Jahon | 12:05 / 23.08.2016
5500
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada Amerikaning RQM tizimini joylashtirish borasida so‘rov o‘tkazildi

© Flickr

Janubiy koreyaliklarning 54 foizi mamlakat hukumatining respublika hududida AQShning THAAD raketalarni urib tushiruvchi tizimini joylashtirish qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq, ko‘pchilik Xitoy bilan munosabatlar yomonlashuvidan xavotir bildirgan. 

Respublikada o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari shundan dalolat qilmoqda. Yonxap agentligining xabariga ko‘ra, "Asan" siyosatshunoslik instituti o‘tkazgan so‘rovda 19 yoshdan katta bo‘lgan 1000 kishi ishtirok etgan. 
Ularning 53,6 foizi THAAD rejasini ma'qullagan. So‘ralganlarning 36,6 foizi bu rejalarni ma'qullamagan. 

Janubiy Koreyada RQM tizimlarini o‘rnatish tarafdorlarining 69,9 foiziga ko‘ra, KXDR yadro va raketa tahdidlariga qarshi THAAD tizimlarini joylashtirish lozim. 12,9 foizi  AQSh bilan harbiy hamkorlik ham muhimligini ta'kidlashgan. 7,8 foiz kishi esa, shunchaki hukumatga ishongani sabab, raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirish rejasini ma'qullashini bildirgan. 

Yonxap agentligiga ko‘ra, so‘ralganlarning 71,8 foizi Xitoy javob choralari ko‘rishi mumkinligini aytishgan. 

Koreya hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, THAAD tizimini 2017-yil oxirigacha Janubiy Koreya hududida o‘rnatish rejalashtirilgan. 
 

Mavzuga oid