Jahon | 09:07
3273
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qiymati 40 mlrd yevrodan oshiq aktivlarni milliylashtirdi

Yuristlar xususiy aktivlarni musodara qilish yoki Rossiya Federatsiyasining doimiy boshqaruviga o‘tkazish bo‘yicha 102 ta holatni hisoblab chiqdi, ularning deyarli barchasi 2022-2025 yillarda sodir bo‘lgan. Musodara qilingan aktivlar miqdori Rossiya harbiy budjetining taxminan uchdan bir qismiga teng.

Foto: AP

So‘nggi yillarda Rossiya rasmiylari mulkdorlardan 3,9 trillion rubl (yoki taxminan 40,4 milliard yevro)lik mulkni musodara qilgan. Bu haqda The Moscow Times tomonidan o‘rganilgan «Nektorov, Savelev i partnery» (NSP) yuridik firmasining iyun oyi oxirida chop etilgan hisobotida aytiladi.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, milliylashtirilgan aktivlar miqdori Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushga yillik xarajatlarining taxminan uchdan bir qismiga teng, bu joriy yilda 13,5 trillion rublni tashkil etadi. Shuningdek, u «Rosneft»ning kapitallashuvi (4,3 trillion rubl), yillik federal budjet taqchilligi (3,8 trillion) va Milliy farovonlik jamg‘armasining likvid qismi (2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 4,1 trillion) bilan taqqoslanadi.

NSP hisobotida Rossiya va xorijiy xususiy mulkdorlarning aktivlarini milliylashtirishning 102 ta holati keltirilgan, ularning aksariyati 2022-2025 yillarda sodir bo‘lgan, bir nechta holatlar 2020-2021 yillarga tegishli.

Shu bilan birga, tahlilchilar mulkni xatlovga olish uchun turli xil vositalarni sanab o‘tdi. Xorijiy kompaniyalarning Rossiya biznesi xalqaro shartnomalar bilan musodara qilishdan himoyalangan, shuning uchun ular Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmonlari asosida Federal mulkni boshqarish agentligining doimiy boshqaruviga o‘tkaziladi. 2024 yilga kelib bunday kompaniyalar soni 9 tadan 16 taga ko‘paydi, deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid