Jahon | 14:36 / 10.07.2025
1211
2 daqiqa o‘qiladi

Kansler Mers Germaniyaning NATOda yetakchi bo‘lishini xohlayapti

70 yil oldin Germaniya Federativ Respublikasi NATOga a’zo bo‘ldi. Yangi hukumat Germaniya bundan buyon ittifoqda faolroq rol o‘ynashi kerak, deb hisoblaydi.

Foto: Markus Schreiber/AP/picture alliance

Germaniya kansleri Fridrix Mers Germaniyaning alyansda yetakchi rol o‘ynash istagini tasdiqladi. «Kelgusi yillarda biz NATOning Yevropa ustunini mustahkamlashda yetakchi rol o‘ynaymiz», dedi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) raisi 9 iyul, chorshanba kuni Berlinda Germaniya Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda.

Mers uning hukumati Bundesverni Yevropa Ittifoqidagi eng qudratli armiyaga aylantirish uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslardan foydalanishiga va’da berdi, «bu bizning kattaligimiz va iqtisodiy qudratimizga mos keladi va ittifoqchilarimiz bizdan haqli ravishda buni kutyapti».

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham xuddi shunday fikrda. «Bizning ittifoqimiz muvaffaqiyatli qolishi uchun yevropaliklar ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. Germaniya bu borada birinchi o‘rinda turadi», — deya ta’kidladi u. Vazirning qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushi NATO ahamiyati haqidagi barcha savollarni olib tashlagan. «Kollektiv mudofaa yana bir bor birinchi o‘ringa chiqdi va agar kerak bo‘lsa, biz NATO hududining har bir santimetrini birgalikda himoya qilamiz», deb ishontirdi u.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Germaniyaning mudofaa xarajatlarini oshirganini olqishladi va Berlinning Yevropadagi yetakchilik bo‘yicha taklifini minnatdorchilik bilan qabul qildi. «Germaniya ittifoqimizning harakatlantiruvchi kuchi. Bizga uning yetakchiligi va qat’iy harakati kerak», — dedi u.

Mavzuga oid