50 tacha yonilg‘i mashinalari yuborilishi rejalashtirilgan. Biroq ular Al-Arishda kirish ruxsatini kutishmoqda.
G‘azoda otashkesim kelishuvi 19 yanvardan kuchga kirishi va olti haftalik o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlashi kutilmoqda.
Isroil kelishuvini imzolashga tayyor
Isroilning 12-kanali xabariga ko‘ra, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdagi qarama-qarshiliklar bartaraf etilgan. Bugun Isroil hukumati ushbu kelishuvni tasdiqlash uchun yig‘ilish o‘tkazadi.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, yuqori martabali isroillik amaldor hukumat yig‘ilishi aynan bugun bo‘lib o‘tib, G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish haqida qaror qabul qilinishini ma’lum qilgan.
Kecha bosh vazir Binyamin Netanyahu kelishuv imzolanishiga to‘sqinlik qilishga urinib, jarayonni bir kunga kechiktirgan. Bunga qaramasdan, AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroil hukumatiga kelishuvni bajarish uchun qattiq bosim o‘tkazmoqda.
AQSh, Misr va Qatar ushbu kelishuvning asosiy kafillari sifatida ishtirok etmoqda. Kelishuv imzolanishi mintaqa uchun muhim siyosiy burilish bo‘lishi kutilmoqda.
Isroil millatchilari kelishuvga qarshi
Isroil moliya vaziri ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilsa, hukumatni ag‘darish bilan tahdid qildi.
«Asirlarni qaytarishdan xursandmiz, ammo bu kelishuv Isroilga katta zarar yetkazishi mumkin. Biz bunga qarshi barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz», — degan Smotrich.
U Binyamin Netanyahu bilan so‘nggi ikki kundagi intensiv muzokaralari haqida so‘zlab, HAMASni yo‘q qilish va barcha asirlarni qaytarish ularning asosiy shartlari ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, «Otsma Yyehudit» partiyasi rahbari, yana bir ultrao‘ng millatchi Itamar Ben-Gvir ham kelishuvni bloklashga chaqirib, urushni davom ettirish tarafdori ekanini bildirdi. Ben-Gvirning aytishicha, u kelishuv amalga oshirilsa, hukumatni tark etadi.
Agar bu ikki o‘ngchi partiya o‘z kuchlarini birlashtirsa, ular Knessetdagi 13 o‘rin bilan Netanyahu koalitsiyasini 61 ovozlik aksariyatdan mahrum etishlari mumkin. Isroil hukumatining kelajagi shu sababli jiddiy xavf ostida.
«Bombalashlar HAMASni zaiflashtirolmadi»
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o‘zining Atlantic Councilʼdagi yakuniy nutqida HAMAS harakati G‘azodagi Isroil hujumlari davomida yo‘qotgan jangchilarini deyarli qayta tiklaganini ma’lum qildi. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, bombardimonlar guruhni kuchsizlantira olmagan.
U o‘z nutqida Isroilning G‘azoda amalga oshirayotgan siyosatiga tanqidiy munosabat bildirdi.
«Isroil o‘z demokratiyasiga zarar yetkazmasdan anneksiyani amalga oshirish mumkinligi haqidagi xayoldan voz kechishi kerak», — dedi Blinken.
U Isroilning G‘azo hududlarini tezkorlik bilan o‘zlashtirayotganini va ekstremistlar tomonidan falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik hodisalari rekord darajaga yetganini ta’kidladi.
Blinkenning nutqi baqirgancha e’tiroz bildirgan namoyishchi ayol tomonidan uzib qo‘yildi. Ayol Blinkenni «qonxo‘r Blinken, genotsid kotibi» deb atagan. Ayol o‘n minglab begunoh insonlar qoni uchun hali Blinken va boshqalar javob berishini aytgan.
Erdo‘g‘an: «G‘azo taslim bo‘lmadi»
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxni rasmiy marosim bilan kutib oldi. Uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari bir qator kelishuvlarga erishib, qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdilar.
Erdo‘g‘an o‘z nutqida G‘azodagi qurbonlarni yodga olib, yaralarni bitirish va o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini bajarish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Isroilning harakatlarini qoralab, xalqaro hamjamiyatni falastinliklarni himoya qilishga chaqirdi.
«G‘azo taslim bo‘lmadi va yengilmadi. Uning xalqi zulmga bo‘ysunishdan bosh tortdi», — dedi Erdo‘g‘an. Uning so‘zlariga ko‘ra, 50 mingdan ortiq inson, asosan ayollar va bolalar qurbon bo‘lganiga qaramay, G‘azo o‘z qaddini tik tutib turibdi.
Yangi kotib Kiyev va Moskva kelishuvi haqida
Jo Bayden ma’muriyatining siyosatiga tanqid bildirgan Marko Rubio Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘zaro imtiyozlar orqali mojaroni yakunlash zarurligini ta’kidladi.
AQShning yangi Davlat kotibi lavozimiga ko‘rsatilayotgan Rubio Senat oldida nutq so‘zlar ekan, «qon to‘kilishni to‘xtatish» asosiy maqsad ekanini aytib o‘tdi.
Rubioning fikricha, Rossiya butun Ukrainani bosib ololmaydi, ammo Ukraina ham barcha hududlarini qaytarib olishga qodir emas. U Bayden ma’muriyatining Ukrainaga yordam berishda cheksiz resurslar taktikasi «real emas» ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati uchun Ukrainadagi urushni tugatish asosiy chaqiriqlardan biri bo‘ladi. Rubio va Tramp urushni qisqa muddatda yakunlash uchun Kiyev va Moskva o‘rtasida murosa topishga chaqirishgan. Bunga javoban Volodimir Zelenskiy Trampning mojaroni hal qilish salohiyatini ijobiy baholagan.
Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshilar
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vengriya, Germaniya, Slovakiya va AQShni Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga qarshi bo‘lgan davlatlar sifatida tilga oldi. Uning aytishicha, bu mamlakatlar rahbarlari Kiyev bilan «ochiq muloqot» o‘tkazib, har biri o‘z sabablarini keltirgan.
Zelenskiy AQSh va Yevropadagi ayrim davlatlarning pozitsiyasiga qaramasdan, Ukraina xavfsizlik kafolatlari talab qilishda davom etayotganini ta’kidladi. NATO esa rasmiy ravishda Kiyevning a’zolik uchun murojaatini ma’qul ko‘rmagan, garchi blok rahbarlari Ukrainaga ittifoq bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirgan bo‘lsa ham.
Shu bilan birga, Rossiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga keskin qarshilik bildirib, bu masala tinchlik muzokaralari uchun asosiy to‘siq ekanini aytgan.
Putin Ukrainadan nima istamoqda?
Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishidan voz kechishi, neytral maqomga ega bo‘lishi va armiyasini qisqartirishini talab qilmoqda. Moskva bu shartlarni Donald Tramp bilan yuzma-yuz muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Tramp inauguratsiyadan so‘ng Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor ekanini bildirgan.
Rossiya Qrim va Ukraina hududining 20 foizini, jumladan, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining bosib olingan hududlarini o‘z nazorati ostida qoldirishni talab qilmoqda. NATO mamlakatlari Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishni davom ettirishi mumkin, ammo bu qurollar Rossiyaga qarshi hujumlar yoki bosib olingan hududlarni qaytarish uchun ishlatilmasligi shart, deyiladi Moskva talablarida.
Shu bilan birga, Ukraina va Rossiya hozircha faqat tor masalalarda, masalan, asirlarni almashish yoki deportatsiya qilingan bolalarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, Qatarda yadroviy obektlarni himoya qilish qoidalari muhokama qilinmoqda.
Trampning vakili Kit Kellogg Ukrainaga harbiy yordamni Rossiya bilan muzokaralarga bog‘lashni taklif qildi. Ya’ni, Rossiya rozi bo‘lmasa, AQSh Kiyevga yordamni davom ettiradi. Biroq Trampning NATOga qo‘shilishni 20 yilga kechiktirish taklifi Kiyev va Bryusselda qarshi fikrlarga sabab bo‘ldi.
Bayden oligarxlardan ogohlantirdi
Jo Bayden o‘zining xayrlashuv nutqida demokratiya xavf ostida ekanligini ta’kidlab, prezidentning javobgarlikdan qochishini cheklash uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik qudrati mutlaq emas va uni qonunlar bilan aniq chegaralash zarur.
«Amerikada hozirgi oligarxiya ulkan boylik va ta’sir kuchi bilan demokratiyamizga, asosiy huquqlarimizga va barchamiz uchun teng imkoniyatlarga xavf tug‘dirmoqda», — dedi Bayden.
Bayden o‘z prezidentligi davrida ichki va tashqi siyosatda erishilgan yutuqlarni sanab o‘tdi, jumladan, dorilar narxlarining pasayishi, NATOning mustahkamlanishi va Ukraina mustaqilligini saqlash kabi yutuqlarni ta’kidladi.
Shuningdek, u ayrim va’dalarning amalga oshishi uchun vaqt kerakligini tan oldi. Bayden AQSh Oliy sudining Trampga prezidentlik davridagi harakatlari uchun immunitet berish qaroriga ham tanqidiy munosabat bildirdi.
Mavzuga oid

14:00
G‘azoni egallash rejasini ma’qullagan Isroil, «Alkatras»ni ochishni buyurgan Tramp va ballistik raketani sinovdan o‘tkazgan Eron – kun dayjesti

15:11 / 05.05.2025
G‘azoga qoldirilgan «Papamobile», yadro qurolini eslagan Putin va Pokistonga suvni to‘sib qo‘ygan Hindiston - kun dayjesti

13:58 / 03.05.2025
G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, Damashqqa zarba yo‘llagan Isroil va pasaygan OAV erkinligi - kun dayjesti

13:05 / 02.05.2025