Jahon | 20:09 / 09.07.2025
2872
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putinga nisbatan ritorikasini keskinlashtirmoqda, Kreml bunga «bosiqlik» bilan qaramoqda

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Vashington bilan muloqotni davom ettirish va munosabatlarni tiklash niyatida hamda qurol-yarog‘ yetkazib berish qayta tiklanganiga qaramay, Amerika ma’muriyati mojaroni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishiga umid qilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin manziliga yana bir bor tanqidli so‘zlar aytdi.

Jurnalistlar bilan suhbat asnosida Tramp navbatdagi marta Rossiya-Ukraina urushida har kuni bir necha ming kishi halok bo‘layotganini ta’kidlab, buni to‘xtatish lozimligini qayd etdi – shu bilan birga, AQSh prezidenti buning uchun Putin tomonidan hech qanday ish qilinmayotganidan shikoyat qildi. «Biz Putindan faqat behuda gaplarni eshityapmiz. U doimo juda xushmuomala, ammo oxir-oqibat bundan hech qanday foyda bo‘lmayapti», – dedi Tramp va Rossiya prezidentidan «noroziligi»ni qo‘shimcha qildi.

Tramp Rossiya bilan savdo qiluvchi va shu bilan birga Ukrainaga yordam bermaydigan mamlakatlarning barcha mahsulotlariga 500 foiz miqdorida Amerika bojlarini joriy etishni nazarda tutadigan yangi qat’iy sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ham «juda jiddiy» yondashayotganini qayd etgan. AQSh Senati qonun loyihasini ko‘rib chiqishni 9 iyul kuniyoq ko‘rib chiqishni boshlashi kutilmoqda, 100 senatordan 80 nafari hujjatni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Bir oycha oldin OAV Oq uy qonun loyihasi mualliflaridan formulirovkani yumshatishni talab qilgani haqida yozgandi, ammo iyun oyi oxirida hujjat tashabbuskori Lindsi Grem Tramp qonun loyihasini qabul qilish masalasida «oldinga siljish» zaruratini ko‘rayotganini aytdi.

Tramp bir necha kun oldin ham Putinni keskin tarzda tanqid qilgandi – bu ularning so‘nggi telefon suhbatidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgandi. AQSh prezidenti tinchlik muzokaralarida oldinga siljish yo‘qligidan «hafsalasi pir bo‘lgani»ni, chunki Putin «to‘xtashni istamasligi va bu juda yomonligi» haqida gapirgandi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, o‘zaro telefon muloqotida Tramp «harbiy harakatlarni tezroq yakunlash» masalasini o‘rtaga tashlagan, Putin esa, garchi muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, Rossiya «mojaro sabablarini bartaraf etish maqsadlaridan chekinmasligi»ni ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugungi brifingda Kreml Trampning keskin ritorikasiga «xotirjam» munosabatda bo‘layotganini aytib o‘tdi. «Tramp, umuman olganda, qanday iboralarni ishlatishi va hokazolarda yetarlicha keskin uslubga ega», – dedi Kreml vakili. U Moskva Vashington bilan muloqot davom ettirilishi va «ancha buzilgan ikki tomonlama munosabatlarni tuzatish yo‘li»ga umid qilayotganini aytgan.

CNN telekanali 2024 yilda, AQShdagi prezidentlik saylovlaridan ancha oldin Tramp kampaniyasiga xayriya yig‘ish uchun o‘tkazilgan yopiq tadbirda yozib olingan audioni tarqatdi. Unda Tramp donorlarga bir safar (katta ehtimol bilan, o‘zining ilk prezidentlik muddati davrini nazarda tutgan) Putinga agar Ukrainaga bostirib kiradigan bo‘lsa, «Moskvaga bomba yog‘dirish» bilan tahdid qilgani haqida gapirgan.

«Men Putinga aytdim: „Agar sen Ukrainaga kiradigan bo‘lsang, men Moskvaga bomba yog‘diraman. Senga aytaman – menda boshqa tanlov yo‘q“», – degan Tramp audioda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin bunga ishonmasligini aytgan. Shu bilan birga, Putin «10 foizga» ishonganiga Trampning ishonchi komil. Xuddi shu so‘zlaridan keyin Tramp XXR raisi Si Jinpinga ham agar Xitoy Tayvanga bostirib kirgudek bo‘lsa, AQSh Pekinni bombalashi haqida shunday ogohlantirish bergani haqida gapirgan.

Bu ma’lumotga ham Kreml o‘ta vazminlik bilan munosabatda bo‘ldi. Peskov jurnalistlarga izoh olish uchun Oq uyga murojaat qilishni taklif qildi va yozuv soxta bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. «Ko‘pincha feyklar haqiqiy ma’lumotlarga qaraganda ancha ko‘p bo‘ladi va biz har doim u yoki bu yangiliklarni tahlil qilganda shunga asoslanamiz», – dedi Kreml vakili.

Mavzuga oid