Jahon | 17:34 / 27.04.2025
6739
3 daqiqa o‘qiladi

FXX rossiyalik generalni portlatishda gumonlangan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qildi

U so‘roq davomida portlashni Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirganini tan olgan.

Foto: Videodan kadr

Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalikni o‘ldirishda gumonlangan shaxsni qo‘lga oldi.

Gap 42 yoshli Ignat Kuzin haqida ketmoqda, FXX uni «Ukraina maxsus xizmatlari agenti» deb atamoqda. Versiyalarga ko‘ra, u Volkswagen Golf mashinasiga «Ukraina maxsus xizmatlariga tegishli Moskva oblastidagi maxfiy joydan olingan qo‘lbola portlovchi qurilmani o‘rnatgan». 25 aprel kuni Moskalik pod’yezddan chiqqanida Ukraina maxsus xizmatlari uni masofadan turtib harakatga keltirgan. General-leytenant hodisa joyida halok bo‘lgan.

FXXning ta’kidlashicha, Kuzin Ukrainada yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan. U terakt va noqonuniy portlovchi moddalar saqlashga oid jinoyat ishi doirasida so‘roq qilinish uchun Tergov qo‘mitasiga olib borilgan. Kuzin umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. TASS manbalarining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi Istanbulda, «Moskvadan uchib kelganida» ushlangan. Uning Rossiyaga qaytarilishi qanday tashkil etilganiga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, FXX Kuzinning so‘roq qilinish jarayonidan kadrlar e’lon qilgan. Videoda u Kiyev oblastida 2023 yil aprel oyida Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan og‘dirib olinganini tan olgan va «Vadim ismli kurator»ning topshirig‘i bilan Moskvaga kelganini aytgan. Kuzinning ta’kidlashicha, shundan so‘ng unga maxfiy joy koordinalari berilgan va gumonlanuvchi u yerdan kuzatuv kamerasi hamda avtomobilga o‘rnatish uchun bombani olgan. Mashinani esa uning so‘zlariga ko‘ra, aynan kurator — Ukraina hududidan turib portlatgan.

«Vot Tak» nashrining aniqlashicha, Kuzin Rossiyada tug‘ilgan, ammo uzoq vaqt Ukrainada yashagan. Mash’ning yozishicha, 2014 yildan keyin Kuzin muntazam ravishda Rossiyaga ishlash uchun kelgan, Mariupoldagi «Azovstal» zavodida ishlagan.

Moskalikning o‘limiga sabab bo‘lgan Volkswagen Golf 25 aprel kuni ertalab Moskva yaqinidagi Balashixa shahrida portlab ketgandi. General Rossiya armiyasida qariyb 40 yildan beri xizmat qilib kelayotgandi. 2015 yilda u «normand formati» doirasida Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etgan, shuningdek, Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyalariga bog‘liq mavzularda spiker bo‘lgan.

Mavzuga oid