Tramp milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasi bilan yig‘ilish o‘tkazdi
CBS News muxbirining so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Isroilning Eronga zarbalariga qo‘shilish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda, ammo uning maslahatchilari o‘rtasida «birlik» yo‘q. NYT yozishicha, Eron Amerika bazalariga zarba berish uchun raketalarni tayyorlagan.

Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari o‘rtasida Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv bir soatdan ko‘proq vaqtdan so‘ng yakuniga yetdi. Bu haqda 17 iyun, seshanba kuni CNN telekanali AQSh ma’muriyatidagi yuqori martabali manbaga tayanib xabar berdi. Telekanal Tramp Isroilning Eronga zarbalariga qo‘shilish g‘oyasini ko‘rib chiqayotganini taxmin qilmoqda.
AQSh prezidenti bu imkoniyatni baholayotgani haqida X ijtimoiy tarmog‘ida CBS News'ning Oq uy muxbiri Sara Kuk ham yozgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning maslahatchilari o‘rtasida bu borada «birlik yo‘q».
CNN shuningdek, so‘nggi bir necha kun ichida AQSh Yaqin Sharqqa 30 dan ortiq samolyotlarini joylashtirganini ta’kidlaydi. Telekanal manbalarining fikricha, Tramp AQSh harbiy-havo kuchlariga Eronga zarba berayotgan Isroil qiruvchilariga yonilg‘i quyishda yordam berishni buyurishi mumkin.
Ayni paytda The New York Times gazetasi AQSh razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, agar AQSh Isroil harbiy amaliyotiga qo‘shilsa va Eronning Fordodagi yerosti yadroviy inshootiga zarba bersa, Eron AQShning Yaqin Sharqdagi bazalariga zarba berish uchun «raketa va boshqa qurollar» tayyorlab qo‘yganini yozdi. Vashington, shuningdek, bu holatda Yaman husiychilari Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni davom ettirishidan, Iroq va Suriyadagi eronparast jangchilar esa u yerda joylashgan AQSh bazalariga hujum qilishidan xavotirda, deyiladi NYT maqolasida.