Jahon | 20:14 / 27.06.2025
2726
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil qiruvchilari «Hizbulloh»ning Livan janubidagi obektiga zarbalar berdi

Isroil armiyasi bayonotida ta’kidlanishicha, Bufur tepaliklarida «Hizbulloh» o‘t ochish va mudofaani boshqarishda foydalanib kelgan infratuzilma yakson qilingan.

Foto: Creative Commons

Isroil qiruvchi samolyotlari Livan janubidagi Nabatiya shahri atrofiga zarbalar berdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa armiyasi (TsAXAL) ma’lum qildi.

Livan Milliy yangiliklar agentligining xabar berishicha, Isroil aviatsiyasi Ali at-Tahir o‘rmonli hududi, Kafartabnit tepaliklari va Yuqori Nabatiya tumaniga bir qator kuchli aviazarbalar bergan. Ta’kidlanishicha, kuchli portlashlar keltirib chiqaradigan vakuum raketalardan foydalanilgan.

Birinchi hujumdan taxminan 10 daqiqa o‘tib, Isroil samolyotlari xuddi shu manzillarga yana zarbalarni amalga oshirgan. Qurbonlar va yetkazilgan zarar to‘g‘risida hozircha ma’lumot yo‘q.

Isroil armiyasi bayonotida ta’kidlanishicha, Bufur tepaliklarida «Hizbulloh» o‘t ochish va mudofaani boshqarishda foydalanib kelgan infratuzilma yakson qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, obekt yirik yerosti loyihasi tarkibiga kirgan va butunlay ishdan chiqarilgan.

Bayonotda qayd etilishicha, TSAHAL «Hizbulloh»ning ushbu hududda terrorchilik infratuzilmasini tiklash yo‘lidagi urinishini aniqlagan va oldindan zarba bergan.

Isroil armiyasi mazkur obektning mavjud bo‘lishi va uni tiklashga urinish Isoril va Livan o‘rtasida erishilgan kelishuvni buzish hisoblanishini bildirgan.

Mavzuga oid