Jahon | 14:48
6911
4 daqiqa o‘qiladi

CNN: Tramp yopiq uchrashuvda Putinga «Moskvani bombalash» bilan tahdid qilgani haqida gapirib bergan

Foto: CNN

Donald Tramp 2024 yilda o‘z saylovoldi kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish bo‘yicha yopiq tadbirlardan birida Vladimir Putinga Ukrainaga hujum qilingan taqdirda «Moskvaga bomba yog‘dirish» bilan tahdid qilgani haqida gapirib bergan, deyiladi CNN xabarida.

Telekanal Trampning 2024 yil mayida, saylovoldi kampaniyasi donorlari uchun o‘tkazilgan tadbiridan audioyozuvni e’lon qildi. Bu materiallar Trampning Oq uyga qaytishi haqidagi «2024» kitobi mualliflari hisoblangan Josh Dousi, Tayler Peyjyer va Ayzek Arnsdorfning ixtiyoriga kelib tushgan. Ular prezident gaplarining bir qismini kitobda tasvirlashgan. Audioyozuv bungacha e’lon qilinmagandi. Trampning vakillari bu gaplar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

«Men Putinga aytdim: „Agar sen Ukrainaga kiradigan bo‘lsang, men Moskvaga bomba yog‘diraman. Senga aytaman – menda boshqa tanlov yo‘q“», – degan Tramp audioda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin bunga ishonmasligini aytgan. Shu bilan birga, Putin «10 foizga» ishonganiga Trampning ishonchi komil.

Keyinroq Tramp Xitoy raisi Si Jinpingni Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi ehtimoli haqida xuddi shu tarzda ogohlantirgani va AQSh bunga javoban Pekinni bombardimon qilishini aytganini ham eslagan.

«U meni aqldan ozgan deb o‘yladi. Chunki oramizda hech qanday muammo yo‘q edi. U ham ishonmadi – ammo baribir 10 foizga ishongan. 10 foiz esa – kerakli daraja. To‘g‘risini aytsam, 5 foiz ham yetarli bo‘lardi», – degan Tramp.

Tramp, Putin va Si o‘rtasidagi bu suhbatlar aynan qachon bo‘lganini audio va CNN xabaridan aniq bilib bo‘lmaydi. Telekanalning qayd etishicha, Tramp agar o‘sha paytda (2022 yil fevralida) AQSh prezidenti bo‘lganida, Ukraina va G‘azodagi urushga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishini aytish uchun oldingi prezidentligi davrida Rossiya va Xitoy yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlariga ishora qilgan.

Boshqa yozuvlarda Tramp boy homiylarni uning kampaniyasi uchun o‘nlab million dollar xayriya qilishga majbur qilgani, shuningdek, uning ma’muriyati norozilik bildirgan talabalarni qanday deportatsiya qilishi haqida maqtanib gapirgan.

Saylovoldi kampaniyasi davrida Donald Tramp bir necha bor AQSh prezidenti bo‘lishi bilanoq, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni «24 soat ichida» yakunlashni va’da qilgandi. Keyinroq u xato qilganini tan oldi.

AQSh joriy yil fevrali o‘rtalaridan urushni yakunlash maqsadida RF va Ukraina bilan alohida muzokaralar o‘tkazishga kirishdi, ammo o‘tgan vaqt ichida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga yaqinlasha olmadi.

So‘nggi vaqtlarda Tramp bir necha marta Putindan «norozi»ligi va Rossiya-Ukraina urushini hal qilish bo‘yicha tinchlik muzokaralarida oldinga siljish yo‘qligidan «hafsalasi pir» bo‘lganini aytdi. AQSh rahbari Rossiya prezidenti harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyor emas deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid