Jahon | 11:43 / 05.06.2022
34490
13 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi eng yirik kema halokati: 852 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa qanday sodir bo‘lgandi?

1994 yilda Boltiq dengizida ekipaj a’zolari bilan birga qariyb ming kishi bo‘lgan parom halokatga uchraydi. Oqibatda u cho‘kib ketadi. Paromda bo‘lganlarning faqat 138 nafarini qutqarib qolishadi.

Tarixda dengiz flotlari bilan bog‘liq ko‘plab halokatlar sodir bo‘lgan va ularda minglab odamlar halok bo‘lgan. Shu jumladan, kemalar ancha takomillashgan va mukammal qilib qurilgan XX asrda ham. Ana shunday halokatlardan biri 1994 yilda Boltiq dengizida sodir bo‘ladi.

1994 yil 28 sentabr kuni 186 nafar ekipaj a’zosi va 803 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan Estoniyaga tegishli «Estonia» paromi Tallindan Shvetsiya poytaxti Stokholmga ketayotganda halokatga uchraydi. Oqibatda parom Boltiq dengiziga cho‘kib ketadi. Hodisada 138 kishi tirik qoladi. Qolganlar halok bo‘ladi.

Qutqaruvchilar tomonidan suvdan olib chiqqan insonlarning aksariyati halok bo‘lgandi. Shuningdek, noqulay ob-havo tufayli ko‘pchilikning jasadini topishning imkoniyati bo‘lmaydi. O‘shanda jami 852 kishi halok bo‘ladi va bedarak yo‘qoladi.

«Estonia» paromi

«Estonia» paromi 1980 yilda Shvetsiyaning «Viking Line» kompaniyasi buyurtmasi asosida yasalib suvga tushirilgan va «Viking Sally» nomi berilgan. 1986 yilda parom Finlandiyaning «Silja Line» kompaniyasiga sotilgach, nomi «Silja Star» deb o‘zgartiriladi. 1991 yilga kelib paromga «Wasa Line» kompaniyasi egalik qila boshlaydi.

1993 yilda Shvetsiyaning «Nordström & Thulin» va Estoniyaning «Estonian Shipping Company» davlat kompaniyasi hamkorlikda paromni sotib olishadi va nomini «Estonia» deb o‘zgartirishadi.

Foto: sindonews 

Paromning uzunligi 157 metr, eni 24,2 metr bo‘lib, u turli yuklarni tashishga moslashgan, bundan tashqari 1190 nafar yo‘lovchi o‘rniga ham ega bo‘lgan.

1994 yil 27 sentabr kechki payt parom Tallin portidan Stokholmga qarab yo‘lga chiqadi. Katta tezlikda harakatlangan parom yarim tunda o‘zi bilan oldinma keyin ketayotgan Finlandiyaning Mariella paromi radarlaridan yo‘qolib qoladi.

Shundan so‘ng Mariella paromi ekipaj komandiri qirg‘oq qutqaruv xizmati bilan bog‘lanib, «Estonia» paromining halokatga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar beradi.

«Estonia» paromi haqiqatdan halokatga uchragandi va u soat 00:55-01:50 oralig‘ida dengiz tubiga cho‘kib ketadi. Paromda bo‘lgan yo‘lovchilar bu paytda o‘z kayutalarida uxlayotgani sababli, ularning aksariyati nima bo‘layotganini anglab yetguncha parom cho‘kib bo‘lgandi.

Halokat va uning sabablari

«Estonia» paromi Tallin portidan mahalliy vaqt bilan soat 19:15 da yo‘lga chiqadi. O‘sha paytda Boltiq dengizida shamolning tezligi kuchaygan va bo‘ron boshlanishi arafasida bo‘lgan.

Foto: wikipedia.org

«Estonia» Tallin portidan 135 kilometr masofani suzib o‘tganda bo‘ron boshlanadi. Shamolning tezligi soatiga 90 kilometrga yetadi va to‘lqinlar paromni qattiq silkita boshlaydi. Oqibatda uning tumshuq qismida joylashgan, turli transport vositalarining paromga chiqishida asqatadigan 50 tonnalik temir «ko‘prik» (Apparel) uzilib ketadi.

Shundan so‘ng «Estonia» tubiga suv kira boshlaydi. Biroz o‘tib parom o‘ng tomonga 15 darajaga og‘adi. Shunda uning ichiga suv kirishi yanada tezlashadi. Oradan yarim soat o‘tgach «Estonia» 90 daraja og‘ib qoladi va uning o‘ng tomoni batamom suvga botadi.

Soat 01:40 larga borib parom butunlay suvga to‘ladi va cho‘ka boshlaydi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib «Estonia» 70 metr chuqurlikka cho‘kib bo‘lgan edi. Paromda bo‘lgan odamlarning asosiy qismi o‘z kayutalaridan chiqishga ulgurmay, cho‘kib ketadi.

Soat 02:12 da hodisa yuz bergan joyga finlarning «Mariella» paromi yetib keladi va suv yuzasida qolganlarni qutqara boshlaydi. Soat 03:00 da «Estonia» cho‘kkan joyga Finlandiya va Shvetsiyaga tegishli bir nechta vertolyot yetib keladi va ular ham qutqaruv ishlarini boshlab yuboradi. O‘sha paytda qorong‘ida imkoniyatlar cheklangan, suv yuzasida qolgan barchani qutqarish imkonsiz edi. Shu sababli suv yuzasida qolgan odamlarning bir qismi kuchli shamol va muzday suvga dosh bera olmay, cho‘kib ketishadi.

Qutqaruv ishlariga «Mariella» va fin vertolyotlardan tashqari yaqin orada suzib ketayotgan bir nechta turli davlatlarga tegishli kemalar yetib keladi. O‘shanda hodisa joyiga Shvetsiyaning 13 ta, Finlandiyaning 12 ta, Daniyaning 2 ta va Rossiyaning 1 ta vertolyoti keladi.

Ular suv yuzasida qolgan odamlarni qutqarishda ishtirok etadi. Ammo kuchli shamol va bo‘ron qutqaruv ishlarini juda qiyinlashtirib yuboradi. Shunday bo‘lsa ham «Mariella kemasi 38 kishini, fin vertolyotlari 49 kishini, shved vertolyotlari 50 kishini qutqaradi.

O‘shanda «Estonia» paromida bo‘lgan 186 nafar ekipaj a’zosi va 803 nafar yo‘lovchidan bor-yo‘g‘i 138 kishi tirik qoladi. Ulardan 94 nafari yo‘lovchi, 43 nafari ekipaj a’zolari bo‘lgan. Qolgan 851 nafar odam halok bo‘ladi. Bir necha kun o‘tib qutqarilganlardan biri shifoxonada vafot etadi. Shu tariqa halok bo‘lganlar soni 852 nafarga yetadi.

Halok bo‘lganlardan 757 nafar odam bedarak ketadi. 95 kishining jasadini topishga muvaffaq bo‘lishadi. Halok bo‘lganlar orasida jami 17 ta davlat fuqarolari bo‘lgan, ularning eng ko‘pi Shvetsiya fuqarolari edi – 501 nafar. 285 nafar Estoniya fuqarolari, qolganlar dunyoning turli davlatlaridan edi.

Halok bo‘lganlar orasida bir qator mashhur shaxslar ham bo‘lgan. Jumladan, estoniyalik qo‘shiqchi Urmas Alendarning jasadi topilmagan. Shvetsiyalik qo‘shiqchi Per Isakssonni esa vataniga olib borib dafn etishgan.

Paromdagilarning bir qismi cho‘kish oqibatida, yana bir qismi esa turli jarohatlar olib halok bo‘ladi.

Keyinchalik, Finlandiyaning Utyo orolida qutqarilganlarga yordam ko‘rsatish ishlarida qatnashgan fin armiyasining zobiti shunday eslagandi:

«Ilk qutqaruvchi vertolyot odamlarni olib kelganda ularning orasida faqat uch kishi tirik edi. Uchta vertolyot olib kelgan 97 kishidan 23 nafari tirik, 64 nafari halok bo‘lgan edi. Ish boshlagan paytingda yuzlab issiq kiyim, yuzlab yotoq joy tayyorlab turish kerakligini o‘ylasang-da, ularning o‘rniga yuzlab tobutlar kerak bo‘lsa, buni ko‘rishdan ortiq azob yo‘q».

Hodisa yuzasidan surishtiruvlar

1994 yil noyabr oyida «Estonia» paromining boshqaruv punkti hodisa sabablarini chuqurroq o‘rganish maqsadida maxsus robot yordamida suv yuzasiga olib chiqiladi.

Foto: yaplakal.com

O‘sha yili dekabr oyida Norvegiyaning suv ostida tadqiqotlar olib boruvchi kompaniyasi paromning dengiz tubida qolgan qismini o‘rgana boshlaydi. Ularning vazifasi paromda bo‘lgan kompyuterni topib halokatni o‘rganayotgan komissiyaga topshirish edi. Ammo ular kompyuterni topa olishmaydi.

Parom cho‘kkan joy Boltiq dengizining Finlandiya hududiga yaqin qismida edi. Fin hukumati paromning qoldiqlarini suv yuzasiga olib chiqishga ruxsat bermaydi. Paromdagi kompyuterning topilmasligi, Finlandiyaning uni suv yuzasiga olib chiqishga ruxsat bermasligi OAVda turli mish-mishlarga yo‘g‘rilgan xabarlarning e’lon qilinishiga sabab bo‘ladi. Jumladan, paromning ost qismi portlatib teshilgan degan, taxminlar ham ilgari suriladi.

Estoniya, Finlandiya va Shvetsiyalik mutaxassislardan iborat komissiya parom halokatiga noqulay ob-havo va uning oqibatida paromning tumshug‘idagi qopqoqning uzilib ketishi sabab bo‘lgan, deb topishadi.

Yangi dalillar

2020 yil 28 sentabr kuni Discovery telekanalida «Estonia»: barchasini o‘zgartiruvchi topilma» nomi bilan hujjatli film efirga uzatiladi. Hujjatli filmni tasvirga olgan guruh parom qoldiqlarini suratga olish uchun dengiz tubiga tushganda uning ost qismida 4 metrli teshikni ko‘rib qolishadi. Avvalroq halokat sabablarini o‘rgangan komissiya xulosasida bu teshik haqida hech narsa deyilmagandi.

Filmni ko‘rgan mutaxassislar paromning ostidagi teshik portlash natijasida emas, uning tumshuq qismidagi qopqoqning uzilib ketishi oqibatida paydo bo‘lganini va unga suv shu yerdan kirganini aytishadi.

Mutaxassislar bilan teshikning paydo bo‘lishi sabablarini muhokama qilgan suratga olish guruhi parom bortidagi portlash uning korpusiga bunday zarar yetkazishi mumkin emas, degan xulosaga keladi.

Norvegiya harbiy-dengiz kuchlari kapitani, portlovchi moddalarning kemalarga ta’sirini o‘rgangan harbiy-dengiz maktabi o‘qituvchisi Frank Burrsen «Estonia» paromi halokatidan olingan kadrlarni ko‘rgandan so‘ng, u yerda portlash ehtimoli yo‘qligini aytgan.

Paromda qurol-yarog‘ tashilganmi?

«Estonia» paromi juda katta bo‘lgan va unda turli yuklar bilan birga qurol-yarog‘ ham tashilgan. Shvetsiya bojxona xizmatining sobiq xodimi parom halokatga uchragan kuni unga ikkita yuk mashinasida maxfiy yuklar olib kelib yuklangani va ular qurol-yarog‘ bo‘lganini aytgan.

Keyinchalik, Shvetsiya Estoniyadan sovet davridan qolgan eski qurol-yarog‘larni sotib olgani va ma’lum qismini «Estonia» paromi orqali tashigani aniqlanadi.

Shuningdek, parom halokatga uchragan kuni uning bortida davlat raqami bo‘lmagan sakkizta maxsus transport vositasi borligi ma’lum bo‘ladi.

Garchi o‘shanda «Estonia» bortida harbiy yuklar bo‘lgan bo‘lsa-da, halokatga ular sabab bo‘lgani haqida hech qanday dalil topilmaydi.

Halokatdan keyingi mojarolar

Paromning halokatga uchrashi sabablarini komissiya o‘rganayotgan paytda halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarning yaqinlari uning ishidan qoniqmayotganlarini aytib chiqishadi.

1998 yilda komissiyaning yakuniy xulosasi e’lon qilinadi. Ana shunda «Shimoliy mamlakatlar transport ishchilari kasaba uyushmalari tashkiloti» Stokholmda konferensiya o‘tkazadi. Ana shu konferensiyada «Estonia» paromining halokati sabablarini o‘rgangan komissiya xulosasi keskin tanqid qilinadi.

Ularga ko‘ra, halokat sabablari to‘liq o‘rganilmagan holda yakuniy xulosa berilgan.

2000 yil may oyida halokatda halok bo‘lganlar va bedarak ketganlarning yaqinlari matbuot anjumani o‘tkazishadi va unda ham asosan komissiyaning ishi tanqid qilinadi.

Shundan so‘ng Estoniya paromining halokati yuzasidan ko‘plab shubhalar bildiriladi, bahslar bo‘lib o‘tadi. 2016 yil oktyabr oyida halokatda halok bo‘lganlarning yaqinlari Estoniya bosh vaziriga halokat sabablarini qaytadan o‘rganish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishadi. Bosh vazir ularga javob bermaydi.

2019 yil oktyabr oyida Tallin ma’muriy sudi Estoniya hukumati zimmasiga halokatda halok bo‘lganlarning yaqinlari topshirgan arizani qabul qilish tug‘risida qaror chiqaradi.

Ko‘plab bahs va munozaralarga qaramasdan halokatda vafot etganlar va bedarak yo‘qolganlarning oila a’zolariga tovon to‘lanmaydi.

Parom halokatida vafot etganlarning oila a’zolari hanuzgacha hodisada rasmiylarni ayblab kelishadi. Rasmiylar esa halokatga kuchli shamol va noqulay ob-havo sabab bo‘lganini aytib kelishadi.

Estoniya paromining halokatiga bag‘ishlab ko‘plab yodgorliklar o‘rnatilgan. Hujjatli filmlar suratga olingan, qo‘shiqlar kuylangan, ko‘plab kitoblar, maqolalar yozilgan.

«Estonia» paromining halokati tinch davrlarda Yevropada sodir bo‘lgan eng yirik dengiz halokati hisoblanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid