Sport | 11:20 / 28.05.2017
4326
5 daqiqa o‘qiladi

Rafael Nadal o‘ninchi sovrin sari: Fransiyada «Rolan Garros» turniri boshlanmoqda

Foto: AFP

Fransiya poytaxti Parij shahrida bugun, 28 may kuni «Katta Dubulg‘a» turkumiga kiruvchi, yilning to‘rtta yirik turniridan biri «Rolan Garros» musobaqasining asosiy tur bahslariga start beriladi. Turnirning sovrin jamg‘armasi 2017 yilda o‘tgan yildagiga nisbatan 12 foizga oshgan va 36 million yevroni tashkil etadi.

«Rolan Garros» Parijdagi qumli kortlarda 11 iyun kuniga qadar davom etadi. Ushbu turnir grunt kortlarda kuchliroq ishtirok etadigan tennischilar uchun kulminatsiya bosqichidir. Bunday turnirlarda ispaniyalik tennischi Rafael Nadalga teng keladigan raqib topilmaydi, u shu vaqtgacha 9 marta «Rolan Garros» g‘olibi bo‘lgan.

Nadalni qanday to‘xtatish mumkin?
Nadal «Rolan Garros»gacha ham bir necha jiddiy g‘alabalar qayd etdi. U Monte-Karloda o‘tkazilgan «Masters»da faoliyatidagi o‘ninchi g‘alabani nishonladi, Barselonadagi turnirda ham unga teng keladigani topilmadi, Madrida «Masters»ida ham u g‘olib bo‘ldi. U bu mavsumda qumli kortlarda o‘tkazilgan bahslarda yagona mag‘lubiyatni Rimdagi «Masters»da qayd etdi, avstriyalik Dominik Tim uni yengishga muvaffaq bo‘ldi.

«Rolan Garros»ga tayyorgarlik jarayoni ko‘ngildagidek kechdi, uning natijalari muxlislarini xursand qilmasligi mumkin emas, u Madriddagi turnir yarim finalida eng noqulay raqibi Novak Jokovichdan ustun keldi. Parijda jahonning sobiq birinchi raketkasi bilan u finalga qadar ham to‘qnash kelishi mumkin.

Ispaniyalik tennischining bahorgi o‘yinlari shuni ko‘rsatdiki, u «Rolan Garros»da asosiy favorit hisoblanadi va u faoliyatida o‘ninchi marta ushbu turnirda g‘olib bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda unga sport formasi yuqori bo‘lgan Dominik Tim va germaniyalik Aleksandr Zverev jiddiy raqiblik qilishi mumkin.

Federersiz zerikarli bo‘lmaydimi?
2009 yilda Fransiya ochiq chempionati g‘olibi bo‘lgan Rojyer Federer bu yilgi turnirda ishtirok etmaslikka qaror qildi. Bu mavsumda qattiq kortlarda ketma-ket g‘alabalar qozongan (Australian Open, Indian-Uells, Mayami) shveysariyalik tennischi qumli kortlarda o‘tkazilgan turnirlarni o‘tkazib yubordi. Uning uchun qumli kortlardagi turnirlar hamisha noqulay kelgan, o‘zi uchun sevimli bo‘lgan Uimbldon turniriga tayyorgarlik ko‘radi. Avgust oyida 36 yoshni qarshilaydigan tennischining bu qarorini to‘g‘ri tushunish mumkin.

Federer bo‘lmasada, bu turnirda o‘zini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yana bir qator nomlar bor. Jahonning birinchi raqamli tennischisi Endi Marrey hali «Rolan Garros»da hali zafar quchmagan, shveysariyalik Stanistas Vavrinka esa Parijda yana bir bor g‘olib bo‘lishi mumkin.

Sharapova va Serena Uilyams qatnashmaydi
Bir necha yillar avval Mariya Sharapova va Serena Uilyams Parij kortlaridagi turnirga kelmasligini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Fransiya tennis federatsiyasi prezidenti Bernar Judichelli may oyida ma'lum qildiki, «Rolan Garros»ning ikki karra g‘olibi, rossiyalik tennischi Mariya Sharapova bu yilgi turnirda diskvalifikatsiyadan qaytganiga qaramasdan wild card ololmagani uchun qatnashmasligi haqida ma'lum qildi. Lekin unda ruxsatnoma bo‘lganida ham qatnasha olmasdi, u Rimdagi turnirda xorvatiyalik Miryana Luchich-Baroniga qarshi bahs vaqtida belidan jarohat oldi.

Yana bir jahonning sobiq birinchi raqamli raketkasi Serena Uilyams ham «Rolan Garros»ni o‘tkazib yuboradi. U avvalroq homiladorligi tufayli bu yilgi turnirlarda ishtirok etmasligini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid