Jahon | 08:11
7510
3 daqiqa o‘qiladi

Binyamin Netanyahu «yaroqsiz» ovqatdan zaharlandi

20 iyul kuni «yaroqsiz yoki buzilgan» oziq-ovqatdan zaharlangan Isroil bosh vaziriga ichak yallig‘lanishi tashxisi qo‘yildi. Netanyahu idorasi u 3 kun davomida davlat ishlarini «uyidan boshqarishini» bildirdi. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, bu Netanyahuga shu haftadagi sud tinglovlariga bormaslik imkonini beradi.

Binyamin Netanyaxu 2025 yil 3 iyun kuni Tel-Aviv tuman sudida so‘roq boshlanishidan avval / Foto: Times of Israel / Flash

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 20 iyul kuni «yaroqsiz yoki buzilgan» oziq-ovqatdan zaharlangach, ichak yallig‘lanishi bilan kasallandi. Bu haqda xabar bergan Isroil hukumati idorasiga ko‘ra, Netanyahu kelgusi uch kun davomida uyida dam oladi, biroq davlat ishlarini u yerdan turib davom ettiradi.

Bayonotga ko‘ra, 75 yoshli Netanyahu tunda o‘zini yomon his qilgan va shifokorlar tomonidan ichak yallig‘lanishi hamda suvsizlanish tashxisi qo‘yilgan. Unga tomir orqali suyuqlik yuborilmoqda.

«Shifokorlar ko‘rsatmasiga binoan, bosh vazir keyingi uch kunni uyida dam olib o‘tkazadi va davlat boshqaruvidagi faoliyatini uydan davom ettiradi», – deyiladi Netanyahu idorasi tarqatgan bayonotda.

Netanyahu shanba kuni kechasi o‘zini yomon his qilganidan so‘ng, Quddusdagi Xadasa universitet tibbiyot markazi professori Alon Xershko tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan va suvsizlanishga qarshi tomir orqali suyuqlik olgan.

Reuters nashrining qayd etishicha, 2023 yilda Netanyahuga yurak stimulyatori (elektr yurak ritmini tartibga soluvchi qurilma) o‘rnatilgan edi. O‘tgan yil dekabr oyida esa, siydik yo‘llari infeksiyasi aniqlangach, unga prostata bezi olib tashlash bo‘yicha operatsiya qilingan.

The Jerusalem Post nashriga ko‘ra, bosh vazir «davlat ishlarini uydan turib olib borishi» shuni anglatadiki, u dushanba va seshanba kunlarida belgilangan jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarida ishtirok eta olmaydi. Sud tinglovlari endi faqat sentabr oyida, sudlar ta’tildan qaytgach, davom ettiriladi.

Yakshanba kuni kechga borib, Binyamin Netanyahuning advokatlari suddan uning shu haftaga belgilangan guvohlik berish sessiyasini rasman bekor qilishni ham so‘ragan. Netanyahu jamoasi uning ko‘rsatmasini chorshanba kuniga ko‘chirishni taklif qildi. 

Mavzuga oid