Jahon | 19:52 / 01.05.2025
3266
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda o‘rmonlarga o‘t qo‘yishda gumonlangan 18 kishi qo‘lga olindi

Mamlakatda o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Quddus atrofida joylashgan 2 ming gektardan ortiq maydon yonib ketdi.

Foto: Flash90

Isroil hukumati Quddus yaqinidagi o‘rmonlarga o‘q qo‘yishda gumonlangan 18 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri o‘t qo‘yayotgan joyida ushlangan. Shu bilan birga, The Times of Israel’ning mamlakat yong‘in-qutqaruv xizmatiga tayanib yozishicha, keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlar nima sababdan yuzaga kelgani hali aniq emas.

Yahudiy milliy jamg‘armasi («Karen Kayemet le-Israel) ma’lumotlariga ko‘ra, 30 aprel kuni ertalab boshlangan yong‘inlar hozirga qadar Quddus atrofidagi 2 ming gektarga yaqin yerni yakson qilgan. Beyt-Shemesh shahri yaqinida joylashgan «Kanada» milliy bog‘i deyarli butunlay yonib ketgan.

O‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlari davom etmoqda. Bir kun oldin yopilgan yo‘llar, jumladan, Shosse 1 ochib yuborilgan. Yong‘in tufayli kecha evakuatsiya qilingan aholi punktlarining ayrimlariga fuqarolarning qaytishiga ruxsat berilgan.

Isroil hukumati Italiya, Xorvatiya, Bolgariya, Gretsiya va Kiprdan yong‘inni o‘chirishda yordam so‘ragan. Xalqaro yordam mamlakatga 1 may kuni yetib kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid