Jahon | 13:20 / 21.06.2025
2637
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda yetti nafar jurnalist uzoq muddatga qamaldi

Boku sudi Abzas Media va "Ozodlik radiosi" jurnalistlariga nisbatan ayblov hukmini chiqardi. Yetti muxbir 7,5 yildan 9 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Foto: REUTERS

Boku sudi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning biznesiga oid surishtiruvni chop etgan Abzas Media jurnalistlari hamda "Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi" mediakorporatsiyasi muxbiriga nisbatan ayblov hukmini chiqardi. 20 iyun, juma kuni yetti nafar ommaviy axborot vositalari xodimi 7,5 yildan 9 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Abzas Media direktori Ulvi Hasanli, nashr bosh muharriri Sevij Vagifqizi, tergovchi jurnalist Hofiz Babali, shuningdek, "Ozodlik radiosi" jurnalisti va iqtisodchi Farid Mehralizoda 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar berdi "Kavkazskiy Uzel" nashri. Abzas Media muxbirlari Nargiz Absalamova va Elnara Gasimova 8 yilga, Abzas Media direktor o‘rinbosari Mahammad Kekalov esa 7 yil-u 6 oyga qamalgan.

Jurnalistlarga turli moddalar – «kontrabanda», «soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash» va «jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mulkni qonuniylashtirish» bo‘yicha ayblov qo‘yildi, deb xabar beradi "Nastoyashcheye Vremya" telekanali.

Jurnalistlarning barchasi o‘z ayblarini inkor etib, bu ishni siyosiy motivga ega deb atadi. "Ozodlik" muxbiri Mehralizodaga qo‘yilgan ayblovlarni yolg‘on deb baholadi va uni oilasi bilan birlashtirishda yordam so‘radi.

Mavzuga oid