Jahon | 11:20
1689
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda Eron zarbalarida uch kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi

Eronning navbatdagi hujumi oqibatida Isroilda kamida 3 kishi halok bo‘ldi, 67 kishi yaralandi. Isroil operatsiyasini boshlaganidan keyin Eron zarbalari ko‘paydi.

Foto: Rami Shlush/REUTERS

Eronning Isroilni navbatdagi o‘qqa tutishi natijasida 3 kishi halok bo‘ldi, 67 kishi yaralandi. Bu haqda Isroilning The Jerusalem Post  nashri 16 iyun, dushanbaga o‘tar kechasi milliy tibbiyot xizmati (Magen David Adom, MDA) vakiliga tayanib xabar berdi.

«Hozirgacha MDA guruhlari to‘rt xil joydan 67 nafar yaradorni Isroilning markaziy qismidagi shifoxonalarga evakuatsiya qildi. Ular orasida 30 yoshli ayol og‘ir holatda, olti kishining ahvoli o‘rtacha va 60 nafarida yengil shok holati», — deya tashkilot bayonotidan iqtibos keltirgan jurnalistlar.

Ayni paytda Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili 15 iyun kuni Isroilning Eron yadroviy dasturiga javoban operatsiyasi doirasida uyushtirgan hujumlarida 224 kishi halok bo‘lgani va 1277 kishi kasalxonaga yotqizilganini bildirdi. Eron ularning 90 foizi tinch aholi ekanligini da’vo qilmoqda. Keyinroq Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda halok bo‘lganlar orasida 70 dan ortiq ayol va bolalar borligini ma’lum qildi.

13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Erondagi nishonlarga, jumladan Tehrondagi obektlar va yadro markazlariga kuchli zarbalar bera boshladi. Operatsiya Eron yadroviy dasturiga qaratilgan, deya ma’lum qildi Isroil armiyasi. Hujumlarda Islom Respublikasining yuqori martabali harbiylari va yetakchi yadroviy sohadagi olimlari halok bo‘ldi.

Mavzuga oid