Jahon | 22:34 / 09.07.2025
2300
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Putin Rossiya armiyasi yaqin oylarda Ukraina mudofaasini yorib o‘tishiga ishonmoqda

Donald Tramp esa so‘nggi kunlarda Putindan norozi ekanini bildirayotgan bo‘lsada, uni Ukrainani bosib olish rejasidan voz kechishga undaydigan hech qanday jiddiy chorani ko‘rmadi.

Foto: AP

Vladimir Putin Rossiya armiyasi Ukraina ustidan ustunlikka erishayotgani va jang maydonidagi vaziyat tez orada keskin o‘zgarishi mumkinligiga ishonadi. Donald Tramp esa so‘nggi kunlarda Putinning murosasizliklariga nisbatan norozilik bildirayotgan bo‘lsada, oxirgi yarim yil ichida uni Ukrainani bosib olish rejasidan voz kechishga undaydigan hech qanday jiddiy chorani ko‘rmadi: Ukrainaga katta harbiy yordam ko‘rsatmadi, Rossiyaga nisbatan kuchli sanksiyalar joriy etmadi va Moskvaning talablariga rozi bo‘lish yo‘lidan bormadi.

Putinning hisoblashicha, Ukraina mudofaasi yaqin oylarda qulaydi. Bu haqda The New York Times Kremlga yaqin ikki manbasiga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining hujumi jadallashgani bois Putin ayni vaqtda Ukraina tomonidan keng ko‘lamli yon bosishlarsiz jangovar harakatlarni to‘xtatish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasligiga ishonadi.

Manbalarning ta’kidlashicha, u Trampning sabri tugashi mumkinligiga tayyor bo‘lgan va yarim yildan beri davom etayotgan harakatsizlikdan keyin yangi sanksiyalar joriy etishi mumkinligini tushungan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Putin Tramp G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi uch yillik siyosiy blokadani buzib, muloqot o‘rnatganidan mamnun bo‘lsada, o‘zining asosiy maqsadi — Ukrainani taslim etish uchun ushbu munosabatlarni yomonlashtiradigan tavakkalchilikka tayyor. Shu bilan birga, gazeta suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Putin qachondir kelajakda urushni to‘xtatishga tayyor bo‘lganida, sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha Tramp bilan kelishib olishiga umid qiladi.

So‘nggi kunlarda Tramp Putinning pozitsiyasidan ochiqcha norozilik bildira boshladi. Uning aytishicha, Rossiya yetakchisi ko‘p «safsata» gaplarni gapiradi, «u doimo nihoyatda xushmuomala, ammo bularning barchasi oxir-oqibat hech qanday ma’no kasb etmaydi», degandi Tramp seshanba kuni. U fevral oyidan beri Putin bilan olti marotaba telefon orqali suhbatlashgan. Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etish imkoniyati to‘g‘risidagi savolga esa u «Men buni ko‘rib chiqyapman», degan.

Mavzuga oid